Top.Mail.Ru
2030-yilgacha maktabgacha va maktab ta’limi tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2030-yilgacha maktabgacha va maktab ta’limi tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

15:07 / 28.01.2026 785

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi 158-sonli Farmoni bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlangandi. Joriy yilning 26-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati borligini ta’kidlaganidan keyin, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. 


Ammo, strategiyaning takomillashtirilgan loyihasida ta’lim tizimi yo‘nalishida juda katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmaydi. Ya’ni, ta’lim yo‘nalishida 2030-yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari avvalgi tahrirdan deyarli farq qilmasligini ko‘rish mumkin.


“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasida ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilishi reja qilingan quyidagi bir qancha vazifalar belgilangan:


  • bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish;


  • 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash;


  • bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olish;


  • olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish;


  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan 100 foiz ta’minlash;


  • 1 000 ta nomdagi yangi avlod darslik majmualarni (darslik, mashq daftari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar) chop etish;


(Avvalgi tahrirda 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar yaratish nazarda tutilgandi)


  • yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 000 ta multimedia dasturlarini yaratish;


  • ta’lim tashkilotlariga har yili 600 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish; 


(Avvalgi tahrirda 500 nafar etib belgilangandi)


  • Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ulushini 100 foizga yetkazish;


  • 500 ming nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining malakasini uzluksiz oshirish;


  • ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tayyorlangan kadrlar ulushini 17 foizga yetkazish;


  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 baravar oshirish;


  • nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 1 000 taga yetkazish;


  • nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish;


  • nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar ulushini 3 baravarga oshirish;


  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari va akademik lisey bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;


  • umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlash ulushini 100 foizga chiqarish.


“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining avvalgi tahririda:


  • barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslarini joriy etish;


  • 1 000 nafar tarbiyachi va o‘qituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish;


  • 2024-yildan boshlab har yili davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 100 tadan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari qurilishi bo‘yicha shartnomalar tuzish;


  • davlat-xususiy sheriklik asosida va xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan 2 milliard dollarlik umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilgandi.


Eslatib o‘tamiz, bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlanib, keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Loyihaga taklif bildirish.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati

Ulashish