Top.Mail.Ru
Pedagog xodim atamasiga qachon aniq ta’rif beriladi?

Pedagog xodim atamasiga qachon aniq ta’rif beriladi?

17:57 / 23.10.2024 864

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi katta tizim bo‘lishiga qaramay pedagog xodim atamasiga to‘liq ta’rif berilmagan. Ta’rif berilgan, aniqrog‘i normativ hujjatlarda berilgan ta’riflar ko‘pchilikni chalkashtiradi. Bu esa o‘z-o‘zidan pedagoglar zarariga ishlashi mumkin.


Pedagog xodim atamasiga dastlab, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ta’rif berilgan. Ushbu nizomga ko‘ra, pedagog xodimlar — xalq ta’limi tashkilotlarida ta’lim-tarbiya faoliyatini amalga oshiruvchi o‘qituvchi va tarbiyachilar ekanligi qayd etilgan.


Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunda esa pedagog xodim – ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs ekanligi aytilgan. Bu juda yaxshi ta’rif aslida.


Ammo Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ta’lim tashkilotlarida ishlovchi pedagog va rahbar xodimlar alohida-alohida toifa sifatida ko‘rsatilib, xalq ta’limi tashkilotlari va ularning tarkibiy bo‘linmalarida boshqaruv funksiyalari va vazifalarini bajaruvchi shaxslar hamda ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, xalq ta’limi tizimidagi hududiy boshqaruv organlari mutaxassislari rahbar xodim sifatida ko‘rsatilgan.


Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ham rahbar va pedagog kadrlar toifasi alohida ajratib ko‘rsatilgan. Unda rahbar kadrlar — umumta’lim maktabi direktori va uning o‘rinbosarlari, pedagog kadrlar — umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan barcha o‘qituvchilar ekanligi qayd etilgan.


Garchi, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 263-son qarorida pedagog xodimlar ro‘yxati berilgan bo‘lsa-da, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda pedagog va rahbar xodimlar ikkita toifaga ajratib qo‘yilgan.

Unda kim pedagog, kim rahbar xodim? Umuman maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ishlovchi boshqa kadrlar faoliyati ham pedagogik faoliyat bilan bog‘liqmi yoki yo‘q? Pedagog xodim atamasiga nima uchun normativ hujjatlarda turlicha ta’riflar berilaveradi? 

Bunday noaniq ta’riflar bartaraf qilinmasa, kelajakda pedagoglarga beriladigan imtiyozlar soni ko‘payganida muammolar yuzaga kelmaydimi?  

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qarori bilan ta’lim muassasalarida “Zakovat” klubi koordinatori vazifasini bajargan pedagoglarga direktor jamg‘armasi hisobidan bir oylik mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lab berish nazarda tutilgan.


Ammo “Zakovat” klubi koordinatori vazifasini o‘qituvchi emas balki, maktabdagi rahbar xodimlar bajarsa ularga ustama to‘lab berish berish muammo bo‘lib qoldi. Sababi PQ-96-son qarorda “pedagoglarga” jumlasi qo‘llanilgan. Rahbar xodimlar pedagog emasmi degan savol ochiq qolayotgani uchun hozirgi kunda ular bu imtiyozdan foydalana olmayapti.


Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PF-108-son Farmoniga muvofiq 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab byudjet tashkilotlarida ishlovchi maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori – 15 foizga oshirilishi belgilandi.


Ammo xalqtaliminfo.uz'ga ma’lumot bergan mas’ulning aytishiga qaraganda, yuqorida tilga olingan ta’lim muassasalari va tashkilotlarda ishlaydigan rahbar xodimlar, psixolog va kutubxonachilarning ham oylik maoshini 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab 15 foizga oshirilishi uchun ular pedagog xodimlar toifasiga kirish yoki kirmasligi bo‘yicha “moliyachilar” bilan anchagina tortishuvlar ham bo‘lib o‘tgan.

Undan tashqari 
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda pedagogika yo‘nalishlarida o‘qiyotgan shaxslar 3-kursdan boshlab o‘qishiga xalaqit bermagan holda pedagoglik ishini amalga oshirish uchun umumta’lim muassasalarida asosiy ish joyi sifatida ishga qabul qilinishi mumkinligi belgilangan. Lekin psixolog pedagog emas degan iddao bilan psixologiya yonalishining 3-kursida tahsil olayotgan talabalarga Tarbiya fanidan dars o‘tishga ruxsat berishmaydi.

Mehnat kodeksining 121-moddasida 
qarindoshlarning davlat tashkilotida birga xizmat qilishini cheklangan bolib, Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 3-ilovasi 6-bandida barcha o‘quv va tarbiya muassasalaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar bu qoidadan istisno etib belgilangan. 

Masalan, Vazirlar Mahkamasining 133-son qaroridagi istisnolarni qo‘llagan holda, maktab direktorining qizi talim muassasasida psixolog lavozimida ishlay oladimi? Pedagog xodimlar toifasiga aniqlik kirtitilmaganligi sababli, bunday masalalarda ham tushunmovchiliklar yuzaga kelib turadi.

Agar kelajakda pedagog xodimlarga nisbatan yana qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinadigan bo‘lsa, bunday masalalar yana kun tartibiga ko‘tariladi. “Moliyachilar” esa bu pedagog emas, bu esa pedagog degan “xulosalar”ni bera boshlaydi.


Aslida, Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlashi kerak. Ammo haligacha vazirliklar bu ro‘yxatni tasdiqlagani yo‘q.

O‘zi nima uchun biz pedagog xodim atamasiga aniqlik kiritish uchun ko‘plab hujjatlarni varaqlab chiqishimiz kerak? Barcha hujjatlarni muvofiqlashtirishning nahotki imkoni yo‘q?

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, normativ hujjatlarda keltirilgan ta’riflarning noaniqligi pedagog va rahbar xodimlar o‘rtasidagi farqni aniqlashni qiyinlashtirmoqda. Shu sababli, pedagog xodimlar atamasiga aniq ta’rif berish, boshqa normativ hujjatlarni Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi Qonunga muvofiqlashtirish hamda pedagogik faoliyat va u bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatini tezroq tasdiqlash zarur.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Pedagog maqomi

Ulashish