Top.Mail.Ru
“X-variant” bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi zarur” — tarixchilar va jamoatchilik faollari

The website texts are translated by Google, errors possible!

“X-variant” bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi zarur” — tarixchilar va jamoatchilik faollari

12:30 / 13.05.2026 1.87k

Tarix fanidan “Milliy sertifikat” imtihonlari atrofida davom etayotgan “x-variant” mojarosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ayniqsa, imtihondan oldin audiochatda o‘qib eshittirilgan 50 ta savoldan 33 tasi hamda 2-aprel kuni mavjud bo‘lgan fayldagi testlardan 31 tasi 4, 5 va 7-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan imtihonlarda tushgani haqidagi ma’lumotlardan so‘ng ko‘plab tarixchilar, pedagoglar, ekspertlar va jamoatchilik faollari o‘z munosabatlarini bildirishda davom etmoqda.


Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘zining rasmiy munosabatida audiochatda o‘qilgan savollarning 33 tasi imtihon savollari bilan mazmunan o‘xshash bo‘lganini tasdiqlagan (Izoh: 400 tadan 33 ta emas, bizga ma’lum bo‘lgan 50 tadan 33 ta). So‘ngra 2-aprel kuni mavjud bo‘lgan boshqa fayldagi 31 ta savol ham imtihonlarda uchragani haqida maqola e’lon qilindi. Hozircha BMBA mazkur fayl yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.


Repetitor Davron Akbar ham “x-variant” masalasi bo‘yicha keskin munosabat bildirib, holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar aralashishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar savollar haqiqatan ham oldindan tarqalgan bo‘lsa, bu jarayonda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlanishi kerak.

“Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar “x-variant”ni (haqiqatdan, “x-variant” chiqqani tasdiqlansa) aynan agentlikdagi qaysi odam sotdi (berdi), uni kimga sotdi, sotib olgan yana kimlarga sotdi — barchasini aniqlashi kerak”, - deydi u.

Davron Akbar yana bir muhim savolni o‘rtaga tashladi. Uning fikricha, test savollariga kirish imkoniga ega bo‘lgan shaxslarni nazorat qilish texnik jihatdan imkonsiz emas.

“Konkret holatda ma’lum shaxslarga testga kirish huquqi berilib, aynan shu shaxslarni nazoratda tutishning imkoni yo‘qmi? Test shunchalik darajada ko‘p kishining qo‘lidan o‘tadimi? Nahotki elektron bazadan kim olganini bilib bo‘lmasa?!”

Davron Akbar, shuningdek, so‘nggi voqealar imtihon tizimiga bo‘lgan ishonchga ham jiddiy ta’sir qilganini ta’kidladi.

“Yangi ma’muriyat davrida erishilgan eng katta g‘alaba imtihon tizimining shaffofligi deb bilardim... Oxirgi voqealar esa bu fikrimni chilparchin qilib tashladi”.

Tarixchi va pedagog Jalol Boltayev ham bu holat bo‘yicha bir necha bor munosabat bildirib, mavjud materiallarning o‘ziyoq jiddiy savollarni yuzaga keltirayotganini ta’kidladi.

“Yana qanday “dalil” kerak? “x-variant” tarqaganligiga ishora qiluvchi kuchli argumentlar, jiddiy materiallar yetarlicha mavjud. Potensial aybdor shaxslarni aniqlash esa tegishli idoralarning vazifasi. Biroq negadir masalaga yetarli darajada e’tibor berilmayotgandek taassurot uyg‘onmoqda”, – degan u.  

Jalol Boltayev o‘z munosabatlaridan birida masalaning oqibatlari haqida keskin fikr bildirib, “Dok-1 max” tufayli 68 bola o‘lgan edi, “X-variant” tufayli esa butun ta’lim o‘lyapti, millat o‘lyapti, xalq o‘lyapti”, – deya ta’kidladi.


Tarixchi Husanboy Xoldorov esa masalaga boshqa jihatdan ham e’tibor qaratmoqda. Uning fikricha, “X-variant”dagi savollar mazmuniga qaraydigan bo‘lsak, ularni “tasodif” deyish qiyin. U bunga misol sifatida “x-variant” deyilayotgan faylda mavjud bo‘lgan va keyinchalik imtihonda ham tushgan quyidagi savolni keltiradi: 

“Qaysi hukmdor qadimgi dunyo tarixi bilan bog‘liq emas?” Imtihonda ham tushgan mazkur savolning to‘g‘ri javobi “Pipin Pakana” bo‘lgan.

“Bunday mazmundagi savollarga javob sifatida yuzlab tarixiy shaxslardan istalgan birini qo‘yish mumkin edi. Chunki amaldagi maktab darsliklarining o‘zida o‘rta asrlar tarixiga oid 300 dan ortiq tarixiy shaxs uchraydi. “Tasodif”ni qarangki, imtihonda ham aynan “x-variant”dagi shaxsning o‘zi chiqmoqda”, – deydi Husanboy Xoldorov.

Tarixchi Arslon Boltayev ham “x-variant” deyilayotgan ikkinchi fayldagi ayrim savollar to‘liq shaklda emas, balki “agar savol mana bunday boshlansa, javobi mana bunday bo‘ladi” tarzida yozilganligi uning e’tiborini tortganini ta’kidladi.

Arslon Boltayev bunga misol sifatida quyidagi holatni keltiradi: “Agar matn “Boston choy qo‘zg‘oloni”dan boshlansa…” To‘g‘ri javob: “Inglizlar Fransiyaga qarshi dengiz urushida ustunlikka erishdi”.

2-aprel kuni ayrim shaxslarga yetib borgan faylda shu kabi “agar savol mana bunday boshlansa, javobi mana bunday bo‘ladi” tarzidagi boshqa savollar ham mavjud bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, xuddi shu savollar keyinchalik imtihonda tushgan.

“Endi bu “x-variant” bo‘lmay, nima bo‘lsin?” – deydi Arslon Boltayev.

Tarixchi Aziz Nazar esa bu holatni nafaqat huquqiy, balki ma’naviy muammo sifatida ham baholab, “x-variant” orqali natija qilishni korrupsiyaning bir ko‘rinishi deb atadi. Savollarni sotish ham, sotib olish ham har jihatdan noto‘g‘ri ish ekanligini eslatib o‘tdi.


Tarixchi Xayrullo Hasanov o‘z munosabatida BMBA qo‘lida audio va videoyozuvlar mavjudligi aytilayotgan bir paytda vaziyat hanuz to‘liq oydinlashtirilmaganini savol ostiga oldi:

“To‘g‘risi, meni yana bir holat ajablantiryapti: BMBAda audio va videoyozuvlar, fayllar bor. Nimaga ular shaxslarni aniqlab chora ko‘rmayapti yoki vaziyatni oydinlashtirmayapti, qiziq...”, – deb yozdi u.

Tarixchi Jamol Ravshanov esa “x-variant” mojarosini “ta’limdagi adolat tamoyiliga tahdid” sifatida baholab, bu holat halol tayyorlangan yoshlarning motivatsiyasiga salbiy ta’sir qilayotganini qayd etdi.(https://t.me/tarixiy_tushuncha/2559).


Tarixchi Shahzod Sattorqulov ham “x-variant” mojarosi yuzasidan munosabat bildirib, tarix fanidan savollar oldindan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi qarashlarini yashirmadi.


“Haqiqatdan tarix fanidan “x-variant” tarqalgani rost deb o‘ylayman va bu natijaga yaxshigina ta’sir qilgan”, – deydi (https://t.me/Tarix_Akademiyasi/20201) u.


Pedagog Javohir Quramboyev ham tarix fanidagi “x-variant” mojarosi yuzasidan munosabat bildirib, masala bo‘yicha endi rasmiy choralar ko‘rilishi kerakligini ta’kidladi (https://t.me/Huquq_innovatsion/4706).


“Tarix fanidan bo‘lgan holatlar ko‘pchilikka allaqachon ma’lum. Dalillar ham, muhokamalar ham yetarlicha bo‘ldi. Endi tegishli tashkilotlar jim turmasligi, qat’iy choralar ko‘rishi kerak”.


Tarixchi va pedagog Nodirbek Nazarov ham “x-variant” mojarosi natijalarga sezilarli ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, ayrim holatlar unga “g‘ayritabiiy” tuyilganini aytdi.


U bunga misol sifatida o‘z o‘quvchilarining natijalarini keltirdi: 


“9-sinf o‘quvchim bor, olimpiadist, C+ oldi. U 9-sinfda C+ olganiga o‘zida yo‘q xursand. Biroq oz muddat o‘qigan va o‘sha o‘quvchimdan kuchli bo‘lmagan o‘quvchilarim B, B+ olib qo‘ydi. Hammasini o‘zim o‘qitganman, darajalarini yaxshi bilaman. Bu “x-variant” natijalarni “g‘ayritabiiy” qilib tashladi. Buni ko‘pchilik repetitorlar ham tasdiqlamoqda”.


Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ta’lim eksperti Komil Jalilov ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, avvalroq BMBA imtihondan oldin audiochatda o‘qilgan savollar bilan real imtihon savollari o‘rtasidagi moslikni bilvosita tan olganini eslatdi. U o‘z munosabatida quyidagilarni yozdi (https://t.me/jalilovqaydlar/4139):


“Aprel oyidagi tarixdan milliy sertifikat imtihoni test topshiriqlarining oldindan yopiq guruhlarda tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi iddaolarga munosabat bildirar ekan, Bilimlarni baholash agentligi o‘sha yopiq guruhda o‘qib eshittirilgan test topshiriqlari imtihonda bo‘lganini bilvosita tan olgan edi. Bundan o‘xshashlik (moslik) tasodif bo‘lishi mumkin emasligi haqida va testning validligini shubha ostiga qo‘yishi haqida yozgan edim. Undan keyin yana “x-variant” — xuddi shu imtihon kunlari tushgan test topshiriqlarini o‘z ichiga olgan fayl oldindan tarqalgani haqida xabar chiqdi”.


Komil Jalilov, shuningdek, BMBAning keyingi harakatlari unga tushunarsiz bo‘lganini ham ta’kidlagan.


“...agentlik test topshiriqlari oldindan tarqalganini bilvosita bo‘lsa ham tan olib turgan joyida, o‘sha test natijalarini e’lon qilgani va undan ham muhimi – bu holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildimi, bu tekshiruvning natijalari nima bo‘ldi, nima uchun test topshiriqlarining (yoki ularning bir qismining) mazmuni ayrim test topshiruvchilarga oldindan ma’lum bo‘lgani tashkilotning o‘zi tomonidan tan olingan holda test natijalarini bekor qilishni lozim topmadi – bu haqda bir og‘iz tushuntirish berishni ep ko‘rmagani juda hayron qoldirdi. Men rostdan ham hozirgi BMBA (oldingi DTM emas) tashkilot uchun “idora obro‘si” (“честь мундира”)dan ko‘ra validlik, adolat, shaffoflik kabi tamoyillar muhimroq deb ishongan edim.”


Telegramdagi @testlider kanalida o‘tkazilgan “x-variant” chiqqaniga ishonasizmi?” mazmunidagi so‘rovnomada qatnashganlarning 85 foizidan ortig‘i (4000 ga yaqin odam) “x-variant” tarqalganiga ishonishini bildirgan (https://t.me/TESTLIDER/8043).


Tarixchi va pedagog Jalol Boltayevning fikricha, argumentlardan kelib chiqsak, mavjud holatda bunga ishonmaslikning o‘zi kulgili bo‘ladi.


Ayni paytda esa “x-variant” mojarosi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar davom etmoqda va jamoatchilik holatga rasmiy hamda huquqiy baho berilishini kutmoqda.

Comments 4

Show more
Please register to comment!

Author of the article

"Xalq ta'limi Info"

"Xalq ta'limi Info"

Editorial

Tegs

  • Corruption
  • National certificate

Share