Kabinet mudirligini direktor xohlagan o‘qituvchiga berishi mumkinmi?
Savol
Oliy toifali kimyo fani o‘qituvchisiman. Maktabda laboratoriya xonasi mavjud bo‘lgani uchun kabinet mudirligini men olmoqchi edim.
Lekin direktorimiz kabinet mudirligini sizga emas, boshqa o‘qituvchiga topshiramiz, deb aytdi. U o‘qituvchining toifasi ham menikidan yuqori emas. Shu to‘g‘rimi? Direktor xohlagan o‘qituvchiga kabinet mudirligini topshirishi mumkinmi?
Javob
Ma’lumki, Mehnat kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi o‘sha ish beruvchida qo‘shimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ham qo‘shimcha ishni bajarish topshirilishi mumkin.
Xabaringiz bo‘lsa, 2024-yil 30-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Iqtisodiyot va moliya hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan holda imzolangan 288-sonli buyruqqa muvofiq maktablardagi laborant lavozimi to‘liq tugatilgan.
Mazkur buyruq bilan laboratoriya xonalari mavjud bo‘lganda fizika va kimyo fani o‘qituvchilaridan bir nafariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foiz miqdorida kabinet mudirligi uchun har oy qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-346-sonli qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan "Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida"gi nizomning 10-bandi “g” kichik band bilan to‘ldirilib, laboratoriya xonasi mavjud bo‘lganda, fizika yoki kimyo fani o‘qituvchilaridan biriga 50 foiz qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo, kabinet mudirligi uchun alohida talablar belgilanmagan bo‘lib, yuqoridagi qonunchilik hujjatlarida kabinet mudirligi fizika yoki kimyo fani o‘qituvchilaridan biriga berilishi nazarda tutilgan.
Ya’ni, kabinet mudirligini o‘qituvchilarga biriktirishda ustuvorlik beradigan norma ishlab chiqilmagan. Shu sababli, kabinet mudirligi ish beruvchining xohishiga ko‘ra istalgan o‘qituvchilaridan biriga berilishi mumkin.
Eslatma: Saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda manba ko‘rsatilishi shart.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Bolalar orasida virusli kasallik tarqalayotgani haqidagi xabar rad etildi
B2 sertifikati muammosi yana kun tartibida
Ayrim maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshqa binoga ko‘chiriladi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang