Top.Mail.Ru
Ma’naviyat markazining maktablarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tekshirish ishlari bekor qilindi

Ma’naviyat markazining maktablarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tekshirish ishlari bekor qilindi

17:10 / 15.05.2024 1.71k
“Ma’naviyat markazi maktablarni tekshirmoqchi, savolnomada majburiy obuna ham bor” sarlavhasi ostida e’lon qilingan xabar yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangibozor tuman bo‘linmasi hamda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Xalqtaliminfo.uz tahririyati tomonidan mazkur xabar e’lon qilingach, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi holatni nazoratga olganini bizga ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangibozor tuman bo‘linmasi ushbu xabarga rasmiy munosabat bildirib, 2021-yildan buyon “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallariga barcha ta’lim muassasalari davlat byudjeti tomonidan obuna qilinib kelinayotgani, bunda hech bir pedagog yoki xodimning shaxsiy mablag‘lari hisobidan obuna bo‘lishi nazarda tutilmaganligini bildirdi.
“Yangibozor tumanidagi o‘rganishda mazkur jurnallarga obuna holati va barcha sonlarining maktabga yetib kelishi o‘rganilib, salbiy holat aniqlangan taqdirda jurnallarning yetib kelishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari “Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi”, “Jadid” kabi gazetalarga obuna holati o‘rganilishidan maqsad esa ta’lim muassasalari mazkur obunalarni tashkil etishga imkon topmagan taqdirda tuman hokimligi tomonidan homiylik asosida obunalarni tashkil qilish rejalashtirilgan”, - deyiladi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangibozor tuman bo‘linmasi bergan rasmiy bayonotda.
“Tekshiruvdan maqsad jazolash emas, aksincha yordam berish bo‘lgan” — Ma’naviyat markazi

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangibozor tuman bo‘linmasi mas’ul xodimining xalqtaliminfo.uz tahririyatiga ma’lum qilishicha, mazkur tekshiruvdan asosiy maqsad jazolash emas, balki maktablarga amaliy yordam berish bo‘lgan.
“Viloyatlar, tuman, shaharlarda ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari raislari hokimlar sanaladi. Hududiy ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari tomonidan hududda mavjud ijtimoiy muassasalardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirib borish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, amaliy yordam berish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, bugun internet va ijtimoiy tarmoqlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, milliy kontentni rivojlantirish, aholi, xususan yoshlarni milliy kontentlarga jalb etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasi kun tartibiga ko‘tarilgan. Shuning uchun ham yuqoridagi masalalar bo‘yicha maktablarga tegishli yordamlarni ko‘rsatish uchun ishchi guruh tuzilgan”, - deyiladi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangibozor tuman bo‘linmasi rasmiy bayonotida.

Ma’naviyat markazining maktablarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tekshirish ishlari bekor qilindi

Holat yuzasidan Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ham rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, ayni vaqtda Yangibozor tuman hokimligi hamda tuman Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi tomonidan umumta’lim maktablarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘rganish ishlari bekor qilingan.
“Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi 352-son qaroriga 2-ilovaning 3-bobida umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirishga vakolatli davlat organlari keltirilgan bo‘lib, ushbu qarorda mahalliy davlat hokimliklari umumta’lim muassasalarida tekshiruv o‘tkazishi nazarda tutilmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlari belgilangan bo‘lib, ushbu moddada ham ta’lim muassasalarini tekshirish vakolati kiritilmaganligini ma’lum qilamiz”, - deyiladi Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy bayonotida.
Shu bilan birga, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi umumta’lim muassasalariga amaliy yordam berish maqsadida yoki ta’limni rivojlantirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organi yoki uning tegishli bo‘linmalari tomonidan asosli takliflar yoki ta’lim muassasalariga bevosita tashrif buyurish orqali amalga oshiriladigan tadbirlar yuzaga kelgan taqdirda bu jarayon o‘zaro kelishuv asosida yuqori turuvchi tashkilotning roziligi hamda shu tashkilotning ishonchli vakili bilan hamkorlikda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini eslatgan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Rasmiy munosabat
  • Tekshiruv

Ulashish