Top.Mail.Ru
Ikki yil avval malaka oshirgan o‘qituvchiga yangi o‘quv yiliga ustama uchun ball beriladimi?

Ikki yil avval malaka oshirgan o‘qituvchiga yangi o‘quv yiliga ustama uchun ball beriladimi?

23:22 / 28.01.2026 44

Savol

Malaka oshirishga har 5 yilda bir marotaba boriladigan bo‘ldi. O‘tgan yili o‘qituvchilarga ustama belgilashda malaka oshirishning 2024-yildagi sertifikatini hisobga olib, ball berishgandi. Joriy o‘quv yilida ham shunday bo‘ladimi yoki yangi sertifikat so‘raladimi? Javob uchun oldindan rahmat.


Javob

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 6-bob, 21-bandiga ko‘ra pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga direktor jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.


Bunda pedagog xodim belgilangan reja asosida malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi uchun quyidagicha ball beriladi:


  • o‘z vaqtida malaka oshirish kurslarida qatnashmagan bo‘lsa yoki qatnashgan bo‘lsada, kurslar yakuniga ko‘ra yakuniy attestatsiyadan o‘ta olmagan va tegishli sertifikatga ega bo‘lmasa – 0 ball;


  • o‘z vaqtida malaka oshirish kurslaridan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lsa – 10 ball.


Ko‘rib turganimizdek, pedagog xodimga yangi o‘quv yili uchun ustama tayinlashda, uning o‘z vaqtida malaka oshirishdan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lganligi asos hisoblanadi.


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qaroriga muvofiq yangi tartib joriy etilgan bo‘lib, bunga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari besh yilda bir marotaba (eski tartibga ko‘ra bir yilda bir marotaba) majburiy malaka oshirish kurslariga jalb etilishi hamda har yili tashkilot xodimlarining o‘rtacha 20 foizi malaka oshirish lozimligi belgilab berilgan.


Bunda 2024-yilda malaka oshirgan pedagog xodim keyingi besh yil ichida ish beruvchi tomonidan majburiy tarzda malaka oshirishga yuborilishi lozim. Ana shu muddatga qadar esa uning 2024-yilda malaka oshirgani haqidagi sertifikati o‘z kuchida bo‘ladi. 


Izoh: Belgilangan vaqtda o‘quv kursiga bormagan, shuningdek, uzrli sabablarsiz qatnashmagan hamda belgilangan namunadagi sertifikatni olmagan holatlar bundan mustasno.


Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga 1-ilova “Pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlari” jadvalining 7-pozitsiyasiga alohida izoh berilgan bo‘lib, bunda agar pedagog xodimga bog‘liq bo‘lmagan holda tegishli malaka oshirish kurslari tashkil etilmagan taqdirda, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha maksimal ball berilishi qat’iy belgilangan.


Shu sababli, 2024-yilda malaka oshirish kursidan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarning keyingi majburiy malaka oshirish navbati kelgunga qadar sertifikati o‘z kuchida bo‘lishini inobatga olinib, 2026-2027-o‘quv yili uchun ham pedagoglarga maksimal ball berilishi lozim.


Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 11-iyuldagi 03-32-1540-sonli ko‘rsatma xatida 2024-yilda malaka oshirish kursidan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarning keyingi majburiy malaka oshirish navbati kelgunga qadar sertifikati o‘z kuchida bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama
  • Malaka oshirish

Ulashish