Top.Mail.Ru
Pensiyaoldi yoshidagi, o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagogni ishdan bo‘shatish to‘g‘rimi?

Pensiyaoldi yoshidagi, o‘rta-maxsus ma’lumotli pedagogni ishdan bo‘shatish to‘g‘rimi?

09:23 / 24.09.2026 766

Savol

Men 30 yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritib kelaman. Kelasi yil yoshim yetib, nafaqaga chiqaman. Ma’lumotim o‘rta maxsus. Texnikumda o‘qiganman. 


Ayni damda mening sinfimni, darslarimni ruhiy bosim bilan olib, kollejda kompyuter bo‘yicha o‘qib, hozirgi kunda Boshlang‘ich ta‘limda, sirtqi ta’limni tamomlamagan (4-kurs), staji yo‘q pedagogga beryapti. 


1-sinf olib, yoz bo‘yi ularni hujjatlarini yig‘ib, maktabga qabul qilish jarayonlarini o‘tkazib, dars ham berdim. Bugun yig‘ilishda yig‘lab, qon bosimim oshib keldim. 


Shuncha yillik (30 yil) mehnatim singan maktabda bu ish qonun jihatdan qanchalik to‘g‘ri? Iltimos, menga qonuniy javob berib yordam bering? Nafaqaga yoshim yetsa, 1 kun ham ishlamasdim, o‘zi. 


Javob

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 4-moddasida har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlangan bo‘lib, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitish hisoblanadi. 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 9-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan o‘qituvchilarning malaka tavsiflariga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi uchun — boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha dars berish huquqi bilan kasbiy qayta tayyorlov kursini tugatgan bo‘lishi lozim. 


Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan sinf rahbarining lavozim yo‘riqnomasiga ko‘ra,  maktabda asosiy ishchi sifatida ishlayotgan, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega hamda o‘quvchilar bilan ishlashda mas’uliyat bilan yondasha oladigan xodimlarga sinf rahbarlik yuklatish mumkinligi nazarda tutilgan. Bunda boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi boshlang‘ich sinfga biriktiriladigan o‘qituvchilarga yuklatiladi. 


Ya’ni, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi uchun boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma’lumot ham yetarli ekanligi nazarda tutilgan. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarorining 6-bandi, qarorga 3-ilovaning 4-bandida ham o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar haqida so‘z borgan bo‘lib, mazkur toifadagi pedagoglarni ta’lim muassasasida faoliyat ko‘rsatmasligi haqida norma mavjud emas. 


“Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi (ro‘yxat raqami 3271) nizomning 15-bandi, 19-xatboshida ham oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar ta’lim muassasasida faoliyat yuritishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Bunda boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, o‘qish va matematika fanlaridan dars o‘tadigan o‘qituvchilarga yuklatiladi. 


Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirning 2025-yil 23-oktabrdagi 398-sonli buyrug‘i bilan sinf rahbarlariga qo‘yilgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lish talabi butunlay bekor qilingan. 


Shu sababli, ayni vaqtda sinf rahbarlik yuklatilgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan ularning o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligini yoki pensiya yoshiga yetganligini ro‘kach qilib, sinf rahbarlikni olib qo‘yish qonunchilikka zid holat hisoblanadi. 


Maktab direktorining pensiyaoldi yoshidagi, o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan pedagog xodim bilan mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilishi mehnat qonunchiligini buzish sifatida baholanadi. 


Bunday vaziyatlarda maktab direktoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilib, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima jazosi qo‘llanilishi mumkin. Demak, pedagog xodimning o‘rta maxsus pedagogik ma’lumotga ega ekani yoki pensiya yoshiga yaqinlashgani o‘z-o‘zidan uning sinf rahbarligini yoki darslarini olib qo‘yish uchun qonuniy asos bo‘la olmaydi. 


Agar pedagog xodim mehnat huquqlari buzilgan deb hisoblasa, hududiy adliya, bandlik bo‘limlariga yoki prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin. Pedagog xodim g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa, u holda sud orqali qayta ishga tiklanishini, majburiy bekor turib qolgan vaqti uchun tegishli to‘lovlarni undirishi ham mumkin. 


Chunki, Mehnat kodeksining 320-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimni mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etishning barcha hollarida u olmagan ish haqining o‘rnini qoplab berishi shart.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Pensiya
  • Dars taqsimoti

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

So'ragan edingiz

“Psixologiya va pedagogika” yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar “Tarbiya” fanidan dars berishi mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qaroriga ko‘ra, “Psixologiya va pedagogika” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Tarbiya” fanini o‘qitish huquqi berilgan.

12:31 / 11.09.2026
So'ragan edingiz

1-4-sinfdagi “Jismoniy tarbiya” dars soatlarini boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan olib qo‘yilishi to‘g‘rimi?

Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi o‘qituvchilarining ko‘plab talab va istaklarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining ko‘rsatmasiga asosan 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab maktablarda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dars berish huquqiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanidan dars berish huquqi beriligan.

14:45 / 09.09.2026
So'ragan edingiz

Maktab maslahatchisiga dars berish masalasiga vazirlik rasmiy tushuntirish berdi

Maktab maslahatchisi lavozimida ishlayotgan xodimga Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori asosida haftasiga 10 soatgacha o‘qituvchi lavozimini qo‘shib olib borish, ya’ni shu tartibda o‘quv yuklamasi yuritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

18:08 / 05.09.2026
Yangiliklar

Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘qituvchiga qo‘shimcha dars soatlari ajratib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilgani uchun qamoqqa olindi.

13:29 / 04.09.2026