Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat joriy etildi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tizimi tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini baholashning mutlaqo yangi tartibi joriy etildi.
Mazkur tartib 2026/2027-o‘quv yilidan kuchga kiradi va unga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari maxsus malaka imtihonida ishtirok etib, milliy sertifikat olishlari mumkin bo‘ladi. Sertifikat o‘qituvchining kasbiy salohiyatini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi hamda unga ega bo‘lgan pedagoglarga qo‘shimcha ustama ham to‘lanadi.
Qarorga ko‘ra, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari sertifikat olish uchun ixtiyoriy ravishda malaka imtihonida qatnashishlari mumkin.
Milliy sertifikat berish bo‘yicha barcha jarayonlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etadi. Aynan Agentlik test topshiriqlarini ishlab chiqadi, imtihonlarni o‘tkazadi, natijalarni e’lon qiladi, sertifikatlarni rasmiylashtiradi hamda ularning reyestrini yuritadi. Sertifikatlarning haqiqiyligini Agentlikning rasmiy sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tekshirish mumkin bo‘ladi.
Malaka imtihonlari o‘qituvchilarning nafaqat fan bo‘yicha bilimini, balki pedagogik mahoratini ham baholaydi. Test topshiriqlari Davlat ta’lim standartlari, boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari, metodika, Konstitutsiya hamda mantiqiy fikrlashga oid topshiriqlar asosida shakllantiriladi. Testlarni ishlab chiqishda xalqaro tajriba ham inobatga olinadi. Imtihonlar o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida topshirilishi mumkin.
Qarorga muvofiq, test topshirish uchun ariza elektron shaklda yuboriladi. Nomzod imtihon hududi va tilini o‘zi tanlaydi. Imtihon sanasi, joyi va vaqti haqidagi ma'lumotlar shaxsiy kabinet orqali e'lon qilinadi.
Imtihon jarayonining shaffofligini ta'minlash maqsadida barcha test sinovlari videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va to‘liq yozib olinadi. Nomzodlarga telefon, planshet, kompyuter, aqlli soat, kalkulyator, lug‘at, kitob, konspekt, qog‘oz, quloqchin, foto va video uskunalari hamda boshqa aloqa vositalarini olib kirish qat’iyan taqiqlanadi.
Taqiqlangan buyum bilan kirgan yoki test jarayonida qoidalarni buzgan nomzodning natijasi bekor qilinadi. Shuningdek, boshqa shaxs nomidan imtihonda qatnashish, test materiallarini olib chiqishga urinish, boshqalarga yordam berish yoki yordam olish, test materiallariga shikast yetkazish kabi holatlar ham natijaning bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Natijalar imtihon o‘tkazilgan kundan boshlab yetti ish kunidan kechiktirmay e’lon qilinadi. Natijadan norozi bo‘lgan nomzodlar elektron tizim orqali apellyatsiya berish huquqiga ega. Apellyatsiya maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi, zarurat tug‘ilganda esa sudga murojaat qilish ham mumkin.
Imtihon natijalariga ko‘ra o‘qituvchilarga Rash modeli asosida quyidagi darajalardan biri beriladi:
- A+ — 70 balldan yuqori;
- A — 65–69,9 ball;
- B+ — 60–64,9 ball;
- B — 55–59,9 ball;
- C+ — 50–54,9 ball;
- C — 46–49,9 ball.
- 46 balldan past natija olganlarga sertifikat berilmaydi.
Milliy sertifikat olish uchun davlat xizmati pullik hisoblanadi. Biroq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Kambag‘al oilalar reyestri”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan shaxslar hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida imtiyozli to‘lov asosida imtihonda ishtirok etishlari mumkin.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri — milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini moddiy rag‘batlantirishdir. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga amaldagi lavozim maoshiga har oy 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Izohlar 4
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi maktabga ishga kirmoqchi bo‘lgan pedagoglar test orqali ishga qabul qilinadi
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi eng korrupsiyalashgan tizim sifatida tilga olindi
29-avgustga qadar barcha hududlarda “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tadi
Ta’limga ajratilgan mablag‘lar nimalarga sarflandi?
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Milliy sertifikat bor, ammo EduERP’da “ustama to‘lanmaydi” chiqyapti: sabab nima?
Meni maktabimda ona tili va adabiyot fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ustozimiz A sertifikatini oldi, umumiy balli 66.82. Lekin erp.maktab.uz saytida ustama to‘lanadi degan joyiga “yo‘q” (to‘lanmaydi) chiqib turibdi. Shu savolga javob kerak, ustama to‘lanadimi yoki yo‘q?
Yangiliklar
“X-variant” masalasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 13 kishi hibsga olindi — Hindiston
2026-yilning may oyida Hindistonda tibbiyot oliygohlariga qabul uchun o‘tkazilgan NEET-UG imtihoni mamlakat tarixidagi eng yirik mojarolaridan biriga aylandi.
Yangiliklar
“X-variant” mojarosiga to‘liq nuqta qo‘yildimi?
Agentlik tahririyat bilan bog‘lanib, bir qancha savollarimizga javob berib, tarix fanidan o‘tkazilgan “Milliy sertifikat” imtihonining tahliliy natijalarini ham tahririyat ixtiyoriga topshirdi.
Yangiliklar
“X-variant” bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi zarur” — tarixchilar va jamoatchilik faollari
Tarix fanidan “Milliy sertifikat” imtihonlari atrofida davom etayotgan “x-variant” mojarosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang