Top.Mail.Ru
Sinf metodbirlashma rahbari 10 foizlik ustama olishga haqlimi?

Sinf metodbirlashma rahbari 10 foizlik ustama olishga haqlimi?

10:55 / 31.07.2024 4.52k

Savol

Maktablarda metod birlashma rahbarlari direktor jamg‘armasidan 10 % ustama olishi mumkin ekan. Shunda sinf rahbarlari metod birlashma rahbarlari ham ustama olishga haqlimi?


Javob

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining lavozim yo‘riqnomasiga muvofiq maktablarda sinf rahbarlari metodbirlashmalari tashkil etiladi.


Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 7-bob, 26-bandiga ko‘ra umumta’lim muassasasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlariga 10 foiz har oylik ustama haq belgilanishi mumkinligi qayd etilgan.


Ko‘rib turganingizdek, mazkur nizomda faqatgina fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlari nazarda tutilganligi bois sinf metodbirlashma rahbariga 10 foizlik ustama tayinlash imkonsiz.


Aslida, sinf metodbirlashma rahbariga ham 10 foizlik ustamalarni joriy qilish to‘g‘ri bo‘lardi. Sababi, ular ham fan yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy birlashmalari rahbarlari kabi faoliyat olib boradilar.


Afsuski, Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqqan mualliflar masalaning bu jihatini e’tiborga olmagan bo‘lishi mumkin.


Shu sababli, hozirgi kunda sinf metodbirlashma rahbariga ustama tayinlashning imkoni yo‘q. 


Shu o‘rinda, xalqtaliminfo.uz tahririyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga sinf metodbirlashma rahbarlariga ham ustama belgilash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishini ma’lum qilamiz.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama
  • Sinf rahbari

Ulashish