Top.Mail.Ru
O‘quvchilarga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar endi jarimaga tortilishi mumkin

O‘quvchilarga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchilar endi jarimaga tortilishi mumkin

13:07 / 23.12.2025 506

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.


Qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, bunda ta’lim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.


Mazkur Qonun loyihasining ayrim bandlariga Milliy tiklanish partiyasi tomonidan takliflar berilib, bunda mazkur qoidani boshqacha talqin qilish oqibatida kelib chiqadigan holatlarni ham inobatga olish kerakligi aytildi.


Deputatlar esa Milliy tiklanish demokratik partiyasining mazkur taklifini qabul qildi. Ya’ni, o‘qituvchi bolani tahqirlamasa, xo‘rlamasa va jismoniy zo‘ravonlik qilmasa, javobgarlikka tortilmaydi. Turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan ruhiy bosim, g‘amxo‘rlik qilmagani uchun kabi mezonlar tahrirdan chiqarildi.


Bugungi majlisda quyidagi masalalar ham muhokama qilindi


Notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqidagi arizadagi imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyati yuklatilyapti.


Vasiy yoki homiy o‘z yashash joyini o‘zgartirmoqchi, shu jumladan boshqa mamlakatga ko‘chib ketmoqchi bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi belgilanmoqda. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki belgilanyapti.


Shu bilan birga, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod etilmoqda.


Shuningdek, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga ro‘yxatga qo‘yganda ham davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif etilmoqda.


Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik

Ulashish