Top.Mail.Ru
O'qituvchi va tarbiyachilarni konkurs asosida ishga qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda

O'qituvchi va tarbiyachilarni konkurs asosida ishga qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda

10:38 / 28.08.2024 784

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bu yilgi saylovoldi dasturida bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni konkurs asosida ishga qabul qilish tartibini joriy etish, “Yangi avlod pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbuslarini ilgari surayotgani ma’lum boldi.


Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Daryo.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.


Partiya raisining aytishicha, o‘qituvchi-pedagoglarni ishga qabul qilish masalasi bugungi kungacha o‘zining munosib yechimini topmagan. Ta’lim-tarbiya sifati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan munosib pedagog kadrlarni ishga olish, bu bo‘yicha shaffof tizimlarni yaratish dolzarb masala hisoblanadi. Umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi-pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishga asoslangan shaffof tizim joriy etilmaganligi o‘z-o‘zidan ta’lim sifatiga ta’sir qiladi.


“Tarbiya va ta’lim islohotlarning eng ustuvor masalasi sifatida qabul qilingani holda keragicha mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa-da, vazirlik bu borada yetarlicha ishlar qilyapti, deb bo‘lmaydi. Bu fikrga bog‘cha va maktablardagi o‘zgarishlar nihoyatda sust yoki depsinish holatida kechayotgani ham misol bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri, mas’ullar tarbiya va ta’limda natija ko‘rinishi uchun vaqt kerakligini aytishmoqda. Lekin vaqti kelib natijalar ko‘rinishi uchun bugun tizimli ishlar olib borilishi kerak. Masalan, bog‘chalarimizdagi 126 ming tarbiyachining 48 mingi oliy ma’lumotli, xolos.

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin, ya’ni tarbiyaning hal qiluvchi bosqichi kimlarning qo‘lida? 
Yigirma yil ishlab, malaka topmagan yoki qo‘lida diplomi bilan sohada adashib yurganini juda yaxshi biladigan, boshqa ish chiqqunicha bog‘cha yoki maktabda kun sanab yurganlarning malakasini oshirish uchun pul sarflashdan ma’no bormi?

Tarbiyachi ham, o‘qituvchi ham ish o‘rnini yo‘qotmasligi uchun o‘z ustida ishlashi, ish beruvchi oldida o‘zining malakali kadr ekanini isbotlashi kerak. Bu xarajatlarni kamaytirish, maoshlarni jozibali qilish uchun qo‘shimcha manba yaratadi, tarbiyachi va o‘qituvchilarni raqobatbardosh qiladi, pirovardida esa tarbiya va ta’lim sifatini oshiradi”, - deydi A.Qodirov.


Shuningdek, bugungi kunda adliya tizimida munosib kadrlarni ishga qabul qilish, bu bo‘yicha zamonaviy AKT, elektron platformalarni joriy etgan holda shaffof ishga qabul qilish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganligi, lekin nima uchun tegishli mas’ullar ta’lim-tarbiya tizimida bu jihatlarga yetarli darajada e’tibor qaratmayotgani, bu borada belgilangan vazifalar ijrosi kechikayotgani ta’kidlandi.

“O‘z saylovoldi dasturimizda bu masalaga alohida e’tibor qaratgan holda bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni ishga qabul qilish masalalarini tartibga solishga qaratilgan o‘z tashabbuslarimizni ilgari suryapmiz”, - deya fikrini yakunlandi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi A.Qodirov.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati
  • Taklif

Ulashish