Top.Mail.Ru
Aksariyat o‘quvchilar maktabni xabardor qilmay xorijga chiqib ketmoqdami?

Aksariyat o‘quvchilar maktabni xabardor qilmay xorijga chiqib ketmoqdami?

17:00 / 17.04.2024 1.53k
Joriy yilning 8-fevral kuni 9-11-sinf o‘quvchilari orasida maktab ma’muriyatini ogohlantirmay xorijga chiqib ketish holatlari ko‘paygani haqida xabar bergandik. Bizga kelgan murojaatlardan shu malum boldiki, ba’zi hollarda ular Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida yoki ota-onalarining boshqa yumushlari sabab, ular bilan birga xorijiy mamlakatga chiqib ketishgan.

Maktab ma’muriyatiga esa tuman (shahar) voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi mas’ullari ham bu ularning ixtiyoriy xohishi deya, yordam berishdan bosh tortgan. Natijada esa ularni o‘quvchilar safidan chiqarishning ham imkoni bo‘lmagan. Javobgarlik esa shunchaki maktab ma’muriyatiga yuklab qo‘yilgan. 

Shundan so‘ng biz xorijga chiqib ketadigan o‘quvchilarga qo‘shimcha talablar qo‘yilishi lozimligi, bu vaziyatni esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nazoratga olishi kerakligini ta’kidlagandik.

Chunki, juda ko‘p hollarda o‘quvchilar 9-sinfligidayoq Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa xorijiy mamlakatga ishlash maqsadida chiqib ketib, hech qaysi maktabda tahsil olmay, oradan vaqt o‘tib, yana O‘zbekistondagi maktabiga kelib o‘qishni davom ettirmoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasini muhokamalar portaliga joylashtirgan.

Unga ko‘ra endilikda ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan (o‘quv yili davomida) murojaat etishi kerak bo‘ladi. 

Ariza maktab direktori tomonidan (direktor bo‘lmagan vaqtda, direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi) bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchi vaqtincha xorijiy davlatga ketayotganligi haqida hamda sinf rahbari va fan o‘qituvchilarini xabardor qilish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.

Agar xorijiy davlatga vaqtincha chiqib ketgan o‘quvchilar xorijda bo‘lish muddati uzaytirilganligi to‘g‘risida bir hafta muddatda maktabni xabardor qilmasdan dars mashg‘ulotlariga qatnashmasa yoki ota-onalar farzandi bilan xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etmasa, maktab direktori dars mashg‘ulotlariga jalb etish choralarini ko‘radi.

Bunda maktab direktori o‘quvchining ota-onalarini, yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisini, tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limini va Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasini yozma ravishda ogohlantiradi.

Shuningdek, maktab direktori har yili 25-mayga qadar o‘quv yili davomida maktabni xabardor qilmasdan xorijiy davlatga chiqib ketib, kamida uch oydan ortiq muddatda uzluksiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan (o‘quv yili yakunlanishidan oldin darsga qatnashgan o‘quvchilar bundan mustasno) o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga kiritadi. Mazkur o‘quvchilar esa Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi roziligi bilan o‘quvchilar safidan chiqariladi.

Avvalgi tartibda mana shu masala ochiq qolgandi. Ya’ni, o‘quvchi xorijga chiqib ketsa-da, u maktab hisobida turavergan. Bunday toifadagi o‘quvchilarning ko‘payishi esa ta’lim muassasasining reytingiga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy hol. 

Shu vaqtga qadar xorijga chiqib ketgan o‘quvchilar uchun javobgarlikni na Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi, na hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari o‘z bo‘yniga olmasdi.

Xo‘sh, ota-ona ariza bilan murojaat qilganda, direktor buni rad etishi mumkinmi?
O‘quvchini xorijiy mamlakatga olib chiqib ketish ota-onaning ixtiyoriy xohishi hisoblanadi. Buni cheklashga esa vazirlikning ham maktab direktorining ham vakolati yo‘q. Lekin Konstitutsiyaning 50-moddasiga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar esa xoh O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh xorijda bo‘lsin voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarishlari shart. Buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida ota-onalarga javobgarlik ham belgilangan.

Maktab direktori o‘quvchining xorijga chiqib ketishiga to‘sqinlik qilishga vakolati bo‘lmasa, unda ariza yozishdan nima naf?
Bizningcha, vazirlik tomonidan joylangan hujjat loyihasida ta’lim muassasasini xabardor qilinishiga alohida urg‘u qaratgan. Chunki, juda ko‘p hollarda maktabni xabardor qilmay o‘quvchilar xorijiy mamlakatga chiqib ketgan. Ular bilan aloqa o‘rnatishda ham muammolar yuzaga kelgan. (Bu bo‘yicha vazirlikda yetarlicha statistik ma’lumotlar bo‘lsa kerak.)

Shunday hollarda esa maktab ma’muriyati bolani o‘quvchilar safidan chiqarolmagan. Yangi kiritilayotgan tartibga ko‘ra esa ota-onaning yozgan arizasi yoki maktabni xabardor qilmaganligi o‘quvchilar safidan chiqarish uchun asos bo‘loladi. Shunda ham bu Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi.

Hozirgi kunga qadar esa bunga hech qanday qonuniy asos bo‘lmagan. 
Eng asosiysi esa yangi joriy etilayotgan tartib farzandining ta’lim-tarbiyasiga befarq bo‘lgan ota-onalarning ham biroz bo‘lsa-da mas’uliyatini oshiradi.

Xorijga maktabni xabardor qilmay chiqib ketadigan bolalarni o‘quvchilar safidan chiqarishdan qanday maqsad ko‘zlangan bo‘lishi mumkin?
Xalq ta’limi vazirining 2015-yil 2-iyundagi 13-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga ko‘ra ota-onalar o‘qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo‘lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish huquqiga ega.

Lekin ota-onalar orasida xorijiy davlatga ketib, farzandini hech qaysi ta’lim muassasasida o‘qitmaydiganlari ham juda ko‘p. Chunki, bolasining hujjati O‘zbekistondagi maktabda “o‘qiyapti” bo‘lib turgani uchun ham ular xotirjamlikka berilgan. Bir necha yil xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytgan o‘quvchini maktabga qabul qilish masalasida esa ota-onalar bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjatning (hujjatlarning) asli va notarial tasdiqlangan tarjimasini maktabga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Ammo ota-ona bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqida hech qanday hujjat mavjud emas deb turib oladigan bo‘lsa, maktab direktori bolani uning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishga majbur. Bu vaziyatda esa ota-onalar bolaning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga emas, balki aynan ular tahsil olayotgan sinfga o‘tkazishni direktordan talab qiladi.

Natijada esa xotirjam ota-onalar go‘yoki o‘zining konstitutsion huquqlaridan foydalanyapman deb bolaga ta’lim berish majburiyatini bajarmaydi. O‘quvchilar safidan chetlashtishning yangi tartibi esa ota-onalarni ancha sergaglikka chaqiradi.

Xorijga ketgan o‘quvchilar bilan onlayn dars tashkil qilsa bo‘lmaydimi?
Albatta, o‘quvchini maktabdan chetlatishdan ko‘ra uning ota-onasi bilan bog‘lanib, har kuni onlayn darslar ham tashkil qilib borish mumkin edi. Lekin onlayn dars bizga faqat ko‘zbo‘yamachilik yoki bolalarni baholab turish uchun, o‘zimizni-o‘zimiz aldash uchun bir vosita xolos.

Karantin vaqtida onlayn darslar uchun juda ko‘p resurs ajratildi. Ammo u o‘z samarasini bermadi va bundan keyin ham bermaydi deb oylaymiz. Mahallasida joylashgan maktabga qadamizi qilmay, hatto direktor yoki sinf rahbarini xabardor qilmay xorijga farzandini olib chiqib ketgan ota-ona bolalarini onlayn ta’limga jalb qilishi bu shunchaki “utopiya”.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • tarbiya
  • Davomat

Ulashish