Top.Mail.Ru
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi milliy sertifikatning qaysi darajasi uchun 50% ustama oladi?

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi milliy sertifikatning qaysi darajasi uchun 50% ustama oladi?

23:13 / 14.02.2025 2.93k

Savol

Menda o‘zbek tili bo‘yicha C+ milliy sertifikati bor. O‘zbek sinflarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Shu vaqtga qadar 20% ustama olayotgan edim.

Endi yanvardan menga ham 50 foiz ustama hisoblanadimi? Ayrimlarning aytishicha, faqat B+ dan yuqorilargagina 50 foiz to‘lanar ekan. Shu rostmi?


Javob

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022-2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–134-sonli farmoni 9-bandiga ko‘ra Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustamalar to‘lab berish nazarda tutilgan.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37–son Farmoni 12-bandiga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega “Ona tili va adabiyot” fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilandi.


Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori bilan xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan.


Mazkur qo‘shma qarorning 4-bobida umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi C darajadagi milliy sertifikat ustama to‘lash uchun asos bo‘lishi keltirib o‘tilgan. C+ darajadagi milliy sertifikat esa C darajasidagi sertifikatdan yuqoriroq.


Ushbu qo‘shma qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlarga ustama olish uchun sertifikatlarning eng kam darajasi 60 ball etib belgilangan.


Demak, C darajadagi (mazkur qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlar uchun 60 ball) milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga ustama to‘lab beriladi.


Bunda boshlang‘ich ta’limda dars beruvchi ustozlarga sinflar kesimida quyidagi fan soatlari uchun 50 foiz miqdorida ustama to‘lanadi:


  • 1-sinfda o‘quv yilining 1-2-choraklarida 4 soat “Alifbe”, 4 soat “Yozuv”, 3-4-choraklarida 4 soat “Ona tili”, 4 soat “O‘qish savodxonligi” fani;


  • 2-4-sinflarda 4 soatdan “Ona tili”, 3 soatdan “O‘qish savodxonligi” fani.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Milliy sertifikat

Ulashish