Top.Mail.Ru
“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

The website texts are translated by Google, errors possible!

“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?

23:18 / 19.05.2026 8.84k

Avvalroq tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonlari oldidan “x-variant” sotilgani haqida xabar bergandik. Imtihondan oldin audiochatda o‘qib eshittirilgan 50 ta savoldan 33 tasi hamda 2-aprel kuni mavjud bo‘lgan fayldagi testlardan 31 tasi 4, 5 va 7-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan imtihonlarda tushgani haqidagi xabar esa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.


Bilim va malakalarni baholash agentligi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, audiochatda o‘qilgan savollarning 33 tasi imtihon savollari bilan mazmunan o‘xshash ekanligini qisman tasdiqlagandi.


Muhokamalar bu bilan tugamadi. Keyinroq xalqtaliminfo.uz'da mazkur mavzuga doir yana bir nechta maqolalar e’lon qilindi. Shundan so‘ng, Bilim va malakalarni baholash agentligi tahririyat bilan bog‘lanib, bir qancha savollarimizga javob berib, tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonining tahliliy natijalarini ham tahririyat ixtiyoriga topshirdi.


Agentlikning ta’kidlashicha, milliy sertifikat uchun o‘tkaziladigan  barcha test natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar va statistik tahlil natijalariga asoslangan holda qabul qilinadi. Milliy sertifikat imtihonlarining test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanib, imtihon natijalari klassik va zamonaviy test nazariyalari asosida statistik tahlil qilib boriladi.


Test sinovi natijalarining klassik test nazariyasi asosida statistik tahlili haqida


Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng test sinovi natijalarining tahlili amalga oshiriladi va u asosida test topshiriqlarining statistik xarakteristikalari aniqlanadi.


Bu statistik xarakteristikalar test topshiriqlarining qiyinlik darajalari, test ballarining dispersiyalari (o‘zgaruvchanligi, farqlanishi), topshiriqning boshqa topshiriqlar bilan, shuningdek, umumiy ballar yig‘indisi bilan korrelyatsiyasi (bog‘liqligi)dan iborat.

Test topshiriqlarini qiyinlik darajalarini aniqlash usullaridan biri test topshiriqlarini empirik sinovdan o‘tkazib, to‘g‘ri javoblar salmog‘ini aniqlashdan iborat. Test ballari (yoki to‘g‘ri javoblar)ning dispersiyalari test topshiruvchilarning tayyorgarlik darajasini aniqlashga, bilim darajalari bo‘yicha ajratish imkoniyatlari haqida xulosa qilishga imkon beradi.


Shuningdek, test variantlari va test topshiriqlarining asosiy statistik xarakteristikalari qatoriga o‘rta qiymat, gistogrammalar qurish, moda va mediana kabi ko‘rsatkichlarni hisoblash hamda test ballarining umumiy dispersiyasi (standart og‘ishi) ham kiradi.

Test sinovlari natijalari asosida aniqlangan test ballari taqsimoti gistogrammasi qurilib, uning normal taqsimotga yaqinligi baholanadi. Gistogrammaning normal taqsimotga yaqinligi testning sifatini, test sinovlarining obyektiv o‘tkazilganligini bildiradi.


Milliy sertifikat uchun tarix fani bo‘yicha ballar taqsimoti



Jadvaldan o‘lchashning standart xatoligi 2,80 – 2,91 gacha oraliqda, o‘rta qiymat 13-16 ga, moda va mediananing qiymatlari xatoliklar doirasida o‘rta qiymatga yaqin ekanligini ko‘rish mumkin. Kronbax alfa koeffitsiyentining 0,71-0,75 ga teng ekanligi esa mazkur test variantining ichki muvofiqligi “qoniqarli” ekanligini ko‘rsatadi.


Test topshiriqlarining ichki muvofiqligi har bitta test topshirig‘iga berilgan to‘g‘ri javoblarning umumiy ball bilan korrelyatsiyasiga, talabgorlar olgan umumiy ballarning standart og‘ishiga, har bitta test topshirig‘iga berilgan javoblarining standart og‘ishlari yig‘indisiga hamda test topshiriqlari va test topshiruvchilar soniga bog‘liq bo‘ladi.


Bundan tashqari test topshiriqlarining ichki muvofiqligi nafaqat test topshiriqlarining sifatiga, balki talabgorlarning tayyorgarlik darajasining past yoki yuqoriligiga ham bog‘liqdir.


Qobiliyat darajalari Rash modeli bilan hisoblanadi, natijalar avval z ballga o‘tkaziladi va yakuniy natija T ball bilan beriladi. Nazariyaga ko‘ra, umumiy to‘plam normal taqsimot taqsimotga yaqinlashishi lozim. Normal taqsimot bo‘yicha ballar taqsimoti rasmda ko‘rsatilganidek darajalarga ajratiladi.

2026-yil 4-, 5- va 7-aprel kunlari o‘tkazilgan test sinovi natijalariga ko‘ra, talabgorlarning natijalari:


  • A+ darajali sertifikat olganlar – 2,83 %;


  • A darajali sertifikat olganlar – 5,18 %;


  • B+ darajali sertifikat olganlar – 3,85 %;


  • B darajali sertifikat olganlar – 17,2 %;


  • C+ darajali sertifikat olganlar – 21,53 %;


  • C darajali sertifikat olganlar – 8,63 %;


  • Sertifikat olmaganlar (C dan quyi) – 40,78 %.


Bu natijalarni yuqoridagi nazariy taqsimot bilan solishtirib, taqsimot nazariy taqsimotga qanchalik yaqinligi haqida xulosa qilish mumkin. 


Xalqtaliminfo.uz'da test topshiriqlari tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi maqolada tilga olingan 33 ta test topshirig‘ining tahlili bilan quyidagi jadval orqali tanishish mumkin:



Agentlikning ta’kidlashicha, mazkur jadvaldan 33 ta test topshiriqlaridan faqat 2 tasi 2-qiyinlik darajasida (25-75 foiz oralig‘ida to‘g‘ri javob berilgan), qolgan test topshiriqlarining barchasi 3-qiyinlik darajasida (0-25 foiz orlig‘ida to‘g‘ri javob berilgan) ekanligini va  1-qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari (75-100 foiz oralig‘ida to‘g‘ri javob berilgan) mavjud  emasligini ko‘rish mumkin.


Shuningdek, bu test topshiriqlarining umumiy test topshiriqlari bilan korrelyatsiyalari qiyinlik darajasi yuqori bo‘lgan test topshiriqlari uchun “qoniqarli”, “yaxshi” va “juda yaxshi” ekanligini ko‘rish mumkin.


Xulosa qilib aytganda, “x-variant” mojarosi atrofidagi bahslar ortidan Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etilgan statistik tahlillar test natijalarida keskin o‘sish kuzatilmaganini ko‘rsatmoqda. 


Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, audiochatda o‘qilgan savollarning bir qismi imtihon savollariga mazmunan o‘xshash bo‘lsa-da, aynan shu topshiriqlar bo‘yicha ommaviy ravishda yuqori natijalar qayd etilmagan. Aksincha, savollarning katta qismi qiyin darajadagi testlar toifasiga to‘g‘ri kelib, ularga to‘g‘ri javob berganlar ulushi past bo‘lgani oydinlashdi.


Shu bilan birga, mazkur holat imtihon tizimining ochiqligi, test materiallari xavfsizligi va jamoatchilik ishonchi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Tahririyat nazarida, Agentlikning statistik tahlillarni ochiqlashi muhokamalarga ma’lum ma’noda oydinlik kiritdi. Biroq test savollarining imtihondan avval muhokama qilingani haqidagi holatlarning o‘zi ham tizimdagi xavfsizlik masalasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.


Agentlik tomonidan taqdim etilgan statistik tahlillar test topshiriqlari ommaviy ravishda tarqalib, natijalarga keskin ta’sir ko‘rsatgani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamagan bo‘lsa-da, biroq “x-variant” bilan bog‘liq holatlar, imtihon savollari xavfsizligi, test materiallarining sir saqlanishi hamda jarayonning shaffoflik masalasi hamon jamoatchilikning e’tibor markazida qolmoqda. 

Comments 12

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Corruption
  • National certificate

Share

line

News on the topic

News

Court Verdict Issued Against Individuals Who Organized an Illegal Scheme to Help Teachers Pass Attestation

Earlier, we reported that a number of illegal activities carried out with the aim of helping teaching staff pass attestation and professional certification had been exposed. Criminal proceedings were initiated against the individuals involved under Article 210, Part 2, Clause “g” of the Criminal Code, and investigative proceedings were launched.

16:33 / 14.09.2026
News

School Principal Jailed Over Distribution of Teaching Hours

The principal of a general secondary school in Chiroqchi district, Kashkadarya region, was sentenced to imprisonment after demanding $700 from a teacher in exchange for allocating additional teaching hours.

13:29 / 04.09.2026
Вы спрашивали

Milliy sertifikat bor, ammo EduERP’da “ustama to‘lanmaydi” chiqyapti: sabab nima?

Meni maktabimda ona tili va adabiyot fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ustozimiz A sertifikatini oldi, umumiy balli 66.82. Lekin erp.maktab.uz saytida ustama to‘lanadi degan joyiga “yo‘q” (to‘lanmaydi) chiqib turibdi. Shu savolga javob kerak, ustama to‘lanadimi yoki yo‘q?

15:06 / 17.08.2026
News

Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi eng korrupsiyalashgan tizim sifatida tilga olindi

2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, bunda eng koʻp korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab taʼlimi hissasiga toʻgʻri kelgan.

23:13 / 12.08.2026