Top.Mail.Ru
Ba’zi bolalar 12 yillik ta’limda, ba’zilari 11 yillik ta’limda o‘qiydi

The website texts are translated by Google, errors possible!

Ba’zi bolalar 12 yillik ta’limda, ba’zilari 11 yillik ta’limda o‘qiydi

17:39 / 10.02.2026 176

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish borasidagi ayrim ma’lumotlarni ochiqladi. Bu haqda vazirlik tomonidan tashkil etilgan prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan muhim vazifalar tafsilotiga bag‘ishlangan brifingda ma’lum qilindi.


Ta’kidlanishicha, prezident farmoniga muvofiq 2027-2028 o‘quv yilidan boshlab 6 yoshli bolalarga maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berish boshlanadi.


Ammo bu yil, ya’ni 2026-2027-o‘quv yilida maktabga tayyorlov guruhlariga bolalar amaldagi tartib asosida (ya’ni, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda) qabul qilinadi va ta’lim-tarbiya jarayonlari davom ettiriladi.


Bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishiga oid tartib esa alohida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilganidan so‘ng tartibga solinadi.


2027-2028-o‘quv yilidan boshlab esa maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.


Bunda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi.


Barcha 6 yoshli bolalarni qamrab olish uchun sharoitlar yaratish maqsadida bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari faoliyati maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va ijtimoiy soha obyektlarida yo‘lga qo‘yiladi.


Ba’zi bolalar 12 yillik ta’limda, ba’zilari 11 yillik ta’limda o‘qiydimi?


Vazirlikning ma’lum qilishicha, 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimiga 100 foiz qamrab olish 2030-yilgacha amalga oshiriladi. Chunki, aholining keskin demografik o‘sishi, shuningdek, xorijiy davlatlarda faoliyat yuritgan fuqarolarning o‘z yashash manzillariga qaytishi natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatiga nisbatan bolalar soni oshib ketgan.


Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-son Farmoniga muvofiq 2030-yilgacha bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish belgilangan.


Aslida esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmonining 38-maqsadida 2022/2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish belgilangan.


Umuman olganda, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olish muddati avvalroq 2024/2025-o‘quv yiliga belgilangan bo‘lsa-da, demografik bosim va ta’lim tashkilotlaridagi amaldagi infratuzilma sabab bu muddat 2030-yilgacha cho‘zilmoqda. Natijada, bu tizimga o‘tish davrida ayrim bolalar 11 yillik, ayrimlari esa 12 yillik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishiga to‘g‘ri keladi.


Hozirda umumiy o‘rta ta’lim tizimi amalda 11 yillik shaklda davom etmoqda. Demak, hozir ta’lim olayotgan o‘quvchilar ham tabiiy ravishda aynan 11 yillik ta’limni yakunlaydi. 12 yillik ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilayotgani sababli, o‘tish davrida turli yosh toifasidagi bolalar turli xil ta’lim tizimida o‘qishiga to‘g‘ri keladi.


Vazirlik 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish borasida boshqa tafsilotlarni ochiqlagan bo‘lsa-da, biroq taklif etilayotgan model, ya’ni bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’lim tarkibiga kiritish YUNESKOning ISCED-2011 talablariga qanchalik mos kelishi yoki mos kelmasligi bo‘yicha aniq ma’lumot bermagan.


Bog‘chadan boshlab tabaqalashtirish boshlanadimi?


Brifingda yangi tashkil etilayotgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari haqida ham ma’lumot berildi.


Ma’lum qilinishicha, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari bu ayrim ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinganidek, “bog‘chadan boshlab tabaqalashtirish” jarayoni emas. [Ta’lim eksperti Komil Jalilov tomonidan e’lon qilingan post - tahr.]


Mazkur bog‘chalarga bolalarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.


“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan bog‘cha hisoblanadi.


“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod va san’at, fan va matematika, jismoniy faollik va sarguzasht, til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etilib, boshqa bog‘chalar uchun metodik yordam ko‘rsatadi.


Ushbu markazlardagi har bir tematik o‘yingoh uchun ajratiladigan 1 ta shtat birligidan iborat tarbiyachi-yo‘riqchilar esa bolalarning rivojlanishida ota-onalar va bog‘cha tarbiyachilari uchun professional yordamchi vazifasini  o‘taydi. 


Maktabgacha ta’lim tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar


Brifingda prezident tomonidan 2026-yil 5-fevral kuni imzolangan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan muhim tafsilotlar haqida ham so‘z bordi.


Farmonga asosan, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.


2027-2028-o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi.


Maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.


2026-2028-yillarda "Yangi avlod" maktabgacha ta’lim tashkilotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan tashkil etiladi hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi.


Ushbu ta’lim tashkilotlarining ma’muriy-boshqaruv va pedagog xodimlar lavozimlariga oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi hamda tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan har oylik qo‘shimcha ustama beriladi.


2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash tizimi xalqaro tajriba asosida amalga oshiriladi.


Tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.


2026-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrini mustasno qilgan  holda maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi tadbirkorlik subyektlari uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda.


Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etishga ruxsat beriladi.


Bunda ijara to‘lovlari 30 yil muddat davomida undirilmaydi, har bir bola uchun 9 soatlik ish rejimidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bir nafar tarbiyalanuvchisiga sarflanadigan xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida davlat-xususiy sheriklik bitimi amal qilish muddati davomida subsidiya beriladi.


Mazkur imtiyoz qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda 2024-yildan boshlab tashkil etilayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.


Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda ushbu ro‘yxat har moliyaviy yil uchun yangilab boriladi.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Preschool education
  • Admission to school

Share