Top.Mail.Ru
O‘qituvchilarga qachondan boshlab 70 foizlik ustama to‘lash boshlanadi?

O‘qituvchilarga qachondan boshlab 70 foizlik ustama to‘lash boshlanadi?

21:37 / 09.07.2025 3.41k

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 48-bandida attestatsiyada ishtirok etib, 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha 70 foiz ustama belgilanishi nazarda tutilgan.


Mazkur nizomning 47-bandiga ko‘ra attestatsiya jarayonlari yakunlanganidan so‘ng bir oy muddatda vazirlikning tegishli buyrug‘i (qarori) bilan attestatsiya natijalariga ko‘ra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari berilgan pedagog kadrlarning ro‘yxati tasdiqlanadi hamda ro‘yxatga asosan pedagog kadrlarga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikatlar platforma orqali onlayn generatsiya qilinadi.


Bunda navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan, shuningdek, navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra malaka toifasi (lavozimi) tushirilgan pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun vazirlikning rasmiy veb-sayti UzASBO dasturi hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilinadi.


Pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi hamda ularning ish haqlari sertifikat generatsiya qilingan kundan boshlab qayta hisoblanadi.


Ma’lumki, bahorgi attestatsiya test jarayonlari may oyida yakunlangan bo‘lib, qoidaga ko‘ra malaka toifalarini generatsiya qilish hamda pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga sertifikatlarni yuborish iyul oyidan boshlangan.


Demak, 86 ballik natija bilan malaka sertifikatini olgan, oliy hamda birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarga sertifikat olingan kundan boshlab 70 foizlik ustamalar ularning oylik ish haqlariga qo‘shib hisoblash boshlanadi.


Xalqtaliminfo.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 70 foizlik ustamaga ega bo‘lgan pedagoglarga mazkur ustamalarni to‘lab berish va uning boshqa tartiblari bo‘yicha ko‘rsatma xat tayyorlanmoqda.


Tez kunlarda mazkur ko‘rsatma xat hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga ham yuboriladi.


Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarorida xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi nazarda tutilgan.

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish