Top.Mail.Ru
Nega rus tili olimpiadasida rus adabiyoti savollari ham berildi?

Nega rus tili olimpiadasida rus adabiyoti savollari ham berildi?

10:18 / 30.10.2026 776

Savol

O‘zbek tilida ta’lim beriladigan sinflarda rus tili ikkinchi til sifatida haftasiga 2 soat o‘qitiladi. Ushbu sinflarning o‘quv rejasida “Rus adabiyoti” fani umuman mavjud emas. 


Rus tilida ta’lim beriladigan maktablarda esa rus tili va rus adabiyoti fanlariga haftasiga jami 6–7 soat ajratiladi. Olimpiadani o‘tkazish tartibida ishtirokchilar ta’lim tili bo‘yicha alohida guruhlarga ajratilmagan. 


Natijada o‘zbek tilida ta’lim beriladigan sinf o‘quvchilariga ham rus tilida ta’lim beriladigan maktablar dasturi asosida tuzilgan yagona topshiriqlar berilmoqda.


Xususan, 2026-yil oktabr oyida o‘tkazilgan olimpiadaning tuman bosqichida berilgan 30 ta savoldan 15 tadan ortig‘i o‘quvchilar o‘zlari tahsil olayotgan maktablarda umuman o‘qimaydigan “Rus adabiyoti” faniga oid bo‘lgan. 


Bunday yondashuv turli ta’lim tillarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni teng bo‘lmagan sharoitga qo‘yishi, o‘zlashtirilgan o‘quv dasturi doirasida bilimlarni xolis baholash tamoyiliga zid bo‘lishi hamda o‘quvchilarning olimpiadada ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirishi mumkin.


O‘zbek tilida va boshqa rus tilidan tashqari tillarda ta’lim beriladigan sinflar uchun tasdiqlangan Davlat ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga mos kelmaydigan topshiriqlar asosida olimpiada o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni talablarini, xususan, ta’lim olishda teng imkoniyatlarni ta’minlash va o‘quvchilar bilimini xolis baholash tamoyillarini buzish hisoblanadimi?


Javob

Mazkur masala yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi bilan bog'landik. Fan olimpiadalari markazining ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Iqtidorli oʻquvchilar oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 562-son qaroriga muvofiq, asosiy olimpiada “Rus tili va adabiyoti” fani bo‘yicha o‘tkaziladi.


Shu sababli olimpiada savollarida rus adabiyotiga oid topshiriqlar ham bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, mazkur qarorning 5-bandiga ko‘ra, olimpiada savollari o‘quvchilarning nafaqat maktab dasturidagi bilimlarini, balki murakkab va nostandart topshiriqlarni bajarish qobiliyatini ham baholashga qaratilgan. 


Turli tillarda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun olimpiadani alohida tashkil etish bo‘yicha takliflarini Murojaat_FOM_bot orqali yakka tartibda yoki jamoaviy murojaat orqali yuborishingiz mumkin.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • olimpiada

Ulashish