Milliy sertifikat: “X-variant” bo‘yicha yangi tafsilotlar
Avvalroq, aprel oyining boshida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalgani va sotilgani haqida xabar bergandik.
Holat bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy bayonot berib, maqolada keltirib o‘tilgan audiofayllar va boshqa ma’lumotlar Agentlik tomonidan o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, test topshiriqlari maxsus rejimdagi binoda shakllantiriladi va ularning maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 4-aprel (3 smena), 5-aprel (3 smena) va 7-aprel (2 smena) kunlari — jami 8 ta smenada o‘tkazilgan. Har bir smenada talabgorlarga 55 tadan test topshirig‘i taqdim etilgan bo‘lib, umumiy hisobda 400 dan ortiq savoldan foydalanilgan.
O‘rganishlar natijasida audiochatda o‘qilgani aytilgan savollar imtihonda qo‘llanilgan testlar bilan solishtirilgan. Natijada ularning 33 tasi mazmunan o‘xshash ekani aniqlangan, biroq ular so‘zma-so‘z bir xil emas. Ushbu savollar turli smenalarga taqsimlangan bo‘lib, bitta smenada eng ko‘pi bilan 6 ta o‘xshash savol qayd etilgan.
“Hozirda ushbu imtihonning natijalarini xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblash hamda imtihon natijalarining klassik va zamonaviy test nazariyalari bo‘yicha statistik tahlili amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayon 6-may kuni yakunlanadi va test natijalari e’lon qilinadi. Shundan so‘ng imtihon natijalarining statistik tahlilidan kelib chiqib, qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, - deyiladi Agentlik bayonotida.
Testlarning tasodifan qaytarilish ehtimoli nolga teng
Bilim va malakalarni baholash agentligining bayonotidan so‘ng ayrim jamoatchilik faollari ham o‘z fikrini bildirdi. Xususan, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning fikricha, 50 ta savoldan 33 tasining 400 dan ortiq savollar ichida “tasodifan” mos kelishi ehtimoldan yiroq.
Chunki tarix faniga oid test topshiriqlari keng qamrovli manbalarga — 11 ta maktab darsligiga asoslanadi. Ushbu darsliklarda qadimgi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan juda katta hajmdagi faktlar — sanalar, shaxslar, voqealar, sabab-oqibat bog‘liqliklari jamlangan.
Shu sababli, ikki mustaqil mutaxassis bir-biridan bexabar holda aynan bir xil 33 ta mazmuniy savolni tanlab olishi deyarli imkonsiz ekani aytilmoqda. Hatto savollarning 8 ta variantga bo‘lingani yoki formulirovkasi biroz farq qilgani ham bu ehtimolni sezilarli darajada o‘zgartirmaydi.
“Agentlikning bu bayonoti tashkilotning xavfsizlik tizimida jiddiy muammolar borligidan signal beradi. Mutaxassis sifatida aniq aytishim mumkin: 50 talik (o‘qib eshittirilgan) test savollaridan 33 tasi 440 talik (imtihonda tushgan) test savollarida tasodifan qaytarilishi imkonsiz. Chunki tarix fanidan 11 ta maktab darsligi bor.
Ularda eng qadimgi davrlardan hozirgi davrgacha O‘zbekiston va jahon tarixini qamrab olgan, test tuzish uchun asos qilib olish mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz ma’lumotlar (sanalar, ismlar, raqamlar. sabab va oqibatlar) keltirilgan.
Bunday katta hajmdagi “testbop” ma’lumotlar ichidan ikkita bir-biridan mustaqil mutaxassis 33 ta aynan bir xil ma’lumotni tasodifan tanlab olishi ehtimoli yo‘q. 440 ta savolning 8 ta variantga taqsimlangani ham, savollarning formulirovkasi aynan bir xil bo‘lmagani (mazmunan o‘xshash bo‘lgani) ham vaziyatni hech qanday o‘zgartirmaydi.
Ikkita bir-biridan mustaqil mutaxassis, bir-biri bilan kelishmasdan va (yoki) bir-birining savollarini ko‘rmasdan turib, darsliklardagi shuncha ma’lumotlar ichidan tasodifan 33 ta bir xil ma’lumotni tanlab olishi umuman imkonsiz.
Qolaversa, aynan imtihondan oldin tashkil etilgan yopiq guruhga qo‘shilish narxi ham e’tiborga molik: hech kim bevosita imtihondan oldin dars uchun bunday katta summani to‘lamasa kerak, agar darsda qandaydir favqulodda ma’lumotlar berilishi va’da qilingan bo‘lmasa.
Ishonamanki, BMBA rahbariyati test sinovlarining halol o‘tishidan manfaatdor va OAVlarga olib chiqilgan bu muammoni sinchiklab o‘rganib, tizimidagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qiladi. Agentlikdan bayonotda va’da qilingan qo‘shimcha ma’lumotlarni kutib qolamiz”, - deydi Komil Jalilov.
Testning validligi yo‘qqa chiqadi
Komil Jalilov test topshiruvchilarning bir qismiga testda tushadigan savollar va ularning javoblari (farqi yo‘q - hamma savollarmi yoki savollarning bir qismimi) oldindan ma’lum bo‘lsa, bu testning validligini yo‘qqa chiqarishini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
“Testning validligi – bu test topshiruvchilar (ularning tekshirilayotgan soha - domen bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari) haqida chiqariladigan xulosalarning qay darajada asosli ekanligi. Xulosalar asosli bo‘lishi juda muhim, chunki bu xulosalar asosida qarorlar qabul qilinadi. Masalan, milliy sertifikat keysida - sertifikat egalariga OTMga kirishda tegishli fanlardan ball beriladi va bu ularning OTMga kirish yoki kirmasligini hal qiladi.
Shunday ekan, test topshiruvchilarning bir qismiga testda tushadigan savollar va ularning javoblari (farqi yo‘q - hamma savollarmi yoki savollarning bir qismimi) oldindan ma’lum bo‘lsa, bu testning validligini yo‘qqa chiqaradi. Chunki bunday holda test topshiruvchilarning baholanayotgan fan bo‘yicha bilimlari haqida asosli xulosalar chiqarish va test topshiruvchilarni bir-biri bilan solishtirish imkonsiz.
BMBA o‘z bayonotida bir test variantida 6 tagacha test topshirig‘i mos tushganini aytmoqda. Demak, Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomning 17-1 bandiga muvofiq, bu imtihonlar natijalari bekor qilinishi lozim. Va albatta, yuqorida yozganimdek, tashkilot bu keys yuzasidan jiddiy tekshiruv o‘tkazib, xavfsizlik tizimidagi "teshik"larni yopishi va bu haqda jamoatchilikka ma’lumotlarni taqdim qilishi kerak bo‘ladi”, - dedi Komil Jalilov.
50 tadan 33 ta savol tushgan
Tarixchi va pedagog Jalol Boltayev ham tarix fanidan milliy sertifikat imtihonlari atrofida yuzaga kelgan “X-variant” masalasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
“Birinchidan, 50 ta savol tahririyat qo‘lida mavjud audioyozuvlarda tonggi soat 4:00 dan boshlab o‘qib eshittirilgani qayd etilgan. Balki ushbu 50 ta savoldan tashqari yana boshqa savollar ham aytilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Tonggi soat 4:00 da savollar o‘qila boshlaganining o‘ziyoq jiddiy shubha uyg‘otadi.
Buning ustiga, audioyozuvlarga ko‘ra, ushbu yopiq guruhga kirish narxi 1000 AQSH dollari bo‘lgan. Oddiy taxmin yoki umumiy tayyorgarlik uchun hech kim bunday mablag‘ to‘lamaydi.
Ikkinchidan, ayrim sodda odamlar bu savollar faqatgina 4-aprel kuni emas, balki, asosan, 4, 5-aprel kunlari tushganini aytib, bu holatni “tabiiy” deb o‘ylashmoqda. Ammo bu mohiyatni umuman o‘zgartirmaydi (ha, savollarning 31 tasi 4, 5-aprel kunlari tushgan).
Keling, oddiy misol bilan tushuntiraman: siz va men bir-birimizdan mutlaqo mustaqil holda tarix fanidan 50 tadan savol tuzamiz. So‘ng imtihon 1 kunda emas, 3 kunda o‘tkaziladi deb tasavvur qilamiz. Endi savol: shu ikki mustaqil ro‘yxatdan 33 ta savol aynan bir xil chiqishi mumkinmi? Xohlasangiz, sinab ko‘ramiz?
Imtihonning 1 kun, 2 kun yoki 3 kun bo‘lib o‘tgani bu yerda ahamiyatga ega emas. Muhim jihat – ikkita mustaqil odam tuzgan 50 ta savol ichida 33 tasining aynan bir xil chiqishi.
Uchinchidan, savollarning 4, 5-aprel kunlari tushgani bu holatni oqlamaydi. Aksincha, oldindan bir necha kunlik savollar bazasi mavjud bo‘lganligidan dalolat berishi mumkin”, - dedi Jalol Boltayev.
Jalol Boltayevning qo‘shimcha qilishicha, faqat bitta 50 talik to‘plamga asoslanib, “400 ta testdan 33 tasi tushgan” degan umumiy xulosaga kelish to‘liq asosli emas va bunday yondashuv manipulyatsiya sifatida baholanadi.
Yana bir jamoatchilik faoli Sirojiddin Yo‘ldoshovning yozishicha, “milliy sertifikat” savollari atayin faktik ma’lumotlardan tuzilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, mantiqiy fikrlash emas, balki faktik ma’lumotlar bilan bog‘liq savollarni hech qanaqasiga fikrlab topib bo‘lmaydi. Natijada esa “X variant”ning bozori chaqqon bo‘ladi.
“Agar diqqat bilan e’tibor qaratsangiz, o‘quv dasturi ortiga yashirinish negizida, faktik ma’lumotlarga asoslangan savollar ko‘p tuzilgan. Mantiqiy fikrlashga asoslangan savollardan ko‘ra, faktik savollar. Ya’ni, yo bilasiz, yo bilmaysiz. Fikrlab topib bo‘lmaydi.
Jumladan, quyidagi savollar:
- Ushbu konferensiyada qatnashmagan uch davlat nomini yozib bering. – AQSH, Turkiya, Xitoy
- Ushbu qo‘zg‘olon qatnashchilari qayerda namoyishkorona o‘ldirilganini yozib bering. –Podjuan-Pokrul
- 1971-yilda Shayx Zoid ibn Sulton an-Nahayon tashabbusi bilan tashkil etilgan davlat nomini aniqlang. – BBA
- 2013-yil Yevropa Ittifoqi va uning oltita sharqiy qo‘shnisi o‘rtasida Sharqiy sheriklik sammiti bo‘lib o‘tgan shaharni yozib bering. – Vilnyus
- Shayboniyxon qaysi hududlar egallanishi safaviylarga xavf tug‘dirgan? – Mashhad va Tus
Bu yerda qanday fikr kelib chiqadi? Savollar atayin faktik ma’lumotlardan tuzilgan bo‘lishi mumkin. Chunki, mantiqiy fikrlash emas, balki faktik ma’lumotlar bilan bog‘liq savollarni hech qanaqasiga fikrlab topib bo‘lmaydi. Natijada esa “X variant”ning bozori chaqqon bo‘ladi. Bular mening taxmin va farazim. Balki unday emasdir.
Agar “X variant” rostdan chiqqan bo‘lsa va sotilgan bo‘lsa, u oldindan reja qilingan bo‘lishi va savollar atayin shu tarzda tuzilgan bo‘lishi mumkin. Xullas, bu masalada fikrlaydigan bo‘lsak, chuqurlashib, jiddiylashib ketadi. Qani, ertaga Agentlik yana munosabat bildirsin-chi?
Xullas, shuncha postdan maqsad nima? Maqsad adolatli imtihon bo‘lsin. Agar o‘rtada qonunbuzarliklar bo‘lsa, qonun doirasida javobgarlikka tortilsin. Tamom. Keyingi imtihonlar adolatli va to‘g‘ri o‘tkazilsin”, - deydi u.
Ona tili o‘qituvchisi, repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pedagog Davron Akbar ham mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, test savollari imtihon avvalida sizdirilgani ma’lum bo‘lsa, barcha imtihon natijalari bekor qilinishi hamda imtihonlar qayta o‘tkazilishini aytib, nega noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslar haligacha aniqlanmadi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
“Imtihonni o‘tkazish normativ-hujjatiga ko‘ra test savollari imtihon avvalida sizdirilgani ma’lum bo‘lsa, barcha imtihon natijalari bekor qilinishi hamda imtihonlar qayta o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Buning natijasida ho‘l-u quruq baravar yonadi.
Menda boshqa savollar bor: Agentlikning qaysidir mas’ul xodimi uni tashqariga chiqarmasa, o‘z-o‘zidan chiqmaydi. Demak, kimdir “soqqa” qilyapti. Nega shu paytgacha bu inson(lar) aniqlanmadi?! Bundan kim manfaatdor yoki agentlikning korrupsiya bilan shug‘ullanadigan xodimlaridan ham yuqoriroqdami bu ipning uchi?
Azaldan sefr degan narsa “imkoni bor” degan jumla bilan bir bo‘lib kelgan. “X variant”ni tashqariga chiqarib qo‘ygandan keyin (bu fikr haqiqatdan ham tasdiqlansa) uni chiqargan bilan emas, repetitorlar, faollar bilan olishish Agentlikka xos ish bo‘lib qolyapti negadir. Aslida, bu ishlarni kim qilayotganini o‘zlari ham bilishsa kerak, yana bilmadim.
Agar haqiqatdan tarixdan “X variant chiqqan bo‘lsa, boshqa fanlar ham shubha ostida qoladi. Ayniqsa, hozir ona tili va adabiyot fanidan ham turli mish-mishlar ko‘paygan. Tarixdan chiqqan narsa, ona tilidan ham chiqqan bo‘lishini istisno etmaydi”, - deydi Davron Akbar.
Eslatib o‘tamiz, test natijalari joriy yilning 6-may kuni e’lon qilinishi kutilyapti. Ayni vaqtda mazkur imtihon natijalarining statistik tahlilidan kelib chiqib, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Comments 0
Please register to comment!
News
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga yangi rahbar tayinlandi
Vazir attestatsiyadan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarga duch keldi
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari Prezident administratsiyasi va Sport vazirligiga murojaat yo‘lladi
The certification fee for teachers has been reduced by 50 percent.
News on the topic
News
Tarix fanidan milliy sertifikat uchun “X-variant” sotildimi?
Imtihondan oldin Telegram’da yopiq guruh tashkil etilgan. Unga kirish narxi – 1000 AQSH dollari. Mavjud audioyozuvlarga ko‘ra, tonggi soat 4:00 dan boshlab audiochatda test savollari va ularning javoblari o‘qib eshittirilgan.
News
Corruption behind educational equipment exposed
Individuals who attempted to transfer interactive whiteboards worth 15.2 million soums for 25 million soums to the Jizzakh City Department of Preschool and School Education were apprehended.
Attestation
Vazirlik attestatsiya testlarini pullayaptimi?
Tahririyatga murojaat yo‘llagan pedagoglardan birining aytishicha, o‘tgan yildan buyon alohida sinov.uz platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, har bir fandan test ishlash uchun alohida narxlar belgilab qo‘yilgan.
Article
Milliy sertifikat imtihonlari: nega o‘qituvchi va o‘quvchi bir auditoriyada?
Tasavvur qiling: bir maktabda dars beradigan o‘qituvchi va uning o‘quvchisi yonma-yon test ishlamoqda. Bu holat ikki tomon uchun ham psixologik bosim tug‘dirmaydimi?
English
Edit your comment