O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab xalqaro maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda 14 ta Prezident maktabi, 185 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabi tashkil etilgani, ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy etilib, iqtidorli bitiruvchilar uchun “Yangi O‘zbekiston” universiteti ochilgani qayd etildi.
Xususan, joriy yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qizlar saralab olinadi.
Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.
Shuningdek, yoshlarni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.
O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.
Endilikda “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuziladi. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi.
Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25-mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari jinoyat ustida qo‘lga olindi

O‘quvchilar uchun yangi olimpiada tashkil etilib, g‘oliblar grant asosida o‘qishga qabul qilinadi

8-sinf o‘quvchisi “Yosh kitobxon”da qatnashib, mashina yutib oldi

Izohingizni tahrirlang