Top.Mail.Ru
Bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish butunlay taqiqlandi — Avstraliya

Bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish butunlay taqiqlandi — Avstraliya

11:27 / 17.11.2025 120

Dunyoda birinchi bo‘lib Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish rasman taqiqlanadi. Mazkur cheklovlar 2025-yil 10-dekabrdan boshlab kuchga kiradi. Bu haqda xorijiy nashrlarga tayanib, Oyina.uz xabar bermoqda.


Avstraliya hukumati yoshlarni raqamli dunyodagi xavf va bosimlardan himoya qilishga qaratilgan tarixiy qadamni tashladi. 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha yangi yosh cheklovlari kuchga kiradi.


Avvalroq, Avstraliya parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi. 


Mazkur qonunda ota-onalar va bolalar taqiqni buzganliklari uchun jazolanmasligi, ammo tegishli kompaniyalar voyaga etmagan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqqa kirishini oldini olish uchun choralar ko‘rmagan taqdirda jarimaga tortilishi nazarda tutilgandi. Ushbu talablarga rioya qilmaslik 49,5 million Avstraliya dollari miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.


Yangi cheklovlar o‘nlab yirik platformalarga, xususan, Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat va YouTube kabilarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu kompaniyalar belgilangan yosh ko‘rsatgichiga yetmagan avstraliyaliklarga tegishli tarmoqlardan foydalanishni cheklashi, mavjud akkauntlarni bo‘lsa tizimdan o‘chirishi kerak bo‘ladi.


Rasmiylarning ta’kidlashicha, bundan maqsad bolalarni jazolash emas, balki platformalarni voyaga yetmagan auditoriyani aniqlab, ularni tarmoqlarga kirishiga chek qo‘yishga oid “Adekvat chora” qabul qilishga majbur qilishga chaqirishga majbur qilishdir.


Ayni vaqtda Meta kompaniyasi 450 ga yaqin avstraliyalik o‘smirlarga Instagram va Facebook tarmoqlaridagi akkauntlarini o‘chirish yoki 16 yoshga yetgunga qadar muzlatib qo‘yish taklifi bilan xabarnomalar yuborishni rejalashtirmoqda. TikTok o‘z navbatida tegishli akkauntlar miqdorini baholab, xulq-atvor xususiyatlari tahliliga tayanib, 200 mingga yaqin foydalanuvchi profilini deaktiv qiladi.


Avstraliya tashabbusi xalqaro miqyosda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bu yondashuvni “oqilona” deb, Bryusselda umumevropa “Raqamli voyaga yetganlik yoshi”ni kiritish bo‘yicha muhokamalar olib borilayotganini ma’lum qilgan.


Biroq mazkur choraning samaradorligi bo‘yicha ikkilanishlar ham yo‘q emas: 140 dan ortiq olim va huquq himoyachilari bunday “qat’iy” chora samarasiz bo‘lishi va bu o‘smirlar kam nazorat qilinadigan, biroq xavfliroq ijtimoiy tarmoqlarga o‘tib ketishi mumkinligi bo‘yicha xavotirini bildirgan.


Asosiy sinov ta’qiqning amaliyotga tatbiq etilishi bo‘ladi. Platformalardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy tekshirish talab etilmaydi, biroq ular foydalanuvchi yoshini aniqlash uchun tarmoq ko‘rsatgichlari va tashqi xizmatlarni ichiga olgan xulq-atvor tahliliga tayanuvchi kompleks yondashuvni qo‘llashi kutilmoqda.


Umuman olganda, Avstraliya bu kabi qoidalar samaradorligini tekshirish uchun global maydonga aylanmoqda. Bu eksperimentning muvaffaqiyatli yoki omadsiz kechishi Avstraliya tajribasi boshqa mamlakatlarga namuna bo‘lish yoki bo‘lolmasligini hal qiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mobil telefon
  • Avstraliya

Ulashish