Top.Mail.Ru
Milliy o‘quv dasturi amalda ishlayaptimi?

The website texts are translated by Google, errors possible!

Milliy o‘quv dasturi amalda ishlayaptimi?

17:05 / 18.02.2025 579

Har qanday mamlakat majburiy ta’lim tizimining maqsadlari, o‘quvchilar nimani va nima uchun o‘qib-o‘rganishlarini curriculum deb ataladigan hujjat belgilaydi. Oksford ta’lim lug‘ati (Oxford Dictionary of Education, 2015) curriculum so‘ziga quyidagicha ta’rif beradi: “ta’lim muassasasida o‘qitiladigan biron-bir fan yoki yo‘nalishning mazmuni va spetsifikatsiyasi; kengroq ma’noda, mamlakatdagi barcha o‘quvchilar uchun amal qiladigan o‘quv dasturi”.

National curriculum
– milliy o‘quv dasturi
, ya’ni mamlakat miqyosida barcha o‘quvchilar nimalarni bilishlari, tushunishlari, qadrlashlari va qila olishlari kerakligini belgilaydigan hujjat ta’lim tizimi uchun o‘ta muhim (critical) ahamiyatga ega hujjat bo‘lib, o‘quvchilarning sifatli, keng qamrovli va muvozanatlashgan ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi (Adegbenro, 2021).

Bunday hujjat barcha manfaatdor tomonlar (stakeholders) – ta’lim tizimi xodimlari, o‘quvchilar, ota-onalar, jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, odatda bunday hujjatni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish uchun mas’ul davlat idorasining (masalan, ta’lim vazirligining) rasmiy manbalarida e’lon qilinadi (masalan, qarang:
Britaniya milliy o‘quv dasturi, Singapur davlatining boshlang‘ich, o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim uchun o‘quv dasturlari, Finlyandiya milliy o‘quv dasturi, Kanadaning Ontario provinsiyasi o‘quv dasturi va hokazo).

Biroq O‘zbekistonda ikki o‘quv yilidan beri – aynan hozirgi vazir Hilola Umarova va uning jamoasi ish boshlaganidan beri – 6 milliondan oshiq o‘quvchining kelajagiga daxldor bunday hujjat mavjud emas yoki amalda ishlamayapti. Nima uchun shunday va umuman, 2030-yilga borib PISA xalqaro tadqiqotida top-30ga kirishni maqsad qilgan O‘zbekiston uchun bunday hujjat qanday tamoyillarga asoslanishi kerak? Ushbu maqolada shu savollarga javob izlab ko‘ramiz.

Otdan oldin arava yoxud “o‘quv dasturlarini top” kvesti?

O‘zbekistonda o‘quv dasturi bilan bog‘liq ayni paytdagi vaziyatni shunday tasvirlash mumkin. Respublika byudjetidan “umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash” uchun har yili o‘rtacha hisobda 1,3 trln so‘m ajratilmoqda (masalan, qarang: 2025-yil, 2024-yil), lekin, trillionlar evaziga “yangilanayotgan” darsliklar mazmunini belgilaydigan hujjat – ta’lim standartlari yoki o‘quv dasturlarini hech qaysi manbadan topa olmaysiz, garchi vazirlik ularni “bor” deb iddao qilayotgan bo‘lsa ham.

Aslida oldin o‘quv dasturi, keyin darslik yaratilishidek oddiy haqiqatni (aslo teskarisi emas!) tushunish uchun, nazarimda, pedagogika bo‘yicha dissertatsiya yoqlash shart emas. Lekin, hozircha ochiq manbalarda topish mumkin bo‘lgan yagona hujjat – Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son
qarori bilan tasdiqlangan va hozirgi kunga kelib kuchini yo‘qotgan umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi standartlari.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining ta’kidlashicha, bugungi kunda umumta’lim maktablarida Xalq ta’limi vazirining 2021-yil 17-dekabrdagi 406-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan standartlar amal qilmoqda va bu standartlar asosida yuqoridagi aytilgan –o‘z kuchini yo‘qotgan – standartlar yotadi.

Vazirlik rasmiy
saytida yoki boshqa ochiq manbada mazkur buyruqni topish imkonsiz, ta’lim mazmuniga javobgar Respublika ta’lim markazi esa o‘z telegram kanalida faqat kalendar-taqvim rejalarni (ularni ham ko‘pincha choraklarga bo‘lgan holda) e’lon qiladi. Biroq, kalendar-taqvim reja – bu ta’lim standarti yoki o‘quv dasturi emas, unda o‘quvchilar nimalarni bilishlari va qila olishlari kerakligi aks etmaydi, faqat darsliklardagi qaysi mavzuga necha soat ajratilgani beriladi, xolos.

Aslida, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov imzolagan 406-son buyruqqa ilova qilingan standartlar – Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-son qaroriga ilova qilingan standartlarning aynan o‘zi. Biroq, buyruq matnining 5-bandida shunday jumla mavjud: “Umumiy o‘rta ta’limning milliy o‘quv dasturining bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilishi bilan, mazkur buyruq bilan tasdiqlangan davlat ta’lim standartining tegishli sinflarga qo‘yilgan talablari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi”. Ya’ni, buyruqqa ko‘ra, bosqichma-bosqich bu standartlar o‘rnini Milliy o‘quv dasturi egallashi kerak edi.

Milliy o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi 6108-son farmoni asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi 134-son farmoni asosida 2024-yil 1-sentyabrgacha ta’lim jarayoniga to‘liq joriy qilinishi kerak edi.

Dastur o‘z vaqtida umumxalq muhokamasiga chiqarilgan va o‘sha paytda mavjud bo‘lgan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyada ham muhokama qilinib, ma’qullangan edi. Shundan so‘ng Milliy o‘quv dasturi va u asosidagi darsliklar 2021/2022 o‘quv yilida 1-2 sinflarga, 2022/2023 o‘quv yilida 3, 6, 7, 10
sinflarga joriy qilindi. Biroq ... shundan keyin ta’lim mazmuni ustidan turli “tajriba”lar boshlandi.

2022-yilda “Finlyandiya tizimi” haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘ldi va 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinflarga “fin standartlari asosida” deyilgan, aslida qaysi standartlar yoki o‘quv dasturlari asosida yaratilgani haligacha mavhum qolayotgan hamda ilmiy va metodik sifati qator savollar tug‘dirayotgan darsliklar joriy qilindi.

2023-yilda PISA tadqiqoti natijalari e’lon qilingach, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur tadqiqotda yuqori natijalarni ko‘rsatgan Singapur “tajribasi” haqida gapirishni boshladi va 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab 5 va 6 sinflar uchun matematika va tabiiy fanlardan Singapur darsliklarini joriy qildi (qarang: 5-sinf matematika darsligi, 6-sinf matematika darsligi; 5-sinf tabiiy fanlar darsligi, 6-sinf tabiiy fanlar darsligi).

Kembrij dasturi asosida boshlang‘ich ta’limning so‘nggi bosqichi uchun yaratilgan (Britaniya va Singapur ta’lim tizimida boshlang‘ich ta’lim 6 yil davom etadi) mazkur darsliklar bundan oldinroq 1-4 sinflarga joriy qilingan darsliklar bilan qay darajada “qovushadi”, o‘quv dasturining uzviyligi va uzluksizligi masalalari nima bo‘ladi – bu savollar, aftidan, vazirlik rasmiylarini unchalik ham o‘ylantirmagan ko‘rinadi.

Umuman, mana ikki yildirki, O‘zbekiston maktablari turli yillarda yaratilgan hamda mazmun va metodik yondashuv jihatidan bir-biridan keskin farq qiladigan darsliklar asosida tahsil olishmoqda:

  • boshlang‘ich sinflar – “fin standartlari asosida” deyilgan, aslida qaysi dastur asosida yaratilgani haligacha no’malum darsliklar;
  • 5-sinf: 2024-yilda yaratilgan darsliklar, shulardan matematika va tabiiy fanlar – Kembrij dasturi asosida yaratilgan Singapur darsliklari tarjimasi, qolgan fanlar esa qaysi dastur asosida yaratilgani no’malum;
  • 6-sinf: 2022-yilda Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan darsliklar (matematika va tabiiy fanlardan tashqari – bu fanlardan darsliklar, yuqorida yozganimizdek, Kembrij dasturi asosida Singapurda yozilgan darsliklarning tarjimasidir);
  • 7-sinf: 2022-yilda Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan darsliklar;
  • 8-sinf: 2019-yilda chop qilingan darsliklar (bu darsliklarning aksariyati, aslida 2010-yillar boshlarida yoki undan oldinroq yaratilgan darsliklarning qayta nashrlaridir);
  • 9-sinf: 2019-yilda chop qilingan darsliklar (bu darsliklar ham eski darsliklarning qayta nashrlaridir);
  • 10-sinf: 2022-yilda Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan darsliklar;
  • 11-sinf: 2018-yilda 11 yillik ta’limga qaytilishi bilan tezlikda yaratilib chop qilingan darsliklar.

Ko‘rib turganimizdek, 11 yillik ta’lim uchun yagona o‘quv dasturi mavjud emas – o‘quvchilar va o‘qituvchilar har o‘quv yili turli davrlarda yaratilgan darsliklarga “sakrash”ga majbur. Bunday vaziyatda, tabiiyki, ta’lim mazmunining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash haqida va majburiy ta’lim oxirida qandaydir natijaga erishish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

O‘quv dasturlarini “takomillashtirish”: maqsad nima?

Respublika ta’lim markazi “o‘quv dasturlarini takomillashtirish” jarayoni ketayotganini iddao qilmoqda. Oldinroq, vazirlikning o‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i, ayni paytda Respublika ta’lim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Dilshoda Norboyeva 2025-yil yakunigacha maktablarning yagona ta’lim tizimi uchun ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari “takomillashtirilib”, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini aytgan edi.

Biroq, har qanday o‘quv dasturini “takomillashtirish” uchun oldin bu dastur mavjud bo‘lishi va amalda ishlashi, uning yutuq va kamchiliklari amaliyotda ko‘rilishi kerak. Axir, aslida yo‘q yoki ishlatib ko‘rilmagan narsani qanday “takomillashtirish” mumkin?

Hozirgi kunda o‘quv dasturlarini yaratish (curriculum design) pedagogikaning alohida sohasiga aylandi va tizimli, izchil o‘rganishni talab qiladi – bu sohani bir necha kunlik treningda apil-tapil o‘rganish, tushunish imkonsiz. Masalan, men o‘qigan universitetda (UCL) bu yo‘nalish bir semestr davomida alohida fan sifatida o‘qitilgan va kurs ishlari topshirilgan edi. Samarali o‘quv dasturlarini yaratishning bir qancha ilmiy talablari borki, ularga suyanilmagan dasturlar poydevorsiz bino misoli mo‘rt bo‘ladi.

Samarali o‘quv dasturi ta’lim falsafasi va ta’lim nazariyalariga suyanishi kerak (Chavez, 2022). Ta’lim falsafasi – ta’lim jarayonining maqsad va vazifalari haqidagi qarashlar yig‘indisi bo‘lsa, ta’lim nazariyalari – mazkur jarayonning qonuniyatlari, o‘rganish jarayonida o‘quvchilarda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar va o‘rganishni samarali tashkil qilish haqida empirik tadqiqotlar natijasida olingan va tizimlashtirilgan bilimlardir.

Demak, ta’lim falsafasi umumiy maqsadni belgilasa, ta’lim nazariyalari bu maqsadga erishishning samarali yo‘llarini tanlashga yordam beradi. Shunday ekan, “takomillashtirilayotgan” o‘quv dasturlari qanday falsafa va qaysi nazariyalar ustiga qurilyapti?

Samarali o‘quv dasturi konstruktiv moslashtirish tamoyili asosida qurilishi kerak (Biggs va boshqalar, 2022). Konstruktiv moslashtirish – bu ta’lim jarayonining uch muhim komponenti – maqsad, vosita (metodika) va natija (baholash) o‘zaro uyg‘unligidir.

O‘quv dasturida ta’limning aniq maqsadlari belgilanadi, bu maqsadga erishilishini ta’minlovchi metodik vositalar taklif qilinadi (ularni tanlashda, albatta, ta’lim nazariyalariga suyaniladi) hamda maqsadga qay darajada erishilganini (erishilayotganini) o‘lchash imkonini beradigan baholash usullari va instrumentlari jalb qilinadi.

Agar ta’limning bu uch komponenti o‘zaro uyg‘unlikda ishlamasdan, mashhur masaldagi oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqa misol o‘quvchini turli tarafga sudrasa, “ta’lim aravasi” joyidan siljimaydi – hech qanday natijaga erishilmaydi. Xo‘sh, “takomillashtirilayotgan” o‘quv dasturlarida konstruktiv moslashtirish tamoyiliga qay darajada rioya qilinmoqda?

Maqsad – vosita – natija uyg‘unligi ta’minlanishi uchun umumiy maqsadlarga (goals) erishish imkonini beradigan o‘quv maqsadlari (learning objectives) belgilanilishi, bu o‘quv maqsadlari qamrov (comprehensiveness), izchillik (consistency), erishish imkoni mavjudlik – o‘quvchi yoshi va ayni paytdagi bilim darajasiga moslik (attainability), muvofiqlik (suitability), validlik (validity), aniqlik (specificity) singari xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak (Print, 1993). “Vatanga muhabbat”, “buyuk ajdodlarga hurmat”, “komil inson”, “ko‘ngil tarbiyasi” singari mujmal jumlalar bilan ifodalangan o‘quv maqsadlari konstruktiv moslashtirishni ta’minlash imkonini bermaydi, chunki bunday o‘quv maqsadlariga olib boruvchi metodikalarni va o‘quvchi bu maqsadlarga qay darajada erishganligini baholash (o‘lchash) imkonini beradigan baholash vositalarini tanlash imkonsiz.

Misol uchun, o‘quv maqsadlari “ko‘ngilni tarbiyalash” sifatida belgilangan bo‘lsa, “ko‘ngil tarbiyasi” deganda o‘zi nimani tushunamiz va ta’lim jarayonining ma’lum bir davri (masalan, o‘quv yili) oxiriga borib “ko‘ngil qay darajada tarbiyalanganini” qanday baholash mumkin?

Qolaversa, bunday mavhum va mujmal o‘quv maqsadlari fanni o‘quvchi va o‘qituvchi nazdida tayini yo‘q, “aravani istagancha quruq olib qochsa bo‘ladigan”, o ‘rganish shart bo‘lmagan fanga aylantiradi. Xo‘sh, “takomillashtirilayotgan” o‘quv dasturlarida o‘quv maqsadlarini shakllantirishga qo‘yiladigan talablar qay darajada inobatga olinmoqda?

Samarali o‘quv dasturi yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalarning rivojlanishini ta’minlashi kerak (Shlyayxer, 2018). O‘quv maqsadlari “falon narsani bilish”, “falon narsani tushunish” singari eng quyi darajadagi kognitiv ko‘nikmalar bilan chegaralangan o‘quv dasturlari XXI asrning o‘zgaruvchan talablariga moslasha oladigan, raqobatbardosh, jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashga qodir kadrlar tayyorlash imkonini bermaydi.

Shu bilan birga, yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalar quyi darajaning ustiga quriladi – puxta bilim va tushunchalarsiz tahlil, baho berish, yaratish kabi bosqichlarga erishish imkonsiz. Demak, o‘quv maqsadlarining faqat ”bilish” va “tushunish” darajalaridagi fe’llar bilan chegaralanishi qanchalik xatarli bo‘lsa, o‘quv dasturlarining “falon fan o‘quvchiga bilim bermasligi kerak” singari g‘ayriilmiy qarashlar (masalan, qarang: “Ma’rifat” gazetasining 2024-yil 25-dekabr kungi
soni) ustiga qurilishi ham shunchalik xavflidir. Shunday ekan, o‘quv maqsadlarini belgilashda quyi kognitiv ko‘nikmalardan yuqori darajadagi kognitiv ko‘nikmalarga o‘tish qay darajada ta’minlanmoqda?

Xullas, o‘quv dasturlarini “takomillashtirish” jarayonidan maqsad nima? Shunchaki kim(lar)dir o‘zini ishlayotgan qilib ko‘rsatishimi? “O‘t-o‘lanni boshqa rangga bo‘yash” – hujjatlarni qayerdadir o‘rganib kelingan yangi shakllarga solishmi?

Dasturlarni shu paytgacha hech qanday dasturlarsiz chop qilingan darsliklarga “podgon” qilish – moslashtirishmi?

Dasturlar “takomillashtirilishi” bahona yana darsliklarni “yangilash” uchun davlat byudjetidan trillionlarni o‘zlashtirishmi?

Bunday emasligiga, bunday takomillashtirish haqiqatdan ta’lim rivojiga va jamiyat istiqboliga xizmat qilishiga ishonch hosil qilish uchun shaffoflik kerak: nimalar “takomillashtirilyapti” – o‘zgaryapti, nima uchun, kimlar o‘zgartiryapti – bular haqida batafsil ma’lumotlar (uzuq-yuluq reklama videoroliklari emas) berilishi kerak. Zero, bu “takomillashtirilayotgan” o‘quv dasturlari – har birimizning farzandlarimiz, nevaralarimiz, jiyanlarimiz, uka-singillarimiz, umuman, millat kelagagiga daxldor hujjatdir. 

Comments 1

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Kamil Jalilov

Kamil Jalilov

Project expert

Tegs

  • Education policy
  • Curriculum

Share