Top.Mail.Ru
Endi maktabdagi rahbar xodimlar oylik maoshini yana oshirishi mumkin

Endi maktabdagi rahbar xodimlar oylik maoshini yana oshirishi mumkin

14:55 / 10.01.2026 10.94k

Xabaringiz bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-son qarori bilan umumta’lim muassasalarining direktori va uning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlariga qarab ularga 10 foizdan 20 foizgacha ustama tayinlash tartibi joriy qilingandi.


Bunda maktabdagi rahbar xodimlar faoliyati 100 ballik tizimda baholanib, ta’lim tashkilotidagi akademik va noakademik natijalar, tarbiyaviy ishlar samaradorligi, moliyaviy faoliyat samaradorligi hamda malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab maktab direktoriga 20 foiz, uning o‘rinbosarlariga esa 10 foizlik ustama belgilash mumkin bo‘ladi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 30-dekabrdagi 478-sonli buyrug‘i bilan maktab direktori va uning o‘rinbosarlari faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarining (KPI) baholash metodikasi va tartibi belgilandi.


Endilikda, 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.


Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori va uning o‘rinbosarlariga belgilangan faoliyat samaradorlik ko‘rsatkichlari umumta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan baholanadi.


Direktor yoki direktor o‘rinbosarlariga belgilanadigan har oylik ustama umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasidagi mavjud mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.


Har oylik ustama belgilanishi uchun direktor yoki direktor o‘rinbosarlari mazkur umumta’lim muassasasida kamida 9 oy davomida asosiy lavozimi bo‘yicha faoliyat yuritgan bo‘lishi talab etiladi.


Direktor yoki direktor o‘rinbosarlari o‘zi faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasasida boshqa lavozimga o‘tganda yoki boshqa umumta’lim muassasasiga ishga o‘tganda ularga tayinlangan har oylik ustamalar saqlanmaydi.


Ammo, teng lavozimga rotatsiya qilingan direktor va direktor o‘rinbosarlariga mazkur ustamalar berilishi to‘xtatilmaydi.


Direktor va uning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligi quyidagicha baholanadi:


Akademik natijalar (40 ball)


  • umumta’lim muassasasi o‘quvchilarining fan olimpiadalarida qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun — 10 ball;


  • umumta’lim muassasasi bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonidagi (o‘rtacha ball) natijalari uchun – 10 ball;


  • yuqori sinf (5-11-sinf) o‘quvchilarning yillik o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (sifat ko‘rsatkichi) uchun – 10 ball;


  • umumta’lim muassasasi bitiruvchilarining xorijiy til bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatga ega ekanligi uchun – 5 ball;


  • respublika miqyosidagi rasmiy tanlovlardagi natijalari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi) uchun – 5 ball.


Noakademik natijalar (10 ball)


  • ilg‘or ish tajribasi ommalashtirilgan o‘qituvchilar ulushi yuqoriligi uchun – 5 ball;


  • umumiy o‘rta ta’lim maktab rahbariyatining OAVlarda faolligi (internet va ijtimoiy tarmoqlar hamda matbuot va televideniyada ta’limga oid chiqishlar) uchun – 5 ball.


  • tarbiyaviy ishlar samaradorligi  (15 ball)


  • umumta’lim tashkilotlari ta’lim jarayonida o‘quvchilarning ishtiroki (davomat) uchun – 5 ball;


  • umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy faoliyat samaradorligi (madaniy, huquqiy, ekologik, harbiy vatanparvarlik tanlovlarida o‘quvchilarning g‘olib bo‘lganligi) uchun – 5 ball;


  • tuman (shahar), viloyat va Respublika miqyosidagi tanlovlardagi natijalari (madaniyat, san’at, kitobxonlik, texnika va sport yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovlarda o‘quvchilarning g‘olib bo‘lganligi) uchun – 5 ball.


Moliyaviy faoliyat samaradorligi (5 ball)


  • umumta’lim muassasasi faoliyatining moliyaviy samaradorligi (budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etilishi) uchun – 5 ball.


Malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi (30 ball)


  • oliy va birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ulushi yuqoriligi uchun – 20 ball;


  • o‘qituvchilarining milliy va xalqaro tan olingan imtihon tizimlari bo‘yicha sertifikatlarga egaligi uchun – 10 ball.


Bunda maktab direktori 91-100 ball to‘plaganda 20 foiz, 81-90 ball to‘plaganda 15 foiz, 71-80 ball to‘plaganda 10 foiz, 61-70 ball to‘plaganda 5 foiz miqdorda ustama tayinlanadi.


Direktor o‘rinbosarlari 91-100 ball to‘plaganda 10 foiz, 81-90 ball to‘plaganda 7,5 foiz, 71-80 ball to‘plaganda 5 foiz, 61-70 ball to‘plaganda esa 2,5 foiz miqdorda ustama tayinlanadi.


Maktab direktori va uning o‘rinbosarlari faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari 60 va undan past ballni tashkil etganda ularga mazkur ustamalar tayinlanmaydi.

Izohlar 3

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama
  • Oylik maosh

Ulashish