Top.Mail.Ru
Xilola Umarova maktablardagi tibbiyot xonalari haqidagi parlament so‘roviga javob yubordi

Xilola Umarova maktablardagi tibbiyot xonalari haqidagi parlament so‘roviga javob yubordi

17:11 / 23.07.2024 2.13k

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 31-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarovaga “Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.


Bunga respublikadagi ayrim umumta’lim maktablarida tibbiyot xonalari yo‘qligi va mavjud tibbiyot xonalari ham zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlanmaganligi sabab bo‘lgandi.


Qonunchilik palatasining joriy yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdi.


Unda keltirilishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar uchun tibbiy xizmatni tashkil etish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, salomatligini muhofaza qilish masalalari mas’ul vazirliklarning tegishli qo‘shma qarori bilan tartibga solingan.


Umumiy o‘rta ta’lim maktablariga hududiy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tomonidan reja asosida shifokor va hamshiralar biriktirilgan. Yurtimizdagi 10 165 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida shifokorlar 6 357 nafarni, o‘rta tibbiy xodimlar 10 176 nafarni, stomatologlar 252 nafarni tashkil etmoqda.


Shu bilan birga, bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi 10 165 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9 085 tasida tibbiy xonalar mavjud. Ularning 7766 tasi barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Qolganlari qisman jihozlangan. Mazkur tibbiy xonalarni 36 turdagi dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 7,8 mlrd. so‘m, tibbiy buyumlar xarid qilish uchun 116 mln. so‘m ajratilgan.


Vazir javobida keltirilishcha, Sog‘liqni saqlash vazirligining profilaktik emlash kalendar rejasi asosida o‘quvchilarni yoshiga muvofiq emlash ishlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasida bir yilda bir marotaba tor mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, 1-4 sinflarda yilda bir marotaba 100 foiz gijjaga qarshi tekshiruvlar olib borilmoqda.


Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganligi qayd etilib, maktabgacha va maktab ta’limi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova

Ulashish