Top.Mail.Ru
Xususiy maktab o‘qituvchilari ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovida qatnashsa bo‘ladimi?

Xususiy maktab o‘qituvchilari ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovida qatnashsa bo‘ladimi?

22:36 / 05.02.2026 24

Savol

Xususiy maktabda ishlayman. Men ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovida qatnashsam bo‘ladimi? Masalan, attestatsiyada davlat maktabi o‘qituvchilari kabi ishtirok etishimizga ruxsat berilgan. Bu “Yil o‘qituvchisi”da ham ishtirok etishimizga ruxsat bormi?


Javob

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qarori bilan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan.


Mazkur qaror bilan “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Nizomning 2-bandiga ko‘ra nomzodlar tanlovda ishtirok etish uchun murojaat yuborish vaqtida oliy yoki birinchi malaka toifasiga hamda kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega, ta’lim tashkilotlarida tanlov o‘tkaziladigan o‘quv yili boshidan asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan bo‘lishi lozim.


Ammo, tanlov faqatgina Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan.


Shu sababli, nodavlat ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagog xodimlar “Yil o‘qituvchisi” tanlovida ishtirok etolmaydi.


Xususiy maktab o‘qituvchisi attestatsiyada ishtirok etishi mumkin


Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom nodavlat ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlarini ham attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasi berishni tartibga soladi.


Bunda nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari o‘z xohishiga ko‘ra mazkur nizom talablariga muvofiq navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishi mumkin.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yil o‘qituvchisi

Ulashish