O‘quvchilar huquqbuzarligi uchun Milliy gvardiyaga jazo qo‘llash vakolati beriladi
Senator Rustam Kalonovga ko‘ra, Milliy gvardiya inspektor-psixologlarining harakatlari bilan maktablardagi davomat o‘tgan yildan buyon 50 foizdan 95 foizgacha oshgan.
Endilikda Milliy gvardiya organlariga bolalarga ta’lim berish majburiyatlarini bajarmaslik, jamoat joyida sigaret chekish va alkogol iste’mol qilish kabi huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolati berilmoqda. Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.
Joriy yil 25-yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
2024-yil fevraldan ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilgan. Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 ming 450 ta holatda “Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik” (MJtK 47-moddasi) huquqbuzarligi aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan. Shuningdek, ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.
“Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yilda maktablardagi davomat ko‘rsatkichi 50 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 90-95 foizni tashkil qilmoqda.
Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda”, — deydi senator Rustam Kalonov.
Shu sababli qonun bilan Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 hamda 248-1 moddalariga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga MJtKning 4 moddasi bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda:
- Bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
- Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda)
- Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish (187-modda 1-qismi);
- Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolati berilmoqda.
Shuningdek, bu vakolatlar IIV ning voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan.
Senatorlarga ko‘ra, qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda budjetdan qo‘shimcha xarajatlar talab qilmaydi. Senat qonunni ma’qullandi. Hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Toshkent viloyati MMTBga yangi boshliq tayinlandi
2024-yilda ta’lim sohasi vakillari qancha maosh olgani ma’lum bo‘ldi
Toshkentdagi maktabda sil kasalligi aniqlandimi?
Mashina haydagan maktab o‘quvchisi inspektor o‘limiga sababchi bo‘ldi
Mavzuga doir yangiliklar
Inspektor-psixologlarning bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatlari mustahkamlanmoqda
Bu bo'yicha qonun loyihasi tayyorlanmoqda
Podkast
Milliy gvardiya bizga kerakmi?
Farzandini maktabga jo‘natmagan ota 10 sutkaga qamaldi
Ota farzandini ta’limga qaytmasligini, hech kim hech narsa qila olmasligini ta’kidlagan.
Maktab o‘quvchisi Milliy gvardiya xodimini kaltakladi
Holat Namangan shahridagi 37-maktabda sodir bo‘lgan.
Izohingizni tahrirlang