Top.Mail.Ru
Sinf rahbarlik va daftar tekshirish uchun to‘lab berilgan pullar qaytarib olinishi to‘g‘rimi?

Sinf rahbarlik va daftar tekshirish uchun to‘lab berilgan pullar qaytarib olinishi to‘g‘rimi?

21:38 / 04.08.2024 2.96k

Savol

2021, 2022 va 2023-yillarda sinf rahbarlik va daftar tekshirish uchun to‘lab berilgan pullar xato to‘langan deb, direktorlar o‘qituvchilardan pullarni o’z ixtiyori bilan qaytarishni so‘rashmoqda. Bu qanchalik qonunchilikka muvofiq?


Javob

Sinf rahbarlik hamda daftar tekshirganlik uchun qo‘shimcha to‘lovlar Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.


Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas. 


Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksi 1030-moddasiga ko‘ra, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.


Ya’ni, pedagog xodimlarga 2021, 2022 va 2023-yillarda sinf rahbarlik va daftar tekshirish uchun to‘lab berilgan pullar xato to‘langan deb, uni qaytarishni talab qilib bo‘lmaydi. Bu to‘lovlarni qayta undirib olish imkonsiz.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Sinf rahbari
  • Tekshiruv

Ulashish