O‘qituvchilardan ommalashtirilgan ish uchun pul talab qilindi, bunda vazirlikka aloqador tashkilotlarning ham qo‘li bormi?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 17-martdagi 89-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi belgilangan hamda ommalashtirish.uz platformasi orqali metodik ishlarni qabul qilish jarayonlarini tashkil etish Respublika ta’lim markazidan A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga o‘tkazilgandi.
Umuman olganda, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibida deyarli katta o‘zgarishlar bo‘lganicha yo‘q. Aniqrog‘i yagona o‘zgargan narsa tavsiya etilgan metodik ishlarni tekshirish faqatgina Respublika ta’lim markazining emas, balki A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institut bilan hamkorlikda tashkil etilishi belgilangandi.
Ommalashtirilgan ish uchun ustamaga ball berishdagi muammolar
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga 1-ilova pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining faoliyatini baholash mezonlariga ko‘ra, o‘qituvchi ish tajribasi respublika miqyosida ommalashsa - 15 ball, viloyat miqyosida ommalashsa - 12 ball, tuman (shahar) miqyosida ommalashsa - 10 ball, maktab miqyosida ommalashtirilganda o‘qituvchiga 7 ball berilishi lozim.
Bunda maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda metodik ishning platformaga joylashtirilganligi yoki joylashtirilmaganligi mutlaqo ahamiyatsiz hisoblanadi.
O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 4-bob 2-xatboshiga ko‘ra maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ish uchun sertifikat berilmaydi va maktab miqyosida ommalashtirilganligiga isbot sifatida Pedagogik kengash qarori asos hisoblanib, uch yilga amal qiladi.
Sertifikatlar o‘qituvchilarga pullanmoqda…mi?
O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo ayrim shaxslar bu normaga zid ravishda o‘qituvchilarga maktab miqyosida ommalashtirilgan ishlar uchun sertifikatlarni pullay boshlagan ko‘rinadi. Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun berilayotgan sertifikatning narxi esa 49 ming so‘m etib belgilab qo‘yilgan.
Masalaning qiziq jihati shundaki, ishlari maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarning shaxsiy telefon raqamiga 4546 raqamidan SMS xabarnomalar yuborilgan.
Ushbu xabarda esa maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun PDF shakldagi sertifikatni 49 ming so‘m evaziga yuklab olish taklifi berilgan.
Xalqtaliminfo.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan pedagoglarning aytishicha, bu kabi SMS xabarlar metodik ishlari aynan maktab miqyosida ommalashtirilgan pedagoglarga yuborilgan. Natijada esa juda ko‘plab pedagoglar bu SMS xabarlarga ishonib, to‘lovlarni amalga oshirgan hamda sertifikatni yuklab olgan.
Bu ishda vazirlik rasmiylarining ham qo‘li bormi?
Birinchidan, maktabda ommalashgan ish uchun sertifikat olish taklifi haqidagi SMS xabarlar pedagoglarning ommalashtirish.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlariga yuborilgan. Ya’ni, bunda pedagoglarning shaxsiy ma’lumotlaridan ularning ruxsatisiz foydalanilgan.
Ikkinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tegishli bo‘lgan rasmiy @ommalashtirishuzbot orqali ham pedagoglarga 49 ming so‘m evaziga maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat yuklab olish taklifi haqidagi reklama matnlari yuborilgan.
Ma’lumki, @ommalashtirishuzbot platforma bo‘yicha savollarga javob berish hamda undan ro‘yxatdan o‘tishda maxsus kodni olish uchun Respublika ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu bot haqida RTMning rasmiy telegram sahifasida ma’lumot mavjud.
Uchinchidan, ushbu noqonuniy takliflarga aldanib, 49 ming so‘mga sertifikatni sotib olgan pedagoglarga ommalashtirish.uz platformasida generatsiya qilingan, Respublika ta’lim markazi v.b direktori D.Normatova imzosi, muhri va elektron QR-kod muhri hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori A.Ismailov imzosi va elektron QR-kod muhri tushirilgan rasmiy sertifikat taqdim etilgan.
Masalaning e’tiborli jihati shundaki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun taqdim etilgan sertifikatdagi QR-kod skaner qilinganda, mazkur sertifikat vazirlikning rasmiy ommalashtirish.uz platformasida mavjudligini ham ko‘rish mumkin.
Bundan shuni tushunish mumkinki, o‘qituvchilarga sertifikatlarni pullayotgan shaxslar orasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi yoki A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti xodimlarining ham aloqasi bo‘lishi mumkin.
Chunki, o‘qituvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanilgani, o‘qituvchilarga rasmiy bot orqali xabarlar yuborilgani, shuningdek, ommalashtirish.uz platformasida ham tasdiqlangan sertifikatning taqdim etilgani bu shubhalarni yanada ko‘paytirmoqda.
“Qonuniy” shartnoma
Pedagog xodimlarga maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun pullik xizmat uchun ommaviy oferta shartlari ham ishlab chiqilgan. Ushbu shartnomada foydalanuvchi ushbu ofertaga rozilik bildirganidan so‘ng, ushbu hujjat elektron tarzda tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblanishi qayd etilgan.
Ommaviy oferta shartlarida quyidagilar nazarda tutilgan
1. Umumiy qoidalar
Mazkur ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda “Oferta”) – ommalashtirish.uz platformasi orqali foydalanuvchilarga taqdim etiladigan sertifikat tayyorlash va metodik ishni hujjatlashtirish bo‘yicha pullik xizmatlarni tartibga soladi.
Foydalanuvchi ushbu ofertaga rozilik bildirganidan so‘ng, ushbu hujjat elektron tarzda tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnoma hisoblanadi.
2. Xizmat mazmuni va to‘lov qiymati
Maktab miqyosida pedagogik kengash qarori asosida ommalashtirilgan metodik ishlar uchun sertifikat tayyorlash.
Sertifikatni ommalashtirish.uz platformasiga raqamli bazaga kiritish.
Sertifikatga QR kod va identifikatsiya raqami biriktirish.
Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqiqiyligini vizual asoslar orqali tekshirish.
Foydalanuvchi tomonidan xizmatlardan foydalanish qiymati bir dona maktabda ommalashgan sertifikat uchun 49 000 (qirq to‘qqiz ming) so‘mni tashkil etadi. Agar foydalanuvchi tuman/viloyat/Respublika bosqichida ommalashgan ishi uchun sertifikat yuklab olmoqchi bo‘lsa 15000 (o‘n besh ming) so‘mni tashkil etadi.
3. Muhim eslatma
Taqdim etilayotgan sertifikatlar 89-sonli buyruqdagi davlat tomonidan beriladigan hujjat emas, faqat metodik ishlarni tasdiqlovchi e’tirof etish hujjatidir.
Ular maktab pedagogik kengashi qarori va pedagogik mahorat markazlari bayonnomalari asosida tayyorlanadi.
Sertifikatlar kasbiy e’tirof hujjati sifatida taqdim etiladi.
4. To‘lov tartibi
Xizmat haqi sertifikat turiga qarab belgilanadi va oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi.
To‘lovlar Click, Payme, Uzum yoki boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
To‘lovni amalga oshirgan foydalanuvchi ushbu ofertadagi barcha shartlarga rozilik bildirgan hisoblanadi.
5. Sertifikatni yetkazib berish
Sertifikat elektron shaklda (PDF) foydalanuvchining Telegram, e-mail yoki akkauntiga yuboriladi.
Raqamli sertifikat ommalashtirish.uz bazasiga kiritiladi va QR orqali tekshiriladi.
6. Foydalanuvchining javobgarligi
Foydalanuvchi faqat haqiqiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan metodik ishlar uchun xizmatdan foydalanishi mumkin. Noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan foydalanuvchining sertifikati bekor qilinadi va bazadan chiqariladi.
7. Yakuniy qoidalar
Ushbu oferta istalgan vaqtda yangilanishi mumkin. Yangilanishlar ommalashtirish.uz platformasida e’lon qilinadi. Oferta O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–370-moddalariga muvofiq ommaviy shartnoma hisoblanadi.
Pedagog xodimlarga sertifikatlarni pullayotgan tomon foydalanuvchilarga qonuniy yo‘llar orqali sertifikat taqdim etilmoqda deb qanchalik o‘zini oqlashga urinmasin, bu ishlar noqonuniy ekani baribir ayon bo‘lib qolaveradi.
Chunki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 17-martdagi 89-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berimasligi aniq yozib qo‘yilgan, pullik sertifikatlar haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas.
O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi hamda A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti bu holat bo‘yicha tez orada rasmiy bayonot beradi.
Shuningdek, tegishli idora va vazirliklarga taqdim etish uchun xalqtaliminfo.uz tahririyatida mazkur ishga aloqador bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ham borligini eslatib o‘tamiz.
Comments 0
Please register to comment!
News

Uzbekistan has been recognized as a country that has completely eradicated child labor.

Pedagog xodimlar 1-avgustdan boshlab oshirilgan miqdorda maosh oladilar

The list of "red" schools has been approved.

Three students drowned in the same day.
News on the topic

Is a school-wide work promotion given points for a bonus even if it is not posted on the platform?
The condition of placing the methodological work on the platform is a rule established only for subsequent stages.

Are there any fraudulent games in the certification?
Recently, against the backdrop of the processes related to the certification of teachers, a large number of controversial messages have been circulating on social networks. The editorial office of Xalqtaliminfo.uz also received about 500 appeals from pedagogical workers.

3 thousand dollars for the position of school principal
The head of the department of preschool and school education was detained for accepting a bribe of 3 thousand dollars for the appointment of a teacher to the position of director. A preventive measure of detention was applied to him, and a criminal case was initiated.

What are the requirements for the methodical work prepared for popularization?
Best practices recommended for popularization should be in the form of a methodical guide or methodical recommendation.
Edit your comment