Top.Mail.Ru
Milliy sertifikat bor, ammo EduERP’da “ustama to‘lanmaydi” chiqyapti: sabab nima?

Milliy sertifikat bor, ammo EduERP’da “ustama to‘lanmaydi” chiqyapti: sabab nima?

15:06 / 17.08.2026 392

Savol

Meni maktabimda ona tili va adabiyot fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ustozimiz A sertifikatini oldi, umumiy balli 66.82. Lekin erp.maktab.uz saytida ustama to‘lanadi degan joyiga “yo‘q” (to‘lanmaydi) chiqib turibdi. Shu savolga javob kerak, ustama to‘lanadimi yoki yo‘q? 


Javob

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022-2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF–134-sonli farmoni 9-bandiga ko‘ra Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustamalar to‘lab berish nazarda tutilgan. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37–son Farmoni 12-bandiga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega “Ona tili va adabiyot” fani o‘qituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan. Bunda: 


  • ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga o‘zbek tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili va adabiyot faniga; 


  • ta’lim tili rus tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga rus tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (rus tili) va adabiyoti faniga; 


  • ta’lim tili qoraqalpoq tili bo‘lgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga qoraqalpoq tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (qoraqalpoq tili) va adabiyoti faniga tegishli dars soatlari uchun ustama to‘lanadi. 


Ma’lumki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori bilan xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan. 


Mazkur qo‘shma qarorning 4-bobida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati keltirilgan. 


Unga ko‘ra, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari mazkur ustamani qo‘lga kiritishi uchun kamida B+ yoki undan yuqori darajadagi (avvalgi tartibda sertifikat olganlar 80 ball) umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisidagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan bo‘lishi lozim. 


Yuqoridagi holatda o‘qituvchining 66,82 ball bilan olgan A darajadagi milliy sertifikati ustama olish uchun yetarli hisoblanadi. Ya’ni, sertifikat darajasi bo‘yicha ushbu o‘qituvchiga ustama tayinlanishiga to‘sqinlik qiladigan holat mavjud emas. 


Biroq, sertifikat ma’lumotlarini EduERP tizimiga kiritishda fan nomi noto‘g‘ri tanlangan bo‘lishi mumkin. Tizimda “O‘zbek tili va adabiyoti” fani ko‘rsatilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra esa, ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lgan maktablarda dars beradigan o‘qituvchi uchun sertifikat tegishli dars soatlari bo‘yicha “Ona tili va adabiyot” faniga biriktirilishi kerak. 


Shu sababli, sertifikatning o‘zi ustama olish huquqini berayotgan bo‘lsa-da, EduERP tizimida “Ustama to‘lanadi” qatorida “Yo‘q” deb chiqayotganining sababi sertifikatni tizimga kiritishdagi ma’lumotlar mos kelmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol yuqori. 


Xulosa qilib aytganda, 66,82 ballik A darajadagi sertifikat ustama olish uchun yetarli. Faqatgina EduERP tizimida fan nomi va boshqa ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganini tekshirtirish, zarur bo‘lsa, maktabning mas’ul xodimi orqali sertifikat ma’lumotlarini qayta kiritish yoki tuzatish tavsiya etiladi. 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Milliy sertifikat

Ulashish