Qaysi toifadagi o‘qituvchilarga uy-joy ipoteka krediti uchun subsidiya berilishi aniq bo‘ldi
Xabaringiz bor, 2025-yil 15-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimi xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida pedagoglarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surib, o‘qituvchilarga 8 ta imtiyoz joriy etilishi haqida aytgandi.
Ulardan biri 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplab berish bo‘yicha imtiyozlarni joriy etish edi.
Nihoyat, Vazirlar Mahkamasining “Oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lgan pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab kamida 15 yil pedagogik ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplab berish uchun davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
E’tibor bering: bu yerda ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalining 100 foizini emas, ana shu boshlang‘ich to‘lov badalining aynan 25 foizini qoplab berish nazarda tutilmoqda.
Qarorga ko‘ra, ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng ko‘p miqdorlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Bunda subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi hamda ushbu jarayondagi barcha xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya olish uchun kelib tushgan arizalar “subsidiya.idm.uz” elektron platformasi orqali inson omilisiz ko‘rib chiqiladi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi orqali avtomatik tarzda to‘lab beriladi.
Mazkur subsidiyalarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan har yili 200 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan tegishli Nizomga asosan subsidiya ariza beruvchining ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) doirasida qurilgan uy-joylar uchun beriladi.
Bunda Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turib yashovchi subsidiya olish bo‘yicha talablarga javob beradigan pedagoglar Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida olishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur subsidiya bir oilaga (eri yoki xotiniga) faqat bir marta beriladi.
Subsidiya olmoqchi bo‘lgan pedagoglar qanday talablarga javob berishi kerak?
Birinchi navbatda pedagog xodim kamida 15 yillik ish staji, 60 yoshgacha bo‘lgan yoshda bo‘lishi hamda oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi kerak. Bunda pedagog xodimdan uzliksiz ish staji talab qilinmaydi. Ya’ni, umumiy hisobda 15 yillik ish stajiga bo‘lishi yetarli hisoblanadi.
Shuningdek, pedagog xodim subsidiyaga ariza topshirgan vaqtda ta’lim tashkilotida ishlayotgan bo‘lishi talab etiladi.
Ariza beruvchi o‘qituvchi hamda uning turmush o‘rtog‘ining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida ikki yoki undan ortiq mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak.
Agar ariza beruvchi o‘qituvchi hamda uning turmush o‘rtog‘ining nomida hech qanday turar joy mavjud bo‘lmasa, bunda o‘sha o‘qituvchiga subsidiya olish uchun navbat olishda ustuvorlik beriladi. Ya’ni, bunday hollarda subsidiya tezroq chiqadi.
Shuningdek, ariza beruvchining kredit tarixi kamida bitta ishtirok etuvchi tijorat bankining ichki qoidalariga muvofiq bo‘lishi lozim.
O‘qituvchi barcha talablarga javob bergan taqdirda unga subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan, berilgan vaqtdan boshlab qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar davomida amal qiladigan hujjat beriladi.
Qanday hollarda o‘qituvchiga subsidiya berilmaydi?
- o‘qituvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lsa;
- arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar kamida bitta ijtimoiy mezonga mos kelmasa;
- boshqa uy-joy subsidiya dasturlari asosida o‘qituvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i subsidiya imtiyozlaridan foydalanganda;
- subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnoma amalda bo‘lganda;
- subsidiya olish uchun topshirgan arizasi ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lganda;
- ariza beruvchining kredit tarixi salbiy holatda ekanligi aniqlanganda;
- joriy yilda ajratiladigan subsidiya mablag‘lariga mutanosib ravishda subsidiyalar soni tugaganda.
Barcha talablarga javob bergan hamda subsidiya ajratish to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan hujjatni olgan talabgor uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi hamda mazkur shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni tijorat bankiga taqdim qiladi.
Tijorat banki tegishli hujjatlar to‘liq taqdim qilingandan so‘ng besh ish kuni ichida qarz oluvchiga kredit berish masalasini o‘rganib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal summasi ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng ko‘p miqdorlari doirasida ajratiladigan ipoteka krediti miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan uy-joy qiymatining 15 foizi miqdorida aniqlanadi.
Ajratilgan ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25 foizi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Surxondaryo “oblono” boshlig‘i vazirlikka ishga o‘tdi, uning o‘rniga esa yangi rahbar tayinlandi
Attestatsiya masalasi bilan Prezident administratsiyasi shug‘ullanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qanday vazifalar belgilab berildi?
Samarqand “oblono” boshlig‘i ishdan olindi
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Maktab o‘qituvchilarga ham milliy sertifikatlarni olish uchun subsidiya beriladimi?
O‘qituvchilarga milliy sertifikatlarni olish uchun subsidiyalar ajratilishi haqida eshitgandim. Bu maktab o‘qituvchilariga ham taalluqlimi?
Yangiliklar
Hilola Umarova o‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar haqida nima deydi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov davlat rahbari tomonidan o‘qituvchilar bayrami kuni oldidan e’lon qilingan imtiyozlar nega haligacha joriy qilinmaganligiga e’tibor qaratdi.
Yangiliklar
O‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazilib, g‘olib jamoaga “Damas” beriladi
O‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha ilk bora “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasi tashkil etiladi.
Yangiliklar
Endilikda har oyda o‘qituvchilarga xorijga sayohat yo‘llanmasi beriladi
Unitur hamda “Profi” ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Xatamov har oyda bir nafar o‘qituvchiga xorijga sayohat qilishi uchun bepul yo‘llanma berilishini ma’lum qildi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang