Top.Mail.Ru
Attestatsiya bazasi yana “ish ko‘rsatdi”

The website texts are translated by Google, errors possible!

Attestatsiya bazasi yana “ish ko‘rsatdi”

15:38 / 01.05.2026 579

2026-yil 27-aprel kuni o‘tkazilgan matematika fanidan bo‘lib o‘tgan malaka toifa sinovlari paytida texnik nosozlik tufayli pedagoglar imtihon o‘tkaziladigan binoda uzoq vaqt qolib ketganligi aytildi.


Ikkinchi smenada, soat 11:30 atrofida boshlangan imtihon jarayoni texnik nosozliklar sabab kutilmagan paytda izdan chiqqan. O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, dastlab test jarayoni muammosiz kechgan. Biroq, imtihon yakuniga yetgan paytda tizim birdan qotib qolgan. 


E’tiborlisi jihati shundaki, bu muammo faqat bitta qurilmada emas, balki boshqa ishtirokchilarda ham kuzatilgan. Shundan keyin, nazoratchilar tomonidan barcha kompyuterlar o‘chirilib, keyinroq qayta yoqilgan.


Ammo qayta ishga tushirilgan tizim avval kiritilgan javoblarni tiklamagan. Natijada o‘qituvchilar testni boshidan yechishga majbur bo‘lgan. Bu esa nafaqat vaqt yo‘qotishiga, balki ruhiy va jismoniy charchoqqa sabab bo‘lgan.

“Imtihon 5 soatdan ortiq davom etdi. 6 oy tayyorlangan bilimimni ko‘rsatishga urindim, lekin charchoq sabab natijam kutilganidek bo‘lmadi,” - deydi pedagog.

Shuningdek, u test savollari bazasi ham qayta topshirishda o‘zgartirilganini, bu esa vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Pedagoglar ertalabki smenada test topshirganlar bunday muammolarga duch kelmaganini aytib, imtihon jarayonidagi tenglik masalasi ham savol ostida qolayotganini ta’kidlagan.


Mazkur holat nafaqat texnik tayyorgarlik, balki tashkiliy yondashuv borasida ham jiddiy muammolar borligini ko‘rsatmoqda. O‘qituvchilar ushbu vaziyatni xolisona o‘rganib chiqish, natijani qayta ko‘rib chiqish yoki qayta test topshirish imkoniyatini berishni so‘ramoqda.


Ta’kidlash joiz, xalqaro imtihon tizimlarida, jumladan SAT kabi sinovlarda texnik nosozliklar yuzaga kelganda qayta topshirish imkoniyati yaratiladi va savollar bazasi o‘zgartirilmaydi. Shu jihatdan qaraganda, attestatsiya tizimida ham shunday yondashuvni joriy etish zarurati dolzarbligicha qolmoqda.


Pedagog Yoqubjon Rajabovning aytishicha, imtihon soat 13:00 da boshlangan va dastlab odatiy tarzda davom etgan. Biroq, oradan bir soatcha o‘tib, taxminan 14:05 larda tizim ishlamay qolgan. Shu paytda u 32-savolga yetib kelgan.


Pedagoglarga kutish tavsiya etilgan: tizim tiklangach, imtihon o‘sha joydan davom ettirilishi aytilgan. Ammo bu va’da amalda o‘z tasdig‘ini topmagan.

“Taxminan ikki soat issiq xonada kutdik. Soat 16:00 ga yaqin tizim tiklandi. Lekin biz ishlagan barcha javoblar o‘chirilib, yangidan, butunlay boshqa savollar berildi,” - deydi o‘qituvchi.

Uning ta’kidlashicha, yangi berilgan test savollari avvalgisiga nisbatan ancha murakkab bo‘lgan. Masalaning eng muhim jihati shundaki, pedagoglar testni to‘liq ishlab, yakunlash arafasida bo‘lgan paytda shu holat yuz bergan.

“Ba’zilar testni tugatishga 5–10 daqiqa qolgan edi. Ya’ni ular allaqachon 50 ta savol ustida ishlagan, charchagan. Shundan keyin yana 50 ta savolni yechish — bu allaqachon boshqa sharoit. Miya boshidagidek ishlamaydi,” — deya izohlaydi u.

Natijada, pedagoglar orasida keskin norozilik yuzaga kelgan. O‘qituvchining aytishicha, taxminan 150 nafar ishtirokchi qatnashgan ushbu smenada birorta ham yuqori natija qayd etilmagan.

“Kecha birorta “o‘tdim” degan odamni eshitmadim. Hamma norozi chiqdi,” - deydi u.

Uning o‘zi ham yuqori toifaga ega bo‘lgan, ustama olayotgan tajribali pedagog bo‘lishiga qaramay, kutilgan natijaga erisha olmagan.

“90+ qilaman deb kirgandim, lekin 80 ball bilan chiqdim. Sababi oddiy — charchoq va asabiy holat,” - deydi u.

Eng ko‘p e’tiroz uyg‘otayotgan jihatlardan biri — bu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilmagani. O‘qituvchilarning ta’kidlashicha, na izoh, na uzr, na kompensatsiya masalasi ko‘tarilgan. Vazirlik sukut saqlagan.


Texnik nosozlikka UZINFOCOM’dagi kutilmagan avariya sababchi — vazirlik


Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirib, muammo sababi texnik infratuzilmadagi kutilmagan avariya bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi. Ammo vazirlik holat bo‘yicha oradan 3 kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar boshlangandan keyingina rasmiy munosabat bildirgan, ungacha esa jim turgan.


Qayd etilishicha, nosozlik UZINFOCOM Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida yuzaga kelgan bo‘lib, zudlik bilan avariya-tiklash ishlari olib borilgan va tizim qayta ishga tushirilgan.


Shuningdek, qayta test topshirish jarayonida savollar murakkabroq bo‘lgani haqidagi e’tirozlarga ham izoh berildi. Rasmiylarga ko‘ra, matematika fanidan testlar maxsus ishlab chiqilgan spetsifikatsiya asosida shakllantiriladi. 

“Ushbu texnik nosozlik UZINFOCOM MCHJ Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida kutilmagan avariya sababli ro‘y bergan. Hodisa yuzasidan avariya-tiklash ishlari olib borilib, nosozlik sabablarini tezkor bartaraf etish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan hamda tizim qayta ishga tushirilgan. 

Shu bilan birga, ayrim pedagoglar tomonidan qayta test topshirish jarayonida ularga dastlabki tushgan savollardan keyingi tushgan savollarning murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan, degan mazmundagi e’tirozlar bildirilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, matematika fanidan test topshiriqlari maxsus ishlab chiqilgan test spetsifikatsiyasi asosida bitta variant shakllantirilib, shu variant asosida testlar bazasi shakllantiriladi. Spetsifikatsiya quyidagi asosiy talablarni o‘z ichiga oladi:

  • mazmuniy sohalar (fan bo‘limlari) kesimida aniq taqsimot;

  • har bir bo‘lim bo‘yicha topshiriqlar ulushi;

  • kognitiv faoliyat darajalari (bilish, qo‘llash, mulohaza) nisbatlari;

  • baholash indikatorlari va o‘quv maqsadlariga muvofiqlik.

Mazkur spetsifikatsiya barcha test variantlari uchun yagona asos bo‘lib xizmat qiladi. Platformada qo‘llaniladigan algoritm har bir test variantini tasodifiy generatsiya qiladi, biroq bu yuqoridagi mezonlar doirasida ishlaydi.

Texnik nosozlik bartaraf etilgandan keyingi jarayonda boshqa variant tushishi – tizimning standart ishlash prinsipi hisoblanadi va test xavfsizligini ta’minlaydi hamda savollarning takrorlanishini oldini oladi. Shuningdek, baholash jarayonining xolisligini saqlash uchun zarur hisoblanadi.

Shu bilan birga, variantlardagi topshiriqlarning konteksti farq qilishi mumkin, biroq ular bir xil mazmuniy soha va o‘quv maqsadini qamrab oladi hamda bir xil konstruktorlarni tekshirishga mo‘ljallangan, ya’ni topshiriqlar mazmunan bir-biriga ekvivalent hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, matematika fanidan attestatsiya testlarida test variantlari yagona spetsifikatsiya asosida shakllantirilgan hamda variantlar bazasi ekvivalentlik talablariga javob beradi. Mazkur yondashuv attestatsiya jarayonining xolisligi, shaffofligi va metodik asoslanganligini ta’minlaydi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Asosiy masalaga e’tibor qaratilmadi


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu holatni oddiy texnik muammo sifatida ko‘rsatishi yetarli emas. Chunki imtihon jarayonidagi texnik nosozlik sabab pedagoglar testni boshqatdan topshirishga majbur bo‘ldi va natijada ular bir xil emas, turli sharoitlarda imtihon topshirdi.


Ya’ni, kimdir testni odatdagidek yakunlagan, kimdir esa bir necha soat kutib, charchoq, bosim va asabiy holatda yana boshidan test topshirgan. Bu vaziyatda savollar bir xil bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin sharoit bir xil bo‘lmagan. Bu esa test topshiruvchilarning natijalariga ta’sir qiladigan asosiy omillardan biri hisoblanadi.


Ya’ni, attestatsiyada ishtirok etgan pedagoglarga bir xil sharoit yaratib berilmagan. Bu holatda vazirlik oddiy bayonot berishdan ko‘ra, unga adolatli yechim topishi zarur edi. Lekin vazirlik pozitsiyasidan shuni tushunish mumkinki, hozircha pedagoglarga boshqa taklif berish reja qilinmayapti.


Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 15-16-aprel kuni bo‘lib o‘tgan attestatsiya test sinovlari vaqtida ham pedkadr.uzedu.uz platformasida nosozliklar yuzaga kelib, ishlamay qolgandi. Shundan so‘ng vazirlik rasmiylari faqat 16-aprel kuni test topshiriqlarini to‘liq bajarishga ulgurmagan pedagoglargina qayta attestatsiyadan o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.

Comments 2

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • Attestation

Share