Top.Mail.Ru
Ikkinchi toifaga ega bo‘lgan stajyor-o‘qituvchi ham kasbiy sertifikat olishi kerakmi?

Ikkinchi toifaga ega bo‘lgan stajyor-o‘qituvchi ham kasbiy sertifikat olishi kerakmi?

10:30 / 20.05.2024 14.52k
Savol
Birinchi yil ishga kirib, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tgan va ikkinchi toifani olgan stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikat imtihoniga ham qatnashishi kerakmi?

Javob
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-fevraldagi 87-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra stajyor-o‘qituvchi — davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli jismoniy shaxs hisoblanadi.

Mazkur reglamentda kimlar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmasligi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:

  • fan nomzodi, falsafa doktori Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar;

  • magistr darajasiga ega mutaxassislar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra ilgari attestatsiyadan o‘tmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Ammo pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin. Agar stajyor-o‘qituvchilar navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tib, ikkinchi malaka toifani olgan bo‘lsa ham, bu toifa kasbiy sertifikat o‘rnida o‘tmaydi.

Xulosa shuki, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tgan va ikkinchi malaka toifani olgan stajyor-o‘qituvchilar ham kasbiy sertifikat imtihoniga jalb qilinadi.

Ma’lumot uchun, xalqtaliminfo.uz tahririyati ushbu masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari bilan ham muzokaralar olib borgan. 

Muzokaralar yakunida esa vazirlik mas’ullari navbatdan tashqari attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikat imtihoniga jalb qilinadi degan xulosaga kelgandi.

Xalqtaliminfo.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, keyinchalik malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilmaslik bo‘yicha tegishli hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Amaldagi hujjatda esa mazkur qoida nazarda tutilmaganligi sababli, hozircha malaka toifasiga ega bo‘lgan stajyor-o‘qituvchilar ham kasbiy sertifikat olishi kerak bo‘ladi.

Izohlar 6

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Kasbiy sertifikat
  • So'ragan edingiz

Ulashish