Yangi Milliy o‘quv dasturi muhokamada: dasturda nimalar nazarda tutilgan?
Majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarga nimalarni o‘rgatish, qanday bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda buning maqsadi qanday bo‘lishi curriculum deb ataluvchi hujjat – milliy o‘quv dasturida belgilab beriladi.
Oksford ta’lim lug‘atida (Oxford Dictionary of Education, 2015) curriculum tushunchasi ta’lim muassasasida muayyan fan yoki yo‘nalish doirasida o‘qitiladigan mazmun va uning spetsifikatsiyasi sifatida izohlanadi. Kengroq ma’noda esa u mamlakatdagi barcha o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan yagona o‘quv dasturini anglatadi.
National curriculum – milliy o‘quv dasturi, ya’ni mamlakat miqyosida barcha o‘quvchilar nimalarni bilishlari, tushunishlari, qadrlashlari va qila olishlari kerakligini belgilaydigan hujjat ta’lim tizimi uchun o‘ta muhim (critical) ahamiyatga ega hujjat bo‘lib, o‘quvchilarning sifatli, keng qamrovli va muvozanatlashgan ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi (Adegbenro, 2021).
Ammo O‘zbekistonda vaziyat boshqacha. Ya’ni, 2023-yildan buyon 6 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim olishini belgilab beruvchi, ular nimani va qanday maqsadda o‘rganishini aniq ko‘rsatib turadigan yagona hujjat amalda to‘laqonli ishlamayotgandi.
Respublika ta’lim markazi 2021-yilda ham Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqilgani va uni maktablarga joriy etish boshlanganini ma’lum qilgandi. O‘sha paytdagi rejaga ko‘ra, ushbu dasturga maktablar 2025-yilgacha to‘liq o‘tishi kerak edi.
Ammo, 2025-yilgacha maktablarga tatbiq etilishi kerak bo‘lgan Milliy o‘quv dasturi, 2026-yilga kelib, yana qayta tahrirlanib, jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim qilindi.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning Gazeta.uz nashrida e’lon qilingan maqolasida, Milliy o‘quv dasturini joriy etish jarayonining keyingi bosqichlarida turli yillarda ishlab chiqilgan darsliklar va yangi dasturlar paydo bo‘lishi natijasida maktablarda o‘zaro to‘liq mos kelmaydigan o‘quv materiallari shakllangan.
Milliy o‘quv dasturi bilan bog‘liq qisqacha xronologiya
- 2020-yil — Prezidentning 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son farmoni asosida Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish jarayoni boshlandi;
- 2021-yil — Milliy o‘quv dasturi umumxalq muhokamasiga chiqarildi. Dastur va uning asosidagi yangi darsliklar ayrim sinflarda bosqichma-bosqich joriy etila boshlandi. Shu yili Xalq ta’limi vazirining 17-dekabrdagi 406-son buyrug‘i bilan amaldagi davlat ta’lim standartlari ham tasdiqlandi. Mazkur buyruqda Milliy o‘quv dasturi joriy etilishi bilan tegishli sinflar uchun eski standartlar o‘z kuchini yo‘qotishi belgilangandi;
- 2022-yil — Prezidentning 11-maydagi PF-134-son farmoni bilan Milliy o‘quv dasturini 2024-yil 1-sentabrgacha to‘liq joriy etish vazifasi belgilandi. Dastur asosidagi darsliklar 3-, 6-, 7- va 10-sinflarda ham joriy qilindi. Shu davrdan boshlab ta’lim mazmunida turli xorijiy tajribalarni sinovdan o‘tkazish jarayonlari ham boshlandi;
- 2023-yil — “Finlyandiya tajribasi” asosidagi darsliklar masalasi kun tartibiga chiqdi;
- 2023/2024-o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflarda yangi darsliklar qo‘llanila boshlandi;
- 2024-yil — PISA natijalaridan so‘ng bu safar Singapur tajribasiga e’tibor kuchaydi;
- 2024/2025-o‘quv yilidan 5- va 6-sinflarda matematika hamda tabiiy fanlar bo‘yicha Singapur darsliklari joriy qilindi.
Joriy yilning 18-avgustida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta‘lim markazi va qator xorijiy tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi loyihasi e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish qariyb ikki yil davom etgan. Uni tayyorlashda 147 nafar milliy va 30 nafar xalqaro mutaxassis ishtirok etgan.
Dastur dalillarga asoslangan yondashuv asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, jarayon davomida 260 dan ortiq ishchi uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazilgan. Shuningdek, barcha fanlar bo‘yicha tuzilgan milliy ishchi guruhlar xalqaro fan ekspertlari bilan muntazam hamkorlik qilgan.
Ekspert Komil Jalilovning tahliliga ko‘ra, qayta ko‘rib chiqilgan standartda asosiy e’tibor bilimni yodlashdan ko‘ra, uni amaliy va hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olishga qaratilgan. Hujjatda tanqidiy va ijodiy fikrlash, muammolarni hal qilish, muloqot, hamkorlik, raqamli savodxonlik hamda ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham alohida o‘rin berilgan.
Yana yana bir jihat — yangi dasturda o‘quvchining natijasi faqat to‘g‘ri javob bilan o‘lchanmaydi. Unda o‘quvchining guruhda ishlashi, o‘z fikrini asoslay olishi va vaziyatdan tegishli xulosa chiqarishi kabi ko‘nikmalarga ham e’tibor qaratilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘quv yuklamasida ham o‘zgarishlar bor. Ya’ni, yangi o‘quv rejasining amaldagi 2026/2027-o‘quv yilidagi reja bilan farqlari ham ko‘rsatilgan. Masalan, boshlang‘ich va 6-sinfgacha tabiiy fanlarga ajratilgan vaqt oshiriladi, yuqori sinflarda algebra va geometriyani alohida fan sifatida ajratishdan voz kechiladi, astronomiya fizika tarkibiga integratsiya qilinadi, “Iqtisodiyot va biznes” nomli birlashtirilgan fan joriy etiladi.
Ayrim fanlarda xalqaro baholash dasturlaridgi metodologiya ham singdirilgan. Masalan, matematika dasturida PISA’dagi matematik savodxonlik kabi masalani tushunish, matematik model yaratish, yechish, turli yechimlarni taqqoslash va eng maqbulini tanlashdan iborat besh bosqichli yondashuv kiritilgan. O‘qish savodxonligida esa matnning ochiq va yashirin mazmunini tushunish, tuzilishini tahlil qilish, talqin qilish, fikr yuritish va baholash kabi bosqichlar hisobga olingan.
Yangi Milliy o‘quv dasturiga pedagoglar tomonidan ham fikrlar bildirilmoqda. Xususan, tarixchi pedagog Jalol Boltayev “Davlat va huquq asoslari” fani bo‘yicha tahlilida 8–9-sinflar uchun belgilangan 52 ta o‘quv maqsadining 45 tasi “izohlash” fe’li bilan tugashiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, bunday yondashuv o‘quvchining bilimni amalda qo‘llashi, tahlil qilishi yoki huquqiy muammoni hal qilishiga yetarlicha urg‘u bermasligi mumkin.
Boltayev yana bir masalaga — mavzularning berilish tartibiga e’tibor qaratadi. Uning yozishicha, 8-sinf dasturining dastlabki qismida davlat, huquq, davlat tuzilishi, siyosiy rejim kabi nazariy tushunchalar katta o‘rin egallaydi. Ekspertning fikricha, 13 yoshli o‘quvchi uchun huquqni avvalo kundalik hayotidagi vaziyatlar — iste’molchi sifatidagi huquqlari, maktabdagi qoidalar yoki huquqi buzilganda qayerga murojaat qilish kabi misollardan boshlash, nazariy tushunchalarni esa keyinroq umumlashtirish samaraliroq bo‘lishi mumkin.
Pedagogning yana bir fikri huquq ta’limining mazmuniga taalluqli. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, 52 ta o‘quv maqsadining 16 tasi jinoyat, huquqbuzarlik, jazo va javobgarlik masalalariga bag‘ishlangan. Ayni paytda saylov, sudga murojaat qilish, davlat organlariga ariza berish yoki advokat yordamidan foydalanish kabi fuqaroning kundalik hayotida kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘nikmalar kamroq aks etgan.
Boltayev bu holatni yanada keskinroq ifodalaydi: “Dastur bolani yurfak talabasi deb qaraydi (nazariyadan boshlaydi), potensial huquqbuzar deb qaraydi (jazoga urg‘u beradi), lekin fuqaro deb qaramaydigandek tuyilyapti.”
Boltayevning fikricha, huquq darsi faqat “nima uchun jazolanaman?” degan savolga emas, balki “huquqim buzilsa nima qilaman?” degan savolga ham javob berishi kerak.
Jalol Boltayevning fikrlarini ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov ham qo‘llab-quvvatlaydi. Uning fikricha, “Davlat va huquq asoslari” dasturida huquq fanini o‘qitishda jazo bilan qo‘rqitishga asoslangan yondashuv ustunlik qilayotgani ham muammoli.
Jalilov Buyuk Britaniya maktablaridagi huquq ta’limi dasturlarini misol qilib, u yerda o‘quvchilarga aniq jinoyat sodir etilganda qancha yilga qamalish yoki qancha miqdorda jarima solinishi kabi ma’lumotlardan ko‘ra, huquqning mohiyatini tushuntirishga ko‘proq e’tibor berilishini ta’kidlaydi. Masalan, huquq va axloq o‘rtasidagi farq, huquq tushunchasi va uning manbalari, nimalar mumkin yoki mumkin emasligini belgilaydigan qoidalar kabi masalalar avval tushuntiriladi.
Ekspertning qayd etishicha, jinoyat yoki ma’muriy kodeksdagi jazo muddatlari, jarima miqdorlari, og‘irlashtiruvchi yoki yengillashtiruvchi holatlar kabi ma’lumotlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. Shu sababli maktab o‘quvchisiga bunday tafsilotlarni yodlatishdan ko‘ra, huquqiy tushunchalarni anglatish muhimroq.
Ya'ni, huquq ta’limining maqsadi o‘quvchini jazodan qo‘rqitish orqali huquqbuzarlikdan tiyish emas, balki unda huquqiy tushunchani shakllantirish bo‘lishi kerak. Ya’ni bola biror ishni faqat “buning uchun jazo bor’’ degan qo‘rquv sababli emas, balki o‘sha xatti-harakatning o‘zi huquqiy jihatdan noto‘g‘ri ekanini anglagani uchun qilmasligi kerak.
Shu nuqtayi nazardan, Jalilov yangi dasturda o‘quvchiga fuqaro sifatida yondashishdan ko‘ra, uni “potensial jinoyatchi sifatida qarab, uni jazo bilan qo‘rqitish ustunlik qilayotganday” taassurot uyg‘otayotganini aytadi.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi loyihasi 15 kun davomida jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Bu davrda pedagoglar, ta’lim ekspertlari va boshqa manfaatdor tomonlar loyiha bilan tanishib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin. Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturining to‘liq loyihasi bilan dts.rtmuzedu.uz platformasi orqali tanishish mumkin.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘qituvchilar majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tadi — vazirlik topshiriq berdi
Bu yil 1696 nafar o‘qituvchiga qariyb 7 mln 500 ming so‘mlik vazir ustamasi beriladigan bo‘ldi
Ayrim davlat maktablarida oyiga 29 mln so‘mlik pullik sinf ochilmoqda
O'zbek
Izohingizni tahrirlang