Top.Mail.Ru
Xalqaro olimpiada g‘oliblariga 17 mlrd so‘mdan ortiq mukofot puli topshirildi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Xalqaro olimpiada g‘oliblariga 17 mlrd so‘mdan ortiq mukofot puli topshirildi

14:57 / 21.11.2026 350

2026-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari 29 ta xalqaro fan olimpiadada qatnashib, jami 257 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 44 tasi oltin, 93 tasi kumush va 120 tasi bronza medalidir. 


Bugun xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalari g‘oliblari hamda ularning ustozlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda 2025–2026-o‘quv yili davomida yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar va pedagoglarga pul mukofotlari topshirildi.


Medallar soni yildan-yilga ortib boryapti


Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar soni 2019-yilda 29 tani, 2020-yilda 26 tani, 2021-yilda 41 tani, 2022-yilda 45 tani tashkil etgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 91 taga, 2024-yilda 128 taga, 2025-yilda esa 210 taga yetgan. 

2026-yilda o‘quvchilar 257 ta medal bilan natijani yanada yaxshilagan. 
Hududlar kesimida eng ko‘p medal Toshkent shahri o‘quvchilari hisobiga to‘g‘ri keladi — 102 ta. Keyingi o‘rinlarda Navoiy va Buxoro viloyatlari 23 tadan, Xorazm viloyati 16 ta hamda Namangan viloyati 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.


Bu yil o‘zbekistonlik o‘quvchilar Qozog‘istonda o‘tkazilgan Xalqaro sun’iy intellekt olimpiadasida ilk bor qatnashib, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.


Gretsiyada o‘tkazilgan Xalqaro Bolqon matematika olimpiadasida esa 5 ta oltin medalga sazovor bo‘lindi. Shuningdek, o‘zbekistonlik o‘quvchi qiz 58-Xalqaro kimyo olimpiadasida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdi.


Samarqand shahrida o‘tkazilgan II Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasida o‘quvchilarimiz 2 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. 


Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida esa 11 ta medal bilan yakka peshqadam bo‘lgan. Eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida ham o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami 20 ta medalni qo‘lga kiritgan. 


Jumladan, Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin va 3 ta kumush, Xalqaro matematika olimpiadasida 2 ta kumush va 3 ta bronza, Xalqaro fizika olimpiadasida 2 ta kumush va 2 ta bronza, Xalqaro informatika olimpiadasida 1 ta kumush va 3 ta bronza medali qayd etilgan.


Bundan tashqari, Xalqaro nemis tili olimpiadasida 1 ta oltin va 1 ta bronza, Xalqaro iqtisod olimpiadasida 2 ta bronza, Xalqaro geografiya olimpiadasida esa 1 ta bronza medal qo‘lga kiritilgan.


17 ta mintaqaviy olimpiadada o‘quvchilar jami 190 ta medal bilan taqdirlangan. Ularning 31 tasi oltin, 71 tasi kumush va 88 tasi bronza medali.


Olimpiada g‘oliblariga qancha mukofot berildi?


Taqdirlash marosimida o‘quvchilar va ularni tayyorlagan ustozlar uchun belgilangan pul mukofotlari ham topshirildi. Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘quvchiga 1 milliard 100 million so‘m, uning o‘qituvchisiga esa 198 million so‘m beriladi. 


Kumush medal sohibi 660 million so‘m, ustoziga 110 million so‘m, bronza medal sohibi esa 440 million so‘m, o‘qituvchisiga 66 million so‘m mukofot oldi.


Boshqa xalqaro olimpiadalar g‘oliblari uchun oltin medalga 66 million, kumush medalga 44 million, bronza medalga 22 million so‘m belgilangandi. Ularning ustozlariga esa tegishlicha 22 million, 15,4 million va 13,2 million so‘m mukofot berildi.


Shuningdek, mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblari uchun ham alohida mukofotlar nazarda tutilgan. Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘ona oshiriladi. 


Mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblari hamda asosiy olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblari kelgusida ta’lim muassasalarida o‘zlari g‘olib bo‘lgan fan bo‘yicha dars bersa, lavozim maoshiga 100 foizlik har oylik ustama oladi.


Ma’lumot uchun, 2026-yilda xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini taqdirlash uchun davlat budjetidan jami 17 milliard 11 million so‘m ajratilgan. Bu 2019-yildagi 780 million so‘mga nisbatan qariyb 22 barobar ko‘p.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • International Olympiad

Share