Top.Mail.Ru
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi xalqaro Arktika ekspeditsiyasida ishtirok etdi

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi xalqaro Arktika ekspeditsiyasida ishtirok etdi

12:30 / 08.09.2025 125

Toshkent shahridagi 246-maktab o‘quvchisi Alina Chembayeva joriy yilning avgust oyida o‘tkazilgan xalqaro “Bilimlar muzyorari” (Icebreaker of Knowledge) Arktika ekspedisiyasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi. Bu haqda Uzdaily nashri xabar berdi.


“Bilimlar muzyorari” loyihasi tabiiy fanlar va atom texnologiyalarini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini rivojlantirish hamda kasb tanlashga yo‘naltirishga qaratilgan.


Loyihaning olti mavsumi davomida “Rosatom”ning Arktika ekspeditsiyalarida 400dan ortiq iqtidorli maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.



Ekspeditsiya ta’limiy jihatdan ham noyob loyiha bo‘ldi. Muzyorar kemada maktab o‘quvchilari yadro fizikasi, kompozit materiallar, ekologiya bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglash bilan birga, atom floti faoliyati bilan ham tanishdilar.

“Bizning kundalik jadvalimiz quyidagicha edi: nonushta, 3-4 ta ma’ruza, tushlik, yana 3-4 ta ma’ruza, kechki ovqat va kechki dastur. Ammo meni eng hayratga solgan narsa mutaxassislarning bizga yaqinligi bo‘ldi. Ular barcha tadbirlarda biz bilan birga bo‘lib, suhbatlashishga doim tayyor edilar. 

Istalgan paytda yaqinlashib, har qanday savolni berish imkoniyati bor edi. Masalan, biz muzliklar oldiga yetib borganimizda, muzning chiroyli, to‘yingan ko‘k rangda ekanligini ko‘rdim. Avval uni shaffof bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Shunda men suvshunos olimning oldiga bordim va “Nega muz ko‘k rangda?” deb so‘raganimda, u bu haqda batafsil tushuntirib berdi”, - dedi Alina Chembayeva.



Bunday ta’lim muhitida o‘quvchilarning jahon darajasidagi olim va muhandislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti yoshlar kelajagi uchun bebaho tajriba hisoblanadi.


Madaniy almashinuv esa to‘liq jonli muloqot shaklida amalga oshirildi. Alina o‘z vatanini tanishtirishga alohida e’tibor qaratdi. U turli davlatlardan kelgan qatnashchilar bilan bo‘lib o‘tgan norasmiy suhbatlar davomida Samarqand va Buxoro haqida so‘zlab berdi hamda ularni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.


Loyihada ishtirok etishni istaganlar uchun Alina shunday maslahat beradi:

“Bunday loyihalarda ishtirok etish uchun ariza topshirishdan qo‘rqmang. Agar rad etishsa, siz hech narsa yo‘qotmaysiz. Bor kuchingizni sarflang, chunki bu kabi imkoniyat hayotda faqat bir marta beriladi. Agar uni qo‘ldan boy bersangiz va yetarlicha harakat qilmasangiz, keyinchalik qo‘lingizdan kelgan barcha ishni qilmaganingizdan qattiq afsuslanishingiz mumkin. Hammasi o‘z qo‘lingizda”, - dedi Alina.

O‘zbekiston ilk bor 2024-yilda “Bilimlar muzyorari” Arktika ekspeditsiyasida ishtirok etdi. O‘sha yili “MMFI” MTYAU Toshkent filiali bitiruvchisi Shahzoda Yoqubova safarga jo‘nab, loyihada ekspert va ilm-fan targ‘ibotchisi sifatida ishtirok etdi.

Yoshlar uchun bunday xalqaro loyihalarda ishtirok etish nafaqat fan va ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi, balki ularni fanga qiziqish, yangilik yaratish va dunyo ta’lim muhitiga qo‘shilishga rag‘batlantiradi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Yutuq

Ulashish