Top.Mail.Ru
Xorijdan kelgan o‘qituvchilar sifatli ta’lim bera oldimi?

Xorijdan kelgan o‘qituvchilar sifatli ta’lim bera oldimi?

11:30 / 08.07.2024 6.90k
Ma’lumki, xorijiy til sifatida maktablarda eng ko‘p o‘qitilayotgan fan ingliz tilidir. Umumta’lim maktablarining 9 924 tasida ingliz tili (6 mln 98 ming 862 nafar o‘quvchi), 901 tasida nemis tili (2 mln 661 nafar o‘quvchi), 581 tasida esa fransuz tili (133 ming 475 nafar o‘quvchi) chet tili fanlari sifatida o‘qitilmoqda. (2023-y.)

Xabaringiz bor, 2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilingandi. 2024-yildan boshlab esa yana 1 500 ta “til egalari” olib kelinishi reja qilingandi.

Ular yuqori sinf o‘quvchilariga Buyuk Britaniyaning “Cambridge University Press”, Fransiyaning “Didiyer”, Germaniya Federativ Respublikasi “KLETT” nashriyotining darslik va dasturlari asosida dars o‘tishi belgilangandi.

“Til egalari”ni ta’lim jarayoniga jalb qilish O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davlat strategiyasida belgilangan bo‘lib, unga muvofiq, ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish nazarda tutilgan.

Xo‘sh, “til egalari” bolalarga sifatli ta’lim bera oldimi?

Albatta, ta’lim muassasalariga “til egalari”ning jalb qilinishi ta’lim sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir o‘tkazganligi haqida aniq bir statistika e’lon qilinmagan, yoki biz eshitmadik.

Ammo, “til egalari” jalb qilingan maktablardagi ayrim pedagoglarning fikricha, bu amaliyotning ta’lim sifatiga ijobiy ta’siri unchalik sezilmagan. Aksariyat pedagoglar bolalar ularning “tilini” yaxshi tushunmayotgani, ba’zi hollarda esa ularga yordamchi o‘qituvchi biriktirishga majbur bo‘lishgani haqida fikr bildirgandi.

Albatta, yuqoridagilar shunchaki oddiy bir fikr. Ammo “til egalari”ni maktablarga jalb qilish bizga arzonga tushayotgani yo‘q. Shu sababli, mazkur amaliyot bizga qanchalik naf keltirayotganini aniq o‘lchovlar bilan tahlil qilib borishimiz kerak.

“Til egalari”ga qancha maosh va imtiyozlar va’da qilingan?

Chet eldan jalb qilinayotgan o‘qituvchilarga qancha maosh to‘lanayotgani haqida ochiq manbalardan ma’lumot topish qiyin bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tegishli bo‘lgan ish.uzedu.uz saytida ham oylik maosh va imtiyozlar haqida ma’lumot joylanmagan.

Ammo uzdiplomat.uz nashri e’lon qilgan maqolada chet ellik o‘qituvchiga 4200 AQSh dollar maosh berilishi yoziladi. Shuningdek, teachaway.com saytiga joylangan e’lonlarning birida Prezident maktablarining xorijiy o‘qituvchilariga 4210 AQSh dollari miqdorida oylik ish haqi taklif qilingan.

Demak, oddiy maktablarga jalb qilinayotgan “til egalari”ga ham yuqoridagi maoshdan kam bo‘lmagan miqdorda oylik taklif qilingani aniq. Chunki, xorijdan kelayotgan “til egalari” o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bir necha yillardan buyon yetisholmayotgan 1000 dollar maoshga kelmasligi aniq.

Ko‘plab manbalarda chet ellik o‘qituvchilarga bir qancha imtiyozlar berilganligini ham ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi chet ellik ingliz tili o‘qituvchilarini ishga taklif qilish to‘g‘risidagi e’lonlarning birida ularga, oylikdan tashqari, borish-kelish aviachiptasi, uy-joy, viza olish xarajatlarini qoplash va tibbiy sug‘urta va’da qilinganini ko‘rish mumkin.

Biz “til egalari” jalb qilingan ayrim maktablarda bo‘lib, xorijlik o‘qituvchilar haqida o‘zbekistonlik hamkasblaridan so‘radik.

“Til egalari” byurokratiyadan holi, faqat darsini o‘tadi, o‘zbekistonlik o‘qituvchilar kabi tadbirma-tadbir yurmaydi, jurnal, gazetalarga obuna bo‘lmaydi, yuqoridan kelgan bo‘lmag‘ur topshiriqlarni bajarishga majbur emas, hech kim ish buyurolmaydi, yil yakunida “remont” deb boshini qotirmaydi. Hech kim unlarni tushunmaydi, ular ham hech kimni tushunmaydi.

Eng qizig‘i, bolalar ham ularning tilini tushunmayapti. Chunki, bolalar hali chet tilini hali yaxshi tushunmaydi, buni tan olib aytishimiz kerak. “Til egasi”ga esa bola tushunadimi, darsni qanchalik o‘zlashtirdi bu qiziq emas. Darsini o‘tsa bo‘ldi-da...

Eng alam qilayotgan joyi esa ular dars o‘tadigan sinf xonalarni ham biz, o‘zbekistonlik o‘qituvchilar tozalab beramiz. Yuqorida aytganimdek, faqat kelib darsini o‘tadi, tayyor xonada”, - deydi “til egalari” jalb qilingan maktabda ishlaydigan o‘qituvchilardan biri.

“Til egalari” yaxshiroq dars o‘tishi ilmiy asoslanganmi?

Bu mavzuni ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ayrim tadqiqotlarga asoslanib tahlil qilgan:
“Turkiyada o‘tkazilgan bir tadqiqotda muallif “til egasi” bo‘lgan o‘qituvchilar o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan munosabatiga, motivatsiyasiga ijobiy ta’sir qiladi, degan xulosaga kelgan.

Shu bilan birga, "til egalari" asosan xususiy maktablarda ishlashi tufayli tadqiqotchi “til egalari” ishlaydigan xususiy maktablarni va bunday o‘qituvchilar bo‘lmagan davlat maktablarini solishtirgan va davlat maktablari o‘quvchilari motivatsiyasi balandroq bo‘lsa ham, xususiy maktablar o‘quvchilariga qaraganda kamroq muvaffaqiyatga erishadi, degan xulosaga kelgan. Bu esa o‘quvchining muvaffaqiyatida boshqa faktorlar ham (masalan, maktablardagi shart-sharoitlar o‘rtasidagi farq) muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi.

Britaniyalik boshqa bir tadqiqotchi esa til o‘rganishga ta’sir qiladigan turli omillarni tahlil qilib, “xorijiy tilni o‘qitishdan maqsad - til egasiga taqlid qilish emas”, til egasi bo‘lmagan o‘qituvchilarning o‘ziga xos kuchli jihatlari bor (masalan, o‘rganilayotgan tilga ona tili ta’sirini hisobga olish imkoniyati) degan xulosaga keladi. AQSHlik tadqiqotchi esa o‘z maqolasida “til egasi”ning ustunligi afsonasidan voz kechish kerak, degan xulosani beradi.

Nima bo‘lganda ham, cheklangan resurslarni taqsimlashda populistik yondashuvdan ko‘ra ta’limning maqsadini (bizga faqat ingliz tilini biladigan o‘quvchilar kerakmi? boshqa fanlar-chi?), ta’limning sifatiga ta’sir qiladigan birlamchi omillarni (hojatxonasi, kutubxonasi yo‘q, ikki smenada o‘qiydigan maktablarga falon pulga chet ellik ingliz tili o‘qituvchisini olib kelsak, ta’lim sifati qanchalik oshib qoladi?) tahlil qilib, ilmiy asoslangan holda yondashilsa, o‘rta va uzoq istiqboldagi samara karrasiga ko‘proq bo‘lardi”, - deydi Komil Jalilov.
O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning ozi qancha maosh olmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar oylik maoshlar bo‘yicha boshqa sohalarga qaraganda eng quyi pog‘onalarni egallagan bo‘lib, ularning o‘rtacha ish haqi 3 million 434 ming so‘mni tashkil qilgan.

2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, oylik maoshi 6 mln so‘mdan oshgan o‘qituvchilar soni 25 ming 697 nafarni tashkil etgan. Bunda 6 million so‘mdan 10 million so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingtani, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingtani tashkil qiladi. Yana 2 mingga yaqin o‘qituvchilarga vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘langan. (2023-y.)

Yuqoridagi ko‘rsatgichlar umumiy o‘qituvchilar sonining 5 foizini tashkil qiladi. Ya’ni, qolgan 95 foiz o‘qituvchilar kontingenti Statistika agentligi nazarda tutayotgan eng kam oylikni olayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘qituvchilarning oylik maoshi toifalarga ko‘ra quyidagicha belgilangan:

  • O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 756 ming 194 so‘m;

  • Oliy ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 948 ming 543 so‘m;

  • Ikkinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 301 ming 055 so‘m;

  • Birinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 678 ming 381 so‘m;

  • Oliy toifali o‘qituvchi – 4 mln 064 ming 865 so‘m.

Agar oliy toifali xorijiy til o‘qituvchisi direktor jamg‘armasi hisobidan 40 foiz, xalqaro sertifikatga ega bo‘lganligi uchun 50 foiz ustama olgan taqdirda yanada koproq maosh olishi mumkin.

Ma
’lumki, o‘zbekistonlik o‘qituvchilarda qo‘shimcha imtiyozlar mavjud emas. Talim muassasalari esa jozibador emas. Biz ta’lim muassasalarida ishlash istagida bo‘lgan salohiyatli pedagoglarni jalb qilish uchun “til egalariga” va’da qilayotgan yuqori maosh va imtiyozlarning hech bo‘lmaganda yarimini bera olganimizda edi, “til egalari”siz ham ta’lim sifatini ko‘tara olgan bo‘lardik balki.

Chet ellik o‘qituvchilarni ishga taklif qilib, o‘zimiznikilarga berilmaydigan oylik va imtiyozlarni ularga berilishi biroz tushunarsiz holat.

Aslida o‘zimizda ham salohiyatli, bilimli o‘qituvchilar juda ko‘p. Faqat ular hozir biz berayotgan oylik va sharoitga maktabga kelib ishlashni xohlamayapti xolos. O‘sha imkoniyatlarni o‘zbekistonlik o‘qituvchilarga berilsa, kerak bo‘lsa, “til egalari”dan ham ko‘ra yaxshiroq natija qilib berishlari mumkin edi.

Xulosa o‘rnida esa yuqorida aytganlarimizni yana ta’kidlaymiz: “Til egalari”ning maktablarga jalb qilinishi ta’lim sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir o‘tkazganligi haqida aniq statistik va tahliliy ma’lumotlar e’lon qilinishi shart.

Izohlar 5

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xorijiy til
  • Til egalari

Ulashish