“X-variant” mavzusi yana sahnada: yanvar oyida ham milliy sertifikat savollari sizdirilganmidi?
Avvalroq, aprel oyining boshida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat imtihonining savollari oldindan tarqalgani va sotilgani haqida xabar bergandik. Keyinroq, Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirib, maqolada keltirib o‘tilgan audiofayllar va boshqa ma’lumotlar Agentlik tomonidan o‘rganib chiqilganini ma’lum qilgandi.
Biroq mavzu hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Xalqtaliminfo.uz tahririyatiga bu safar 2026-yil yanvar oyida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat test sinovlari bilan bog‘liq yangi audio, video va boshqa materiallar kelib tushdi. Mazkur materiallar o‘sha paytda ham imtihon savollari oldindan sizdirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalarni kuchaytirmoqda.
Ma’lumki, joriy yilning 17, 18 va 19-yanvar kunlari ham tarix fanidan “Milliy sertifikat” imtihonlari bo‘lib o‘tgandi. Tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan audio, videoyozuvlar va qo‘shimcha materiallarga ko‘ra, ushbu imtihonlardan bir necha kun oldin ham yopiq guruh tashkil etilganligini ko‘rish mumkin hamda mazkur guruhga kirish narxi 500 AQSH dollar etib belgilangan bo‘lib, unda imtihondan avval savollar va ularning javoblari audiochat orqali o‘qib eshittirilgan.
Audiochat o‘tkazgan shaxs o‘z nutqida imtihondagi savollarning 95 foizi aynan o‘zi bergan “maxsus ma’lumotlar” bilan bir xil ekanini ta’kidlaydi. Uning o‘zi ham imtihonga shaxsan kirib, aynan shu savollarni yechib chiqqanini ham eslatgan. Bundan tashqari, keyingi imtihonlar uchun ham 45 talik testni oldindan olib chiqib berishini bildirgan.
Mazkur guruhda bo‘lgan o‘qituvchining qayd etishicha, bir smenada tushgan savollarning sezilarli qismi audiochatda tilga olingan savollar bilan mos kelgan.
Tahririyatdagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yopiq guruhda jami 133 nafar ishtirokchi bo‘lgan. Boshqa bir manbaga ko‘ra, Telegram guruhga kirish narxi 500 AQSH dollar, oflayn tarzda borib yodlash esa 1000 AQSh dollar bo‘lgan.
Xalqtaliminfo.uz mazkur holatlarga befarq bo‘lmagan, bu borada bir necha bor chiqishlar qilgan tarixchi-pedagoglar Jalol Boltayev va Husanboy Xoldorov bilan suhbatlashdi.
Ularning ta’kidlashicha, yanvar oyidagi imtihonlarda mazkur yopiq guruh orqali tarqatilgan savollarning aksariyati haqiqatan ham testlarda uchragan.
Husanboy Xoldorovning aytishicha, yanvar oyidayoq shubhali holatlar kuzatilgan. Imtihondan bir kun o‘tib, uning qo‘liga bir nechta oq-qora sahifalar kelib tushgan. Ushbu materiallar hatto qisqa muddatga Telegram kanalga joylangan, biroq keyinchalik o‘chirib tashlangan. Chunki o‘sha paytda mavjud dalillar hajmi cheklangan bo‘lgani bois aniq xulosa chiqarish qiyin bo‘lgan.
“Hozirgi vaziyat esa avvalgidan tubdan farq qiladi. Hozirda ko‘rib turgan bu audio va videoyozuvlar, ko‘plab qog‘ozlar yanvar oyida ham katta ehtimol bilan “x-variant” chiqqan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi”, – deydi Husanboy Xoldorov.
Jalol Boltayevning aytishicha, yanvar oyidagi vaziyatdan ehtimol Bilim va malakalarni baholash agentligining ham xabari bo‘lgan. Shundan so‘ng, Agentlikda bu holat endi boshqa takrorlanmaydi, degan umid bo‘lgan, biroq aprel oyidagi voqealar bu umidlarni puchga chiqargan.
Shuningdek, Jalol Boltayev apreldagi vaziyatdan BMBA mantiqan chiqib keta olmasligini ham ta’kidlamoqda. Uning fikricha, bu holatni “tasodif” bilan izohlab bo‘lmaydi.
“Kombinatorika nuqtayi nazaridan bunday moslikning ehtimoli amalda nolga teng. Men 11 ta maktab darsligi, kollej darsliklari (“Lafasov”, “Usmonov”) hamda qo‘shimcha adabiyotlar asosida 400 ta test tuzaman. Endi boshqa bir kishi – xoh bitta, xoh bir nechta bo‘lib – 50 ta test tuzsin.
Shu 50 ta test ichidan 33 tasi men tuzgan 400 ta test bilan mazmunan mos kelishi kerak. Buni qilish mumkinmi? Amalda yo‘q. Bunday moslikning ehtimoli nolga teng. Vaholanki, hozirgi holatda aslida 50 tadan 33 ta moslik haqida ketmoqda. Ikkita mustaqil odam 50 tadan test tuzib, ularning 33 tasi mazmunan bir xil chiqishi – mutlaqo mantiqsiz holat”.
Shu bilan birga Jalol Boltayev hozirgi vaziyatni quyidagicha baholamoqda: “Men tushunaman: BMBA uchun ayni paytda yopiq qozon yopiqligicha qolgani ma’qul. Chunki qozon ochilib ketsa, tashkilot obro‘siga putur yetishi, qolgan imtihonlarni ham shubha ostiga qo‘yishi mumkin”.
Bu borada yana bir jihatga e’tibor qaratsak. Yanvar oyida “reklama super” nomi bilan tashkil etilgan guruhda muhokama qilingan savollar bilan imtihonda tushgan savollar o‘rtasidagi yuqori darajadagi moslik, shuningdek, aprel imtihonlarida 50 ta savoldan 33 tasining to‘g‘ri kelishi – jiddiy savollarni tug‘diradi.
Bundan ham e’tiborlisi shundaki, mavjud dalillarga ko‘ra, yanvardagi “maxsus guruh” ham, apreldagi “maxsus guruh” ham bir xil shaxslar atrofida shakllangan bo‘lishi mumkin. Bu esa holatning tasodifiy emasligini, balki tizimli xarakterga ega bo‘lishi mumkinligiga ishora qilmoqda.
O‘ylaymizki, mazkur holatlar tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqiladi. Shu o‘rinda xalqtaliminfo.uz mazkur maqolada tilga olingan ma’lumotlarga oid materiallarni tegishli organlarga taqdim etishga tayyor ekanini ham ma’lum qiladi.
Comments 1
Please register to comment!
News
The date of the practical exam for physical education teachers has been determined
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga yangi rahbar tayinlandi
Vazir attestatsiyadan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarga duch keldi
Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari Prezident administratsiyasi va Sport vazirligiga murojaat yo‘lladi
News on the topic
News
Milliy sertifikat: “X-variant” bo‘yicha yangi tafsilotlar
Holat bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy bayonot berib, maqolada keltirib o‘tilgan audiofayllar va boshqa ma’lumotlar Agentlik tomonidan o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
News
Tarix fanidan milliy sertifikat uchun “X-variant” sotildimi?
Imtihondan oldin Telegram’da yopiq guruh tashkil etilgan. Unga kirish narxi – 1000 AQSH dollari. Mavjud audioyozuvlarga ko‘ra, tonggi soat 4:00 dan boshlab audiochatda test savollari va ularning javoblari o‘qib eshittirilgan.
News
Corruption behind educational equipment exposed
Individuals who attempted to transfer interactive whiteboards worth 15.2 million soums for 25 million soums to the Jizzakh City Department of Preschool and School Education were apprehended.
Attestation
Vazirlik attestatsiya testlarini pullayaptimi?
Tahririyatga murojaat yo‘llagan pedagoglardan birining aytishicha, o‘tgan yildan buyon alohida sinov.uz platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, har bir fandan test ishlash uchun alohida narxlar belgilab qo‘yilgan.
English
Edit your comment