Samarqand “oblono” boshlig‘i farzandini xorijga yuborgani uchun 28 mln so‘m mablag‘ budjetga qaytarildi
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiyaga yuborilgan rasmiy delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini qo‘shib yuborgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasining maktab bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) bayramida ishtirok etish uchun Samarqand viloyatidan iqtidorli 9-11-sinf o‘quvchilaridan iborat delegatsiya Rossiyaga taklif qilinadi.
Ammo, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiyaga iqtidorli o‘quvchilarni yuborish o‘rniga o‘g‘li va jiyanini, shuningdek, boshqarmaning ayrim bo‘limlari rahbarlari va mas’ul xodimlarining farzandlarini yuboradi. Bu esa keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi esa holatga rasmiy munosabat bildirib, ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasportlari o‘z vaqtida tayyor bo‘lmagani, ayrimlarining esa ota-onalari safarga ruxsat bermagani uchun ro‘yxatga o‘zgartirish kiritilganini aytadi. Shundan so‘ng, mazkur holat Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan nazoratga olinadi.
6-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida agentlik rahbari Akmal Burxonov qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi va jiyanini xorijga yubormoqchi bo‘lgan samarqandlik amaldor 28 mln so‘mni byudjetga qaytargan. Shuningdek, xorijga yuborilgan 8 nafar o‘quvchidan 4 nafari bevosita boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani, yana ikki nafari boshqarmada ishlovchi buxgalter va metodistning farzandi ekani ham ma’lum bo‘ldi.
Akmal Burxonov ushbu holatga alohida to‘xtalib, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani o‘z isbotini topganini ta’kidladi.
Natijada mazkur holat bo‘yicha ko‘rilgan choralar doirasida Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli amaldorlar mahalliy budjetga 28 million so‘m mablag‘ni qaytarib bergan.
“Agar byudjetga zarar keltirilgan bo‘lsa, unga va tanish-bilishchilik holatiga yo‘l qo‘ygani uchun birinchi o‘rinda boshqarma boshlig‘iga va boshqa mansabdorlarga keskin chora ko‘rish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan taqdimnoma kiritdik”, degan Burxonov.
Muzaffar Hamdamov faoliyatiga bir yil
Muzaffar Hamdamov ushbu lavozimga bir yil avval, 2025-yil 25-fevral kuni Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. Bundan avval esa Paxtachi tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.
U 1980-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Toshkent moliya institutini tamomlab, soliq va soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va audit mutaxassisliklarini egallagan.
O‘z mehnat faoliyatini 1999-yilda Toyloq tumani hokimligi moliya bo‘limida bosh hisobchi muovini sifatida boshlagan. Keyinchalik, turli lavozimlarda, jumladan, Toyloq tumani markaziy shifoxonasi bosh hisobchisi, Samarqand viloyati moliya boshqarmasida bosh iqtisodchi, yetakchi iqtisodchi va boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2017-2018-yillarda Samarqand viloyati bo‘yicha G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i, 2018-2019-yillarda esa viloyat Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Boshqa hududlarda bunday holatlar sodir bo‘lmaganiga kafolat bormi?
Samarqand viloyatida kuzatilgan ushbu holat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, korrupsiya xavflari hanuz to‘liq bartaraf etilmaganini ko‘rsatdi. Aks holda, iqtidorli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan imkoniyatlardan mansabdorlarning shaxsiy manfaatlari yo‘lida ochiqdan-ochiq foydalanilmas edi.
Shu bois, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalar faoliyatini kompleks va tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi zarur. Ayniqsa, xorijiy safarlar, tanlovlar va delegatsiyalarni shakllantirish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash masalasi qat’iy nazoratga olinishi lozim.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan barcha hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish bugungi kun talabi hisoblanadi. Chunki, nafaqat o‘quvchilarning turli xil tanlovlardagi ishtiroki, balki pedagoglarni xorijga malaka oshirish yoki rasmiy safarlarga yuborish jarayonlarida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilmaganligiga hech qanday kafolat yo‘q.
Ayniqsa, prezident topshirig‘iga ko‘ra hududiy hokimliklar va maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan har bir tuman (shahar)dan 5 nafar maktab o‘qituvchilarini xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish jarayonida ham mahalliychilik, tanish-bilishchilik hamda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilmaganligi masalasi alohida o‘rganilishi lozim.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
14 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan mashina avariyaga uchradi, haydovchi vafot etdi
Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun amaliy imtihon sanasi aniq bo‘ldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga yangi rahbar tayinlandi
Vazir attestatsiyadan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarga duch keldi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
“X-variant” mavzusi yana sahnada: yanvar oyida ham milliy sertifikat savollari sotilganmi?
Bu safar 2026-yil yanvar oyida o‘tkazilgan tarix fanidan milliy sertifikat test sinovlari bilan bog‘liq yangi audio, video va boshqa materiallar kelib tushdi.
Yangiliklar
Milliy sertifikat: “X-variant” bo‘yicha yangi tafsilotlar
Holat bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy bayonot berib, maqolada keltirib o‘tilgan audiofayllar va boshqa ma’lumotlar Agentlik tomonidan o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
Yangiliklar
Tarix fanidan milliy sertifikat uchun “X-variant” sotildimi?
Imtihondan oldin Telegram’da yopiq guruh tashkil etilgan. Unga kirish narxi – 1000 AQSH dollari. Mavjud audioyozuvlarga ko‘ra, tonggi soat 4:00 dan boshlab audiochatda test savollari va ularning javoblari o‘qib eshittirilgan.
Yangiliklar
Ta’lim jihozlari ortidagi korrupsiya fosh etildi
Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang