Top.Mail.Ru
Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi

Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi

14:13 / 21.10.2026 5.98k

Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yagona davlat siyosati yuritiladi. 

Shuningdek, ta’limga oid hujjatlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, sohada strategik tadqiqotlar olib borish va boshqaruv samaradorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-oktabrdagi “Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-380-sonli qarori bilan Ta’lim va ilm-fan tizimini boshqarishning yangi tartibi belgilandi. Xalqtaliminfo.uz qaror mazmuni bilan tanishdi.

Vazirlik tizimida qaysi tashkilotlar bo‘ladi?


Qaror bilan Ta’lim va ilm-fan vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish dasturi va vazirlikning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Tuzilmada davlat oliy ta’lim muassasalari, Kasbiy ta’lim agentligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Bilim va malakalarni baholash agentligini ko‘rish mumkin.


Tashkiliy tuzilmada hududiy boshqaruv bo‘g‘inlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ta’lim boshqarmalari, tuman va shahar ta’lim bo‘limlari ham nazarda tutilgan. 

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyatini to‘liq tugatib, uning barcha vakolat va funksiyalari Bilim va malakalarni baholash agentligiga o‘tkazildi. Endilikda Bilim va malakalarni baholash materiallarini ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishda yagona tashkilot hisoblanadi.


Qarorga ko‘ra, vazirlik avvalgi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi joylashgan Toshkent shahri Olmazor tumani, Universitet ko‘chasi, 7-uy manzilidagi binoga joylashtiriladi. 


Shuningdek, sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi joylashgan Toshkent shahri Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 2a-uy manzilidagi binoga vazirlik taqsimotiga muvofiq tizim tashkilotlari joylashtiriladi.


Vazirlik va uning huzuridagi agentliklar to‘g‘risidagi nizomlar loyihalari ikki oy muddatda tayyorlanadi. Uch oy muddatda esa qonunchilik hujjatlariga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.


Qarorga ko‘ra, vazirlik markaziy apparati tarkibida Raqamli transformatsiya va axborot siyosati, Moliya, infratuzilma va resurslar, shuningdek, Tarbiya, bolalar huquqini himoya qilish va xavfsiz muhitni ta’minlash departamentlari tashkil etiladi. Ushbu departamentlar rahbarlari tegishli vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Vazirlik tizimidagi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni esa 5 364 ta etib belgilandi.


Vazirlik tizimidagi ayrim tashkilotlar uchun quyidagi shtat birliklari belgilandi:


  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi — 84 ta;


  • Kasbiy ta’lim agentligi va uning hududiy bo‘linmalari — 193 ta;


  • Innovatsion rivojlanish agentligi — 86 ta;


  • Bilim va malakalarni baholash agentligi — 172 ta.


Qaror bilan ta’lim va ilm-fan vaziriga vazirlik tizimidagi tashkilotlarning tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish vakolati berildi.


Shuningdek, ustuvor dastur va loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan, tasarrufidagi jamg‘armalar hisobidan loyiha ofislarini tashkil etish, ularning vazifalari va tuzilmasini belgilash mumkin.


Vazirlik mahalliy va xorijiy mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilishi, konsalting, ekspertlik, tahliliy xizmatlar hamda ta’lim menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish xizmatlarini belgilangan tartibda xarid qilishi mumkin.


Bundan tashqari, ayrim funksiyalar va xizmatlar, jumladan, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalarida belgilangan ayrim vazifalar ham shartnoma asosida yoki autsorsing orqali amalga oshirilishi mumkin.


Qaror bilan vazirlik markaziy apparatini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish uchun 2027-yil 1-fevralga qadar istisno tariqasida tanlovsiz ishga qabul qilish imkoniyati ham berildi.


Vazirlikda jamoatchilik kengashi tuziladi

Ta’lim tizimida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish maqsadida Ta’lim va ilm-fan vaziri huzurida Ta’lim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.


Bunda ta’lim oluvchilar va pedagoglarning huquq hamda manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik kengashi muhokamasidan majburiy tartibda o‘tkazish reja qilinmoqda.

Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi


Ta’lim sohasidagi muammolarni aniqlash, islohotlar samaradorligini baholash va dalillarga asoslangan qarorlar ishlab chiqish maqsadida vazirlik huzurida Ta’lim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi.


Markaz ta’lim va ilm-fan sohasidagi muammolar hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, muqobil siyosiy yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi. Markaz vazirlik tizimidagi tashkilotlarning mavjud shtatlarini maqbullashtirish hisobidan tashkil etiladi. 


Uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etildi.


Ishchi guruhning asosiy vazifalari qatoriga vazirlik faoliyatini ilg‘or xalqaro tajriba asosida tashkil etish, boshqaruv jarayonlarini maqbullashtirish, vazirlikning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash hamda ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kiradi.


Bundan tashqari, ishchi guruh inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, mehnat bozori ehtiyojlariga mos ta’lim tizimini shakllantirish, ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.


Ishchi guruh tarkibi Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Uning tarkibiga xalqaro ta’lim tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, olimlar, soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar va ta’lim sohasida ilg‘or boshqaruv tajribasiga ega tadbirkorlar jalb qilinishi mumkin.


Ishchi guruh faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun vazirlik huzurida yuridik maqomga ega bo‘lmagan Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlardan tushadigan homiylik hamda moliyaviy yordam mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.


Call-markaz va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi


Ta’lim tizimida aholi va xodimlar bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida vazirlik faoliyatida autsorsing asosida call-markaz va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yiladi.


Call-markaz aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va e’tirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishni ta’minlaydi.


Feedback — qayta aloqa tizimi esa aholi, ta’lim oluvchilar va ta’lim hamda ilm-fan tizimi xodimlari bilan muntazam muloqot olib borish, ta’lim xizmatlari sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan tezkor axborot olish hamda mavjud muammolarni tahlil qilish uchun xizmat qiladi.


Bunda tizimning samaradorligi murojaatlarni qabul qilish bilangina emas, balki ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, tegishli tashkilotlarning mas’uliyati va muammolarning amalda bartaraf etilishi bilan belgilanadi.


Maktabgacha ta’limdan ilm-fangacha bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi


Qaror ilovasida Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari batafsil ko‘rsatilgan. Ular ta’limning barcha bosqichlari, tarbiya, pedagoglar malakasi, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni qamrab oladi.


Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishida zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘rgatish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratiladi. O‘quvchilarning xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.


Kasbiy ta’limda texnikumlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, dual ta’limni kengaytirish va hayot davomida o‘qish tamoyilini joriy etish belgilangan. Ishsiz, ish izlayotgan va xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan fuqarolarni kasbga o‘qitish ham vazirlikning vazifalaridan biri hisoblanadi.


Oliy ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro mezonlarni joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash vazifalari belgilangan.


Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish va startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.


Ta’lim mazmuni va tarbiya sohasida bolalar huquqlarini himoya qilish, xavfsiz ta’lim muhitini yaratish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, pedagog va rahbar kadrlar malakasini oshirish hamda pedagog kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish belgilangan.


Shuningdek, ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohani raqamlashtirish, sun’iy intellektni rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish, ma’lumotlar himoyasini ta’minlash, nodavlat ta’lim sektorini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifalari ham belgilandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati
  • vazirlik

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Yangiliklar

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida rasman Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha 12 ta shtat birligidan iborat kotibiyat tashkil qilinadi.

21:35 / 12.10.2026
Ta'lim siyosati

Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkiliy tuzilmasi qanday bo‘ladi?

Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ayrim takliflar tayyorlangan. Unga ko‘ra, yangi vazirlik tizimida besh nafar vazir o‘rinbosari, ta’limning barcha bosqichlarini qamrab oluvchi bir nechta departamentlar hamda hududiy boshqarmalar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

16:20 / 12.10.2026
Ta'lim siyosati

Ta’lim tizimidagi takrorlanuvchi vazifalar qisqartiriladi, hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyati kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

20:52 / 07.10.2026
Bilasizmi?

Maktab o‘qituvchilari orasidan ta'lim vaziri chiqqanmi?

Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami 11 nafar ta’lim vaziri faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan atigi 3 nafari – Jo‘ra Yo‘ldoshev, Temur Shirinov hamda E’zoza Karimova o‘z faoliyatini maktabdagi oddiy o‘qituvchilikdan boshlaganligi haqida ma’lumotlar bor.

09:00 / 07.10.2026