Top.Mail.Ru
Endi o‘quvchilar 5–8-sinfdan boshlab xalqaro olimpiadalarga tayyorladi

Endi o‘quvchilar 5–8-sinfdan boshlab xalqaro olimpiadalarga tayyorladi

12:03 / 12.10.2024 1.97k

“Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-346-son) imzolandi.


Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi (Markaz) tashkil etilishi belgilandi.


Qobiliyatli hamda fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.


2025-yildan Markaz tomonidan:


  • 5–8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;


  • har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar, qo‘llanmalar va jurnallar yaratilib boriladi;


  • o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlovchi trener-o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi, ularga yangi metodikalar o‘rgatib boriladi;


  • fan olimpiadalari bo‘yicha milliy terma jamoalarning xorijiy davlatlar terma jamoalari bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;


  • o‘quvchilar uchun xalqaro olimpiadalarda ruhiy bosimni yengish bo‘yicha seminarlar hamda motivatsion treninglar tashkil qilinadi;


  • iqtidorli yoshlar uchun “intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.


Fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.


Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan: 


  • nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi;


  • asosiy fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoalar rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.


2025-yil 1-dekabrgacha:


  • xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, onlayn fan olimpiadalarini tashkil qilish va o‘tkazish hamda olimpiadalar ishtirokchilarining ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi;


  • O‘zbekistonda o‘tkaziladigan buyuk allomalar nomi bilan ataladigan xalqaro fan olimpiadalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtiriladigan, mahalliy va xorijiy o‘quvchilarning ushbu olimpiadalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlarini ta’minlaydigan maxsus sayt ishga tushiriladi.


Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq:


  • millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik hissini shakllantirish, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishida — Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasi;


  • matematika va informatika yo‘nalishida — Al Xorazmiy nomidagi yoshlar turkiy olimpiadasi;


  • kimyo yo‘nalishida — Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasi;


  • fizika yo‘nalishida — Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Xalqaro fizika olimpiadasi;


  • biologiya yo‘nalishida — Abu Ali Ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasi o‘tkazib borilishi belgilandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • olimpiada
  • Xalqaro olimpiada

Ulashish