Top.Mail.Ru
“Tarbiya” fani yanada takomillashtirlib, ta’lim-tarbiya strategiyasi ishlab chiqiladi

“Tarbiya” fani yanada takomillashtirlib, ta’lim-tarbiya strategiyasi ishlab chiqiladi

15:32 / 10.10.2026 1.19k

Ta’limdagi muammolarni faqat darsliklar, o‘qitish metodikasi yoki boshqaruv tizimidagi kamchiliklarni tuzatish bilangina bartaraf qilish mumkinmi?

Yoki buning ortida bolalar tarbiyasiga munosabat, oilaning mas’uliyati va jamiyatdagi qadriyatlar bilan bog‘liq muammolar ham bormi? 9-oktabr kuni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida shu kabi masalalar muhokama qilindi.




“Milliy yuksalish poydevori: tarbiya, ta’lim va ilm-fan uyg‘unligi” mavzusidagi tadbirda deputatlar, ta’lim sohasi mutaxassislari, ekspertlar, pedagoglar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda “Tarbiya” fanini takomillashtirish, oila va maktab hamkorligi, ta’limni rivojlantirish strategiyasi hamda ilm-fanni amaliyot bilan bog‘lash masalalari ko‘tarildi.


Tarbiya ta’limdan oldin turishi kerakmi?


Muhokamaning asosiy masalalaridan biri ta’lim va tarbiyaning o‘zaro munosabati bo‘ldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori Muhammadjon Quronov ta’limdagi muammolarni hal etishda tarbiyaga bo‘lgan yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.


Uning fikricha, uzluksiz ta’lim tizimi bilan bir qatorda tarbiya ham mustaqil va ustuvor yo‘nalish sifatida qaralishi kerak. Quronov yaxshi tarbiya olgan bolaning o‘qishda ham muvaffaqiyatga erishish imkoniyati yuqori ekanini qayd etib, tarbiya bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqish zarurligini bildirdi.

“Aslida, ta’lim va tarbiya bir-birini to‘ldiradigan jarayonlardir. Bilim berish bolaning dunyoqarashi, fikrlashi va kasbiy salohiyatini rivojlantirsa, tarbiya uning bilimdan qanday foydalanishi, boshqalarga munosabati va jamiyatdagi xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli masalani faqat qaysi biri oldin turishi bilan emas, ularning qanday uyg‘unlashtirilishi bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish lozim”, - dedi Muhammadjon Quronov.

Tarbiya uchun mas’uliyat faqat maktab zimmasidami?

Profi University rektori G‘ayrat Shoumarov ham tarbiya masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, tarbiyaning oiladan boshlanishi hammaga ma’lum bo‘lsa-da, amalda bu mas’uliyat ko‘pincha maktab zimmasiga yuklab qo‘yilgan. Bu muammo bugungi ta’lim tizimi uchun dolzarb masala.


Ota-onalar farzandining bilim olishi, odob-axloqi va xulq-atvori uchun mas’uliyatni maktabga yuklasa, maktab esa oiladagi tarbiya bilan bog‘liq muammolarni o‘z imkoniyatlari doirasida hal qilishga majbur bo‘ladi. Natijada oila, mahalla va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik kutilgan darajada ishlamasligi mumkin.


Shoumarov maktablarda o‘qitilayotgan “Tarbiya” fanini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, fanning mazmuni va amaliy samaradorligi yuzasidan muammoli masalalar ko‘p.

“Bu yerda asosiy masala fanning nomi yoki o‘quv dasturida ajratilgan soatlar bilangina cheklanmaydi. O‘quvchi darsda o‘rgangan qadriyatlarini kundalik hayotda qo‘llayaptimi?

Unda mustaqil qaror qabul qilish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqalarning huquqlarini hurmat qilish va axborotni tanqidiy baholash ko‘nikmalari shakllanyaptimi? Fanning natijasini baholashda shu kabi savollarga ham javob topish kerak”, - dedi Shaumarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, milliy qadriyatlarni o‘rgatish ham faqat tushunchalarni yod oldirishdan iborat bo‘lmasligi lozim. Ularni bolalarning kundalik hayoti, oiladagi munosabatlari, maktab muhiti va zamonaviy hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lash muhim.


Ta’limda yagona strategiya bormi?


Ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov muammoning boshqa jihatiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, ta’lim sohasida yakuniy maqsadlarga erishilmayotganining sabablaridan biri yagona strategiyaning mavjud emasligida.


Jalilov vazirlik rahbarlarining bir necha bor almashgani sharoitida sohani rivojlantirish bo‘yicha izchil strategiya yo‘qligi noaniqliklarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Shu bois yangi vazirlik oldiga yagona ta’lim strategiyasini ishlab chiqish vazifasini qo‘yish va hujjatni barcha mas’ul idoralar bilan kelishish taklifini bildirdi.


Bu taklif ta’limni boshqarishdagi muhim masalani ko‘taradi. Strategiya faqat maqsadlar va vazifalar ro‘yxati bo‘lib qolmasligi kerak. Unda qanday natijaga erishish ko‘zlanayotgani, bu natijalar qaysi ko‘rsatkichlar orqali baholanishi, mas’ul idoralar kimligi va belgilangan vazifalar qaysi muddatlarda bajarilishi aniq ko‘rsatilishi lozim.


Bundan tashqari, ta’lim strategiyasining samaradorligi vazirlik yoki maktab darajasidagi hujjatlar bilangina belgilanmaydi. O‘qituvchining kasbiy salohiyati, maktab rahbarining boshqaruv sifati, o‘quv dasturlari, baholash tizimi va ta’lim muassasalaridagi sharoitlar ham umumiy natijaga ta’sir qiladi.


Jamoatchilik eshituvida ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash tizimini takomillashtirish, pedagoglarning kasbiy salohiyati va ijtimoiy maqomini oshirish, STEM ta’limini rivojlantirish hamda yoshlarda ilm-fanga qiziqishni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.


Ta’lim, tarbiya va ilm-fan bir-biridan ajralmasligi kerak

Jamoatchilik eshituvi faqat maktabdagi tarbiya bilan cheklanib qolmadi. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni ilmiy izlanishlarga jalb qilish va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.


Agar maktab o‘quvchida izlanishga qiziqish uyg‘ota olmasa, oliy ta’limda bu qiziqishni rivojlantirish qiyinlashadi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish jarayoni iqtisodiyot bilan bog‘lanmasa, ularning amaliy samarasi bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ta’limning barcha bosqichlari, ilmiy muassasalar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur.


Jamoatchilik nazorati va yangi kengash


Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida milliy tarbiya asoslarini rivojlantirish, “Tarbiya” fanini takomillashtirish hamda oila va ta’lim muassasalarida milliy qadriyatlar va hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga oid vazifalar belgilangan.


Ushbu yo‘nalishdagi ishlar doirasida partiya deputatlari tomonidan ta’lim muassasalarida fanlarning o‘qitilishi, yoshlar tarbiyasi va ta’lim sifati yuzasidan 300 ga yaqin nazorat-tahlil o‘rganishlari hamda 150 ga yaqin jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilgani ma’lum qilindi.


Tadbir yakunida partiya huzurida tarbiya, ta’lim va ilm-fan masalalari bo‘yicha mutaxassislardan iborat Jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Kengashning vazifasi ushbu yo‘nalishlardagi muammolarni tahlil qilish, ularni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.


Kengash faoliyatining amaliy natijasi uning tarkibi yoki o‘tkaziladigan yig‘ilishlar soni bilan emas, balki aniqlangan muammolar bo‘yicha qanday takliflar ishlab chiqilishi va ularning qay darajada hayotga tatbiq etilishi bilan baholanadi.


Xo‘sh, avval ta’limmi yoki tarbiya?


Jamoatchilik eshituvida bildirilgan fikrlar bir masalani yana kun tartibiga olib chiqdi: ta’lim sifatini oshirish uchun faqat o‘quv dasturlari va boshqaruvni o‘zgartirish yetarlimi yoki tarbiya masalasiga ham yangicha yondashish kerakmi?


Bu savolga faqat “avval tarbiya” yoki “avval ta’lim” degan javobni berish qiyin. Bola oilada tarbiya oladi, maktabda bilim va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantiradi, jamiyatdagi munosabatlar orqali esa o‘z qarashlarini shakllantiradi. Bu jarayonlar bir-biridan ajralgan holda kechmaydi.


Shuning uchun asosiy vazifa tarbiyani ta’limga qarshi qo‘yish emas, balki ikkalasini yagona maqsadga xizmat qilishi erishishdir. Buning uchun oilaning mas’uliyatini kuchaytirish, maktabdagi tarbiya ishlarini amaliy natijalar bilan bog‘lash, pedagoglarni zarur metodik vositalar bilan ta’minlash va ta’lim siyosatida izchillikni saqlash lozim.


Endilikda Jamoatchilik kengashi a’zolari “Tarbiya” fanini takomillashtirish, oila va maktab hamkorligini kuchaytirish hamda ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yagona strategiya ishlab chiqishga doir takliflarini ishlab chiqib, partiyaga taqdim etib boradi. 


“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ushbu takliflarni umumlashtirib, tegishli tashabbuslarni Hukumatga kiritishni rejalashtirmoqda.


Ota-onalar, pedagoglar va jamoatchilik faollari ham bu jarayonda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun maqola ostidagi izohlarda “Tarbiya” fanini takomillashtirish, oila va maktab hamkorligini kuchaytirish hamda ta’lim tizimini rivojlantirishga oid o‘z taklif va mulohazalaringizni yozib qoldiring.

Izohlar 23

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • tarbiya

Ulashish