Top.Mail.Ru
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi

21:35 / 12.10.2026 3.94k

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 9-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–217-son Farmonni imzoladi.


Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida rasman Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha 12 ta shtat birligidan iborat kotibiyat tashkil qilinadi.


Ushbu shtatlarning 5 tasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi hisobidan, qolgan 7 tasi esa qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.


Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vazirining funksional vazifalari hamda yangi kotibiyat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilishi kerak.


Farmonga ko‘ra, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga quyidagi tashkilotlar biriktiriladi:


  • Ta’lim va ilm-fan vazirligi;


  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi;


  • Kasbiy ta’lim agentligi;


  • Innovatsion rivojlanish agentligi;


  • Bilim va malakalarni baholash agentligi;


  • Sog‘liqni saqlash vazirligi;


  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi;


  • Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;


  • Klinik audit inspeksiyasi;


  • Ichki ishlar vazirligi — ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha;


  • Yoshlar ishlari agentligi — ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bo‘yicha;


  • Fanlar akademiyasi;


  • Vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar — ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha.


  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari.


O‘zaro hamkorligi ta’minlanadigan tashkilotlar


  • Davlat xavfsizlik xizmati — mahallalarda o‘quvchi va talabalar bilan ishlashni samarali muvofiqlashtirish, ularning zararli oqimlar va guruhlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, diniy aqidaparastlik va ekstremizm xatarlaridan himoya qilish bo‘yicha;


  • Milliy gvardiya — o‘quvchi va talabalarda vatanparvarlik hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha.

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati

Ulashish