19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
6–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichlari joriy yil 19-noyabrdan boshlanadi. Tanlovda o‘quvchilar jadidlar hayoti va ijodiga oid bilimlarini namoyish etish, asarlarni tahlil qilish, insho yozish hamda ijodiy loyihalarini taqdim etish orqali bellashadi.
Respublika bosqichida eng yuqori natija qayd etgan 14 nafar o‘quvchi xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 14-sentabrdagi 343-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, “Jadidlar izidan” respublika tanlovi davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 6–10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilmoqda.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘quvchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini yosh avlodga chuqurroq o‘rgatish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash hamda vatanparvarlik ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Tanlovda kimlar ishtirok eta oladi?
Tanlovda respublikadagi davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 6–10-sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar ishtirok etishi mumkin.
Ishtirokchilar ikki toifaga ajratiladi:
- 6–7–8-sinf o‘quvchilari;
- 9–10-sinf o‘quvchilari.
Tanlov ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilariga tatbiq etilmaydi.
Tanlovda ishtirok etish uchun o‘quvchilar jadidlarizidan.uz elektron platformasi orqali ariza topshirishlari kerak. Tanlov uchun tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxati tashkiliy qo‘mita tomonidan oldindan e’lon qilinadi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkazilib, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlaridan iborat. Birinchi bosqich — tuman (shahar) bosqichi. Bunda ishtirokchilar ikkita shart asosida bellashadi.
Birinchi shart — jadidlar hayoti va ijodiga oid 25 ta test savoli. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi. Testni bajarish uchun 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Ushbu shartda jami 50 ball to‘plash mumkin. Test natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar keyingi shartda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ikkinchi shart — jadidlar hayoti va ijodiga oid savollarga javob berish. Bunda ishtirokchilar bilet tortish orqali savol oladi va o‘z fikr-mulohazalarini 5 daqiqa davomida bayon etadi. Javob berishdan oldin tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt ajratilmaydi. Ushbu shart ham 50 ballgacha baholanadi.
Har ikki shart bo‘yicha to‘plangan ballar jamlanadi. Ikki sinf toifasining har biridan eng yuqori natija qayd etgan bittadan, jami ikki nafar o‘quvchi hududiy bosqichga yo‘llanma oladi. Ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda qo‘shimcha savollar berish orqali g‘olib aniqlanadi.
Ikkinchi bosqich — hududiy bosqich bo‘lib, mazkur bosqich 2026-yil noyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladi. Bu bosqichda ishtirokchilar uchta shart bo‘yicha jami 100 ballik tizimda baholanadi.
Birinchi shart — boshqotirma. Ishtirokchilarga jadidlar faoliyati va asarlariga oid 10 ta savoldan iborat boshqotirma beriladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi. Shartni bajarish uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi: 10 daqiqa boshqotirmani to‘ldirish, 5 daqiqa esa javoblarni izohlash uchun. Maksimal natija — 20 ball.
Ikkinchi shart — asar tahlili. Ishtirokchilar bilet tortish orqali jadidlarning asarlariga oid savolni tanlaydi va o‘z fikrlarini 7 daqiqa davomida bayon etadi. Bu shartda tayyorgarlik uchun alohida vaqt berilmaydi. Asar tahlili 50 ballgacha baholanadi.
Uchinchi shart — insho. Ishtirokchilar jadidlar faoliyati va ijodiga oid mavzulardan biri asosida insho yozadi. Insho hajmi kamida 2–3 sahifadan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Mavzular Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladi. Ushbu shart 30 ballgacha baholanadi.
Shu tariqa, hududiy bosqichda boshqotirma uchun 20 ball, asar tahlili uchun 50 ball va insho uchun 30 ball beriladi. Har ikki sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan bittadan, jami ikki nafar o‘quvchi respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
Uchinchi bosqich — respublika bosqichi. Tanlovning final bosqichi 2026-yil dekabr oyida o‘tkaziladi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahridan ikki sinf toifasi bo‘yicha jami 28 nafar o‘quvchi ishtirok etadi.
Respublika bosqichida ham ishtirokchilar uchta shart asosida bellashadi
Birinchi shart — jadidlar hayoti, ijodi hamda asarlari tahlili. Ishtirokchilar bilet tortish orqali beshta savol oladi. Har bir savolga javob uchun 6 ballgacha beriladi. Tayyorgarlik ko‘rish uchun 2 daqiqa, javob berish uchun esa 7 daqiqa vaqt ajratiladi. Maksimal ball — 30.
Ikkinchi shart — erkin mavzular asosida loyiha taqdimoti. Bu shartda ishtirokchilar o‘zlari tanlagan mavzu asosida loyiha ishlab chiqadi. Mavzular maktab, milliy ta’lim, xorijiy ta’lim tajribasi, til, ekologiya, teatr, matbuot, tarix, kasb-hunar, milliy qadriyatlar, xotin-qizlar va boshqa tegishli yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Loyiha 7–10 sahifadan iborat bo‘lishi, amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi hamda unda muammo, uni hal etish yo‘llari, taklif va yechimlar, kutilayotgan natijalar aks etishi lozim. Ishtirokchi o‘z loyihasini 10 daqiqa davomida taqdim etadi.
Bunda mavzuning yoritilishi, loyihaning dolzarbligi va amaliy ahamiyati, takliflarning yangiligi va asoslanganligi, taqdimot mazmuni hamda nutq madaniyati baholanadi. Maksimal ball — 40.
Uchinchi shart — insho. Ishtirokchilar jadidlar faoliyati va ijodiga oid mavzulardan birini bilet tortish orqali tanlaydi va shu mavzuda insho yozadi. Insho kamida 2 sahifadan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Maksimal ball — 30.
Respublika bosqichida uchta shart bo‘yicha to‘plangan ballar jamlanadi. Eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar orasidan I, II va III o‘rin egalari aniqlanadi. Umumiy ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda hakamlar hay’ati qo‘shimcha savollar berish orqali g‘oliblarni belgilaydi.
G‘oliblar qanday taqdirlanadi?
Tanlovning tuman (shahar) bosqichida har ikki sinf toifasi bo‘yicha I, II va III o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar tegishli hokimliklar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Har bir toifa bo‘yicha I o‘rin sohiblari hududiy bosqichga yo‘llanma oladi.
Hududiy bosqichda ham har ikki sinf toifasi bo‘yicha I, II va III o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar tegishli hududiy hokimliklar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Har bir toifadagi birinchi o‘rin sohiblari respublika bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
Respublika bosqichida esa har ikki sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan 7 nafardan, jami 14 nafar o‘quvchi xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Bunda har bir toifa bo‘yicha I, II, III o‘rinlarni egallaganlar hamda keyingi eng yuqori natijalarni qayd etgan yana 4 nafar ishtirokchi nazarda tutilgan.
Natijalardan norozi bo‘lgan ishtirokchilar apellyatsiya berishi mumkin
Tanlovning har bir bosqichida ishtirokchilarni baholash uchun tegishli tashkiliy qo‘mita tomonidan hakamlar hay’ati shakllantiriladi. Uning tarkibiga jadidlar merosi, adabiyot, tarix, ma’naviyat, ta’lim va boshqa tegishli sohalarda bilim hamda tajribaga ega mutaxassislar jalb etiladi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning javoblari, yozma ishlari va taqdimotlarini belgilangan mezonlar asosida xolis va adolatli baholashi shart.
Tanlov natijalari yoki qo‘yilgan baholardan norozi bo‘lgan ishtirokchilar apellyatsiya berish huquqiga ega. Buning uchun natijalar e’lon qilingan vaqtdan boshlab 20 daqiqa ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat taqdim etilishi lozim. Belgilangan muddatdan kechikib berilgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Apellyatsiya komissiyasi murojaatni kelib tushgan vaqtdan boshlab bir soat ichida ko‘rib chiqadi va asoslantirilgan javob beradi.
Hududiy bosqichlar qaysi sanalarda o‘tkaziladi?
Respublika tanlovining hududiy bosqichlari uchun hududlar kesimida o‘tkazilish joylari va muddatlari ham belgilangan. Unga ko‘ra, bellashuvlar 19-noyabrdan boshlanib, 25-noyabrga qadar davom etadi.
Eslatma: Tanlov nizomiga ko‘ra, bosqichlarning o‘tkazilish joyi va vaqti Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadi hamda ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
O‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazilib, g‘olib jamoaga “Damas” beriladi
O‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha ilk bora “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasi tashkil etiladi.
Yangiliklar
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) imzolandi.
Yangiliklar
Ayrim maktablar elektromobil bilan, o‘qituvchilar esa xorijga sayohat hamda 1000 AQSh dollar bilan taqdirlanadi
Endilikda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, 100 nafar o‘qituvchi 1 000 AQSh dollari pul mukofoti, 10 nafar o‘qituvchi xorijiy sayohatga yo‘llanma, 500 nafar yoshlar noutbuk va 500 nafar yoshlar qimmatbaho sovg‘alar, 3 ta oliy ta’lim tashkiloti pul mukofoti hamda 2 ta umumta’lim maktabi “Prezident sovg‘asi” — elektromobil bilan taqdirlanadi.
Yangiliklar
Eng yaxshi bezatilgan ta’lim muassasalari taqdirlandi
Avvalroq tanlov g‘oliblari e’lon qilingandi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang