Top.Mail.Ru
14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi

14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi

14:11 / 02.10.2026 44

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi.


Bugun Oliy Majlis Senatida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.


25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish


Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.


Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi.


Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.


Bepul yuridik yordam va tergovni yozib olish


Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan e’tiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.


Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib bo‘yicha o‘tkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilanmoqda.


Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qo‘yilmoqda.


Ta’lim muassasalari xodimlari zo‘ravonlik uchun ishdan bo‘shatilishi mumkin


Mehnat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, ta’lim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos bo‘ladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qo‘yiladi.


Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.


Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zo‘ravonlikka uchrashdan qo‘rqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning so‘roviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.

“Bu oilaviy nizolarning yanada avj olishi va qayta zo‘ravonlik sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi”, — dedi senator.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik

Ulashish