Top.Mail.Ru
Maktab direktorligidan, prezident administratsiyasigacha: Hilola Umarovaning karyera yo‘li

The website texts are translated by Google, errors possible!

Maktab direktorligidan, prezident administratsiyasigacha: Hilola Umarovaning karyera yo‘li

11:00 / 17.02.2026 1.67k

Kecha, 16-fevral kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Hilola Umarovaning ishdan olinishi va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlangani ko‘pchilik uchun kutilmagan xabar bo‘ldi.


Bir vaqtlar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda direktor lavozimida ishlagan Hilola Umarova 2020-yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimiga tayinlanadi va uning yuqori lavozimlardagi asosiy karyerasi ana shundan boshlandi. 2023-yilning 30-dekabrida u Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlanadi.


Hilola Umarovaning vazir lavozimiga tayinlanishi O‘zbekistondagi muhim o‘zgarishlar davri – adminreformaga to‘g‘ri kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Maktabgacha ta’limi vazirligi Xalq ta’limi vazirligiga qo‘shib yuborildi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa Xalq ta’limi vazirligi boshqa nom, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nomi ostida qayta tashkil etildi.


Ikki yildan ortiqroq vazir lavozimida ishlagan Umarova 2025-yil 14-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Hilola Umarova 1988-yil 9-avgustda Germaniyaning Vaymer shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. U 7 yoshida ota-onasining kasbi tufayli Germaniyadan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan va Toshkentdagi 241-umumta’lim maktabida tahsil olgan.


2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr bosqichini, 2013-yilda mazkur universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. O‘zbek, rus, ingliz tillarini mukammal biladi. Uning mutaxassisligi tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘lsa-da, ammo pedagogika sohasiga begona emas. 


Xususan, u Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda dars bergan va shu maktabda direktorlik lavozimida ham ishlagan. Shuningdek, u o‘zi tahsil olgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham dars berganligi haqida ham ma’lumotlar bor. 


U dastlabki ish faoliyatini 2014-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetida 1-toifali mutaxassis sifatida boshlagan. Ish faoliyatining deyarli 6 yilini aynan Inha universitetida olib borgan bo‘lib, universitetda yetakchi mutaxassis, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, bosh menejer hatto prorektor lavozimida ham ishlagan.


U 2023-yilda, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida faoliyat olib borayotgan davrida “Menejment” ixtisosligi bo‘yicha “Oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida dissertatsiya ishini yoqlab, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrda pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini oldi.


2025-yil 14-iyulida kutilmaganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Hilola Umarova oradan 5 oy vaqt o‘tib, lavozimidan ozod qilindi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.


Hozircha Hilola Umarovaning nima sababdan Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan olingani haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Khilola Umarova

Share