Top.Mail.Ru
Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi

Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi

17:46 / 20.10.2026 893

2026-yil 3-oktabrda Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. 


Oradan ko‘p o‘tmay, 9-oktabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. 


Erkinjon Turdimovdan ham avvalroq vazirlik qayta tashkil etilgan kunning o‘zida vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari tayinlangandi. Biroq, boshqa o‘rinbosarlar tayinlanmagandi. Bugun mazkur tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda xalqtaliminfo.uz manbasi xabar berdi.


Oybek Yo‘ldoshev ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi




Oybek Yo‘ldoshev PwC Uzbekistan kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va kapital loyihalar amaliyoti direktori sifatida faoliyat yuritgan.


U 2014–2016-yillarda BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) mahalliy boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash loyihasida iqtisodchi sifatida faoliyat yuritgan. 2016–2018-yillarda esa Centil Advisory kompaniyasida rivojlanish va islohotlar yo‘nalishi bo‘yicha hamkor (Partner) lavozimida ishlagan.


2016–2018-yillarda Centil Advisory kompaniyasida rivojlanish va islohotlar yo‘nalishi bo‘yicha hamkor (Partner) lavozimida ishlagan. 2018-yil dekabr oyida PwC kompaniyasiga katta menejer (Senior Manager) sifatida ishga o‘tgan va ushbu lavozimda 2022-yil sentabrgacha faoliyat yuritgan. 2022-yil sentabr oyidan boshlab esa PwC Uzbekistan’da davlat sektori, infratuzilma va kommunal xizmatlar yo‘nalishidagi maslahat xizmatlari direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.


Sanjar Mahamadjon o‘g‘li Mirzaliyev vazir o‘rinbosari etib tayinlandi




Sanjar Mirzaliyev 1990-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan.


Shuningdek, AQSHdagi Urbana–Shampeyn Illinoys universitetida (University of Illinois Urbana-Champaign) magistratura bosqichida tahsil olgan. Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent hisoblanadi.


U mehnat faoliyati davomida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “O‘zagrotexsanoatholding” va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turli lavozimlarda ishlagan. 


Jumladan, Turin politexnika universitetida o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida esa ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar yo‘nalishida faoliyat yuritgan.


2026-yil 14-mayda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Toshkent shahridagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori etib tayinlangan.


Mirzaliyev ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanib kelgan. Uning oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshqarish, innovatsiyalar va ilmiy ishlar samaradorligini baholashga oid maqolalari chop etilgan.


Mehriniso Pardayeva vazir o‘rinbosari etib tayinlandi




Mehriniso Pardayeva 1972-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Navoiy davlat pedagogika institutining matematika va umumtexnika fanlari fakultetida tahsil olgan.


U mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, Respublika ta’lim markazi direktorining o‘rinbosari hamda Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida prorektor lavozimlarida ishlagan.


Pardayeva 2014-yildan Respublika ta’lim markazida faoliyat yuritgan. Markazdagi faoliyati davomida Milliy o‘quv dasturini tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etgan. Keyinchalik u Abdulla Avloniy nomidagi institutda ta’lim innovatsiyalarini joriy etish yo‘nalishida faoliyat olib borgan.


Tayinlovga qadar Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining Ta’limni pedagogik-psixologik qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.


Ilxom Toxirovich Siradjev vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan




Ilxom Toxirovich Siradjev 2026-yil 3-oktyabrda Ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Ilxom Siradjev 2006–2017-yillarda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar o‘quvchilar texnik ijodiyot markazida turli lavozimlarda ishlagan.


2017–2023-yillarda Xalq ta’limi vazirligida bosh iqtisodchi, moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i, moliyaviy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i hamda Moliya-iqtisod departamenti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.


2025-yilda Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasiga loyiha koordinatori sifatida ishga o‘tgan.


Tayinlovga qadar Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.



Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Tayinlov

Ulashish