Top.Mail.Ru
Maktab farroshligi uchun 1500$, bog‘cha tarbiyachiligi uchun 500$ olgan direktorlarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Maktab farroshligi uchun 1500$, bog‘cha tarbiyachiligi uchun 500$ olgan direktorlarga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

15:15 / 08.10.2026 106

Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’lim tizimida fuqarolarni ishga joylash evaziga pora olish va pora berish bilan bog‘liq holat aniqlandi, ta’lim tashkiloti rahbarlariga sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlandi. Xalqtaliminfo.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.


Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 83-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktoriga pora olish va pora berish bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. 


Sudining 2026-yil 11-sentabrdagi hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi hamda 28, 211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. 


Sud hujjatlarida qayd etilishicha, direktor fuqaroni maktabga farrosh sifatida 0,5 stavkaga ishga kiritish evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgan. Keyinchalik esa ish hajmini 0,25 stavkaga ko‘paytirib berish evaziga yana 400–500 dollar pul so‘ragan.


Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganidan so‘ng tezkor tadbir o‘tkazilgan. Maxsus tadbir uchun 1900 AQSh dollari va 1,2 million so‘m pul ajratilib, pullarga maxsus kimyoviy kukun bilan ishlov berilgan.


2026-yil 20-iyun kuni direktor ushbu pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Direktor sudda aybiga iqror bo‘lgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. U 2021-yildan buyon 83-maktab direktori lavozimida ishlab kelganini ma’lum qilgan.


Sud direktorning ilgari sudlanmagani, aybiga iqrorligi, pushaymonligi, oilali va uch nafar farzandi borligini inobatga olgan holda unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash, 1 yil 6 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinladi.


Shuningdek, unga yashash joyini nazorat qiluvchi organ roziligisiz o‘zgartirmaslik, Surxondaryo viloyatidan tashqariga chiqmaslik hamda kafe, bar, restoran va boshqa ommaviy tadbirlarga bormaslik kabi cheklovlar yuklatilgan.


Tarbiyachi lavozimi uchun 500 dollar 


Surxondaryodagi yana bir holatda maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori fuqaroning kelinini tarbiyachi sifatida ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari miqdorda pora olgani uchun sudlandi.


Sud hujjatiga ko‘ra, Sho‘rchi tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘z lavozimidan foydalanib, fuqarodan uning kelinini mazkur tashkilotga tarbiyachi sifatida ishga qabul qilish evaziga 500 AQSh dollari olgan. Pul 2026-yil 10-aprel kuni direktorning xizmat xonasida berilgan.


Qizig‘i, pulni bergan fuqaro keyinchalik bu harakat qonunga zid ekanini anglab, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Sho‘rchi tuman bo‘limiga murojaat qilgan.


U 23-aprel kuni o‘z bank plastik kartasidan 1 million 230 ming so‘mni qaytarib olgan va ushbu mablag‘ni naqd ko‘rinishda huquqni muhofaza qiluvchi organga taqdim etgan. Ertasi kuni esa sudlanuvchi ham olgan 500 dollar hisobidan 4 million 850 ming so‘mni ixtiyoriy ravishda taqdim qilgan.


Sudlanuvchi va uning advokati apellyatsiya shikoyatida jinoyatni birinchi marta sodir etgani, aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, pushaymonligi, mahalladan ijobiy tavsiflangani va bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligini bildirgan. Ular shu holatlarni hisobga olib, sudlanuvchini jazodan ozod qilish yoki unga yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.


Sho‘rchi tuman sudining 2026-yil 27-iyuldagi hukmiga ko‘ra, sobiq direktor Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.


Unga 2 yil muddatga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish bilan birga, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.


Shundan so‘ng sudlanuvchi va uning advokati hukm ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgan. Biroq, 2026-yil 24-sentabr kuni Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati shikoyatni qanoatlantirmay, Sho‘rchi tuman sudining 27-iyuldagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Accountability
  • Corruption

Share