Germaniya maktablarida urush va mudofaa bo‘yicha darslar joriy qilinishi mumkin
Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning fikricha, maktab o‘quvchilari urush va falokatlar uchun yaxshiroq tayyorlangan bo‘lishi kerak. U buni oqilona ehtiyot chorasi deb hisoblamoqda, boshqalar esa buni qo‘rquv va vahima uyg‘otish deb baholamoqda.
Taklif etilayotgan o‘quv dasturi evakuatsiya va birinchi yordam ko‘rsatish mashqlarini, favqulodda holatlar, jumladan, suv toshqini, kiberhujum yoki elektr ta’minotidagi uzilishlarni simulyatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Germaniya maktablarida falokatlar va urush mavzusi ancha vaqtdan buyon, asosan nazariy yo‘nalishda o‘rganib kelinadi. Endi esa Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt bunday vaziyatlar uchun amaliy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini maktablarda ham o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bunga o‘t o‘chirgichdan foydalanishdan tortib, jarohatlangan o‘quvchiga yordam ko‘rsatish amaliyoti ham kiradi.
“Taklifim shundan iboratki, har bir o‘quv yilida katta sinf o‘quvchilari uchun turli tahdid ssenariylari va ularga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kengaytirilgan dars o‘tkazilishi kerak”, — dedi u Handelsblatt gazetasi bilan bo‘lgan suhbatda. Uning aytishicha, urushga tayyorlanish maktab hayotining odatiy bir qismiga aylanishi lozim.
Vazirning bu fikri ko‘plab kuzatuvchilar, shuningdek, kansler Fridrix Mersning pozitsiyasi bilan hamohang. U esa “Biz urushda emasmiz, ammo tinchlikda ham emasmiz”, - deb aytgan. Uning bu fikrini Rossiyadan kelayotgan tahdidlar bilan bog‘lagan.
O‘qituvchilar yangi tashabbus tarafdori
Vazirning taklifi Germaniyaning 165 mingga yaqin o‘qituvchilarini birlashtiruvchi Ta’lim beruvchilar uyushmasi tomonidan iliq kutib olindi.
“Urush, rostini aytganda, allaqachon kirib kelgan. Bunday mashg‘ulotlar odamlarga urush vaqtida qanday harakat qilish kerakligini o‘rgatadi, bu esa yoshlarning kompetensiyasini oshiradi”, — dedi uyushma rahbari Stefan Dyull OAV nashrlaridan biriga bergan intervyusida.
Maktab o‘quvchilari kengashi bosh kotibi Kventin Gertner esa o‘zi o‘qigan maktab davrida urush yoki mudofaa bo‘yicha hech qanday mashqlar bo‘lmaganini, faqat odatiy yong‘inni o‘chirish haqidagi tavsiyalarni eslashini aytdi.
Uning fikricha, bunday mashg‘ulotlar jamiyatning “barqarorligini oshiradi”— ayniqsa urush davrida. Shuningdek, urush paytida xotirjam bo‘lish va stressni kamaytirishga yordam beradi.
Muxolifat partiya yetakchisi Nikol Golkning fikricha, bu aniq qo‘rquv uyg‘otishga qaratilgan. U bolalar va yoshlar orasida bunday qo‘rquvni kuchaytirishni qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.
Germaniya hukumati faqat tavsiya berishi mumkin; maktab dasturi bo‘yicha so‘nggi qarorlarni esa faqat shtatlar ta’lim vazirliklari qabul qiladi.
Boshqa davlatlar tajribasi qanday?
Yaponiya ta’lim tizimida falokatlarga tayyorgarlik yillar davomida markaziy o‘rin tutib keladi. Maktabgacha ta’limdan boshlab o‘quvchilar zilzilalar, bo‘ronlar va hatto Shimoliy Koreya tahdidlariga tayyorlanishni o‘rganadi.
Polshada esa yondashuv yanada qat’iyroq. 14–15 yoshli o‘quvchilar uchun qurol bilan muomala bo‘yicha majburiy mashg‘ulotlar bor. Shunday mashg‘ulotlarda bolalarga qurolni yig‘ish, o‘q joylash kabilar o‘rgatiladi. Ko‘plab polshalik ota-onalar va o‘qituvchilar bu mashg‘ulotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘quv dasturlari doirasida “O‘qotar va pnevmatik sport qurollarining taktik-texnik tavsiflari” amaliy mashg‘ulotlari kiritilishi belgilangan bo‘lib, maktab o‘quvchilari qurol otish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tash tartibi yo‘lga qo‘yildi hamda maktablarga harbiy poligonlardan foydalanishga ruxsat berilgandi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi o‘quvchilarning zararli odatlari haqida xabar bergan pedagoglar mukofotlanishi mumkin
Attestatsiyada ingliz tilidan tushgan testlar to‘liq tahlil qilindi
Endi CHQBT rahbarlariga ham 20 foizgacha ustama to‘lanadi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang