Top.Mail.Ru
29-avgustga qadar barcha hududlarda “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tadi

29-avgustga qadar barcha hududlarda “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tadi

01:17 / 11.08.2026 13

2026-yil 9-avgustdan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida beshinchi “Ustozlar milliy forumi” o‘tkazilmoqda. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar berdi.


An’anaga ko‘ra, forum yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin tashkil etildi. Unda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida kelgusi o‘quv yilida qanday vazifalar bajarilishi, ta’lim sifatini oshirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi muhokama qilinadi.


Bu yilgi forumning asosiy maqsadi ham faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklanmaydi. Unda maktab rahbarlari va xodimlarining mas’uliyatini oshirish, o‘qituvchi va tarbiyachilarning kasbiy bilimlarini rivojlantirish, yaxshi natija berayotgan usullarni boshqa ta’lim muassasalarida ham qo‘llash masalalariga e’tibor qaratiladi.


Forumning respublika bosqichi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilmoqda. Unda hududlardan 300 nafardan ortiq ilg‘or va faol o‘qituvchi hamda tarbiyachi ishtirok etmoqda.


Forum avgust oyida bosqichma-bosqich davom ettiriladi. 17–18-avgust kunlari tadbirlar viloyatlar darajasida, 20–21-avgust kunlari tuman va shaharlarda o‘tkaziladi. 24–29-avgust kunlari esa forumning maktablardagi bosqichi pedagogik kengashlar shaklida tashkil etiladi.


Ya’ni respublika miqyosidagi tadbirda muhokama qilingan masalalar keyinchalik hududlar, tuman va shaharlar hamda maktablarga yetkaziladi.


Forum davomida o‘qituvchilar uchun turli mashg‘ulotlar ham tashkil etiladi. Xususan, hamkor tashkilotlar, respublika tashkilotlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika Tashxis markazi mutaxassislari tomonidan dars mashg‘ulotlari va psixologik treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Forum doirasida xususan quyidagi mavzularda trening mashg‘ulotlari tashkil etiladi:


  • maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida uzluksiz kasbga yo‘naltirish tizimini rivojlantirish: innovatsion yondashuvlar va amaliy yechimlar;

  • qo‘shimcha ta’lim tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi: erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar;

  • xorijiy mutaxassislar bilan ishlashni tashkil etish tartibi: mas’ullar vazifalari, me’yoriy talablar va amaliy tavsiyalar;

  • davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritib kelayotgan loyihalar;

  • axborot xizmati faoliyatida media monitoring;

  • davlat tilini o‘qitishning zamonaviy konsepsiyasi, me’yoriy-huquqiy asoslari;

  • yangi avlod darsliklari va zamonaviy o‘qitish metodikasi asosida samarali ta’lim muhitini yaratish;

  • kasbiy rivojlanish — ta’lim sifati kafolati: yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar va kutilayotgan natijalar;

  • pedagogik kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishning raqamli ekotizimi.


Bundan tashqari, pedagoglarning jamoa bo‘lib ishlashini kuchaytirish va yangi o‘quv yiliga ko‘tarinki kayfiyatda kirib borishini ta’minlash maqsadida sport musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari ham o‘tkazilmoqda.


Forumda yangi darsliklar va o‘quv dasturlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro talablar asosida yangilangan umumta’lim fanlari dasturlari hamda yangi chop etilayotgan darsliklardagi o‘zgarishlar o‘qituvchilarga avgust oyidagi forum doirasida balki, bu mavzular o‘quv yili davomida “Kasbiy rivojlanish kunlari” va “Kasbiy rivojlanish soatlari” orqali pedagoglarga bosqichma-bosqich yetkazib boriladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ustozlar milliy forumi

Ulashish