Top.Mail.Ru
Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi

Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi

09:59 / 23.07.2026 84

Joriy yil 16-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.


Yig‘ilishda joylarda ijtimoiy reyestrni yuritishda jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Qayd etilishicha, ayrim hududlarda fuqarolarni ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki ularni sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchramoqda.


Buning oqibatida ehtiyojmand oilalar davlat tomonidan kafolatlangan qator ijtimoiy xizmatlardan foydalana olmayapti. Jumladan, ular ijtimoiy yordam olish, farzandlarini davlat bog‘chalari va turli to‘garaklarga joylashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.


Ta’kidlanishicha, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz ravishda rad etilgan. Bunday holatlar, ayniqsa, Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘p kuzatilayotgani qayd etildi.


Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritish masalasida Prezident nomiga yuborilgan murojaatlar soni ham keskin oshgan. Yil boshidan buyon bunday murojaatlar 30 mingdan 46 mingtagacha ko‘payib, qariyb 1,5 barobarga oshgan.


Shu munosabat bilan Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning to‘g‘ri yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyevaga esa reyestrning haqqoniyligi yuzasidan Prezidentga muntazam axborot berib borish vazifasi yuklatildi.


Yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilandi. Xususan, yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, fuqarolarni ijtimoiy uylarga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallalarning o‘zida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.


Bundan tashqari, yaqin uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari hamda “Madad” uylari tashkil etiladi. Shuningdek, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.


Yig‘ilishda bolalarni himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, qarovsiz qolgan hamda zo‘ravonlikka uchragan bolalarga zarur psixologik, ijtimoiy va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatish maqsadida mahallalarda “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etilishi belgilandi.


Hozircha qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan “Qo‘llab-quvvatlash markaz”larining aniq vazifa va vakolatlari nimalardan iborat ekanligiga to‘liq to‘xtalib o‘tilmadi. Shu bois ushbu markazlar qanday tartibda ishlashi, qaysi xizmatlarni ko‘rsatishi va qaysi davlat organlari bilan hamkorlik qilishi hozircha noma’lum.


Biroq xalqaro tajribaga nazar tashlansa, bunday markazlar odatda zo‘ravonlikka uchragan bolaga bir joyning o‘zida kompleks yordam ko‘rsatish tamoyili asosida faoliyat yuritadi. Ularda bolaga psixologik yordam ko‘rsatish, ijtimoiy xodim bilan ishlash, zarurat tug‘ilganda tibbiy ko‘rik va huquqiy maslahatlar berish, shuningdek, bolani qayta zo‘ravonlikka duch kelishining oldini olish bo‘yicha individual reja ishlab chiqish amaliyoti keng qo‘llaniladi.


Masalan, AQSH va Yevropaning qator davlatlarida faoliyat yuritayotgan bolalarni himoya qilish markazlari turli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Natijada zo‘ravonlikka uchragan bola bir necha tashkilotga alohida murojaat qilish o‘rniga, zarur xizmatlarning asosiy qismini bitta markaz orqali olishi mumkin bo‘ladi. Bu esa bolaning ruhiy holatiga salbiy ta’sirni kamaytirish va yordam ko‘rsatish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik

Ulashish