Har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmayapti
Bir o‘quvchining ikkinchisiga tan jarohati yetkazishi, haqoratli so‘zlar ishlatishi va boshqa bezoriliklar bo‘lgani sabab yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bulling turlari orasida tovlamachilik o‘quvchilarning akademik natijalariga ta’sir qilishini ma’lum qildi. Bu o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy fanlardan oladigan baholar pasayishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda.
Ma’lumki, 2022-yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli xalqaro o‘quvchilarning bilimini baholash bo‘yicha dastur – PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etib, 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida esa 80-o‘rinni egallagandi. Unda 202 ta maktabdan 7 293 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.
Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi — PISA ta’lim natijalarini har tomonlama ko‘rib chiqishni ta’minlaydi va mavjud omillarni obyektiv baholash imkonini berdi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan PISA 2022 so‘rovnomasi natijalaridan foydalangan holda o‘tkazilgan mazkur tadqiqot O‘zbekistonda o‘quvchilarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan asosiy omillar, xususan, maktablardagi muhit - bulling, xavfsizlik va tartib-intizomni tahlil qilishga qaratildi.
Maktab boshqaruv xodimlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, sababsiz dars qoldirish (26 foiz), spirtli ichimliklar yoki taqiqlangan dori vositalarini iste’mol qolish (26 foiz) hamda o‘qituvchilarning darsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmasligi (25 foiz) maktabda o‘quvchilarning ta’lim olishiga jiddiy salbiy ta’sir qiladi.
Shuningdek, maktab muhitiga aloqador boshqa omillar, masalan, o‘quvchilarning boshqa o‘quvchilarni qo‘rqitishi yoki zo‘ravonlik qilishi (20 foiz) hamda o‘qituvchilarning o‘quvchilarga nisbatan juda qattiqqo‘l bo‘lishi (8 foiz) ham ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligi aniqlangan.
Maktabda o‘zini xavfsiz his qilish
Maktabdagi muammolardan yana urishqoqlik (31 foiz), bir o‘quvchining ikkinchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazishi (21 foiz), haqoratli so‘zlar ishlatishi (21 foiz) va bezorilikka aloqador boshqa illatlar ham borligi aniqlangan. O‘quvchilar ko‘proq o‘zlarini maktab hududida xavfsiz his etmasligini aytib o‘tgan.
Masalan:
- yo‘lak, oshxona, hojatxonada – 20 foiz (IHTTda o‘rtachasi – 10,1 foiz, PISA o‘rtachasi – 12,5 foiz, Qozog‘iston – 14,2 foiz);
- maktabdan uyga qaytish yo‘lida – 15 foiz (IHTTda o‘rtachasi – 8,5 foiz, PISA o‘rtachasi – 10,2 foiz, Qozog‘iston – 13,5 foiz);
- maktabga borish yo‘lida – 14 foiz (IHTT o‘rtachasi – 8,2 foiz, PISA o‘rtachasi –10,1 foiz, Qozog‘iston – 15,6 foiz);
- maktab sinf xonasida – 14 foiz (IHTT o‘rtachasi – 6,9 foiz, PISA o‘rtachasi – 8,1 foiz, Qozog‘iston – 12,3 foiz).
Mazkur raqamlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), PISA hamda Qozog‘istonning ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori. Ta’kidlanishicha, har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki bezorilik guvohi bo‘ladi.
So‘rovnoma o‘quvchilar o‘rtasida qo‘rqitishlar (19 foiz), maktab hududidagi to‘polonda jarohatlanishlar (16 foiz), maktab buyumlariga zarar yetkazish (14 foiz), maktabda bezorilar to‘dasining mavjudligi (9 foiz), o‘quvchining sovuq qurol bilan qurollanganligi (6 foiz) kabi zo‘ravonlik va bezorilik holatlari kuzatilganini ko‘rsatgan.
Bolalar shuningdek, o‘quvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21 foiz), boshqa o‘quvchilar bilan maktab hududida urishishi (17 foiz) va boshqa bolalar tomonidan ma’lum bir turdagi diskriminatsiyaga uchrashi (16 foiz) kabi holatlarga yilida kamida bir marotaba duch kelgan.
Tahlilda bir oyda bir necha marotaba bullingga duch keladigan o‘quvchilar:
1. Jinslar kesimida o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan bullingga 3,7 foiz ko‘proq uchrashi aniqlangan.
- O‘g‘il bolalar – 19,1 foiz;
- Qizlar – 15,4 foiz.
2. Muhojir oila farzandlari esa muhojir bo‘lmagan oila farzandlariga qaraganda bullingga 13,6 foiz ko‘proq uchrashi ma’lum bo‘lgan.
- Muhojir oila farzandi – 30,6 foiz;
- Muhojir bo‘lmagan oila farzandi – 17,1 foiz.
3. Maktabning joylashuvi bo‘yicha shahardagi o‘quvchilar, qishloqdagi o‘quvchilarga nisbatan bullingga 3,8 foiz ko‘proq uchrashi aniqlangan.
- Shahar hududidagilar – 19,4 foiz;
- Qishloq hududidagilar – 15,6 foiz.
Tovlamachilik o‘quvchilarning akademik natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi – MHTI
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti PISA so‘rovnomalaridan kelib chiqib, ba’zi o‘rganishlarini ma’lum qildi. Institutning repest modeli yordamida qilingan tadqiqot natijasiga ko‘ra, maktabda o‘quvchilar orasida yuzaga keladigan bulling holatlari ularning akademik baholariga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Institut buni turli keyslar kesimida ko‘rsatkichlari bilan bo‘lishgan.
Tadqiqot O‘zbekistonda maktab muhitidagi omillar, xususan, bulling va xavfsizlik o‘quvchilarning ta’lim olishdagi natijalariga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatgan. Institutga ko‘ra, xavfsizlik darajasining pastligi va bulling o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy fanlardan natijalarini yomonlashtiradi. Ayniqsa, tovlamachilik va jismoniy tajovuz eng katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shundan kelib chiqib, natijalar ta’lim sifatini oshirish uchun maktablarda xavfsiz muhitni yaratish zarurligini ko‘rsatgan.
1-taklif: Finlandiya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistondagi maktablarda bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish.
KiVa dasturi Finlandiyada Turku universiteti tomonidan bullingga qarshi ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan tashabbus bo‘lib, Finlandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Uning samaradorligi keng ko‘lamdagi tadqiqotlar va tasodifiy nazorat qilinadigan sinovlar orqali ilmiy jihatdan tasdiqlangan.
2-taklif: Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini O‘zbekiston uchun joriy etish.
No Trap! (Noncadiamointrappola!) dasturi Italiyada o‘rta va yuqori maktab o‘quvchilari o‘rtasida bulling va kiberbullingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbusdir. 2008-yilda ishlab chiqilgan ushbu dastur tengdoshlar tomonidan boshqariladigan yondashuvni qo‘llab, maktabda ijobiy muhit yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14-noyabrida O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Qonunning 3-moddasida quyidagilar e’tirof etilgan:
“Jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling) bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shaklidir. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi hamda qonun bilan ta’qib qilinadi.”
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS tadqiqotida ham past natija ko‘rsatdimi?
Toshkentdagi ikkita maktabda virusli gepatit aniqlandi
O‘qituvchining darslarini videokamerada kuzatib, reyting bo‘yicha oylik berish kerakligi aytildi
Toshkent shahar MMTB bir maktabda 54 ta jinoyat sodir etilgani haqidagi xabarni asossiz deya bayonot berdi
Mavzuga doir yangiliklar
Endi o‘quvchiga qo‘l ko‘targan pedagoglar maktabda ishlolmasligi mumkin
Bu haqda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi
8-sinf qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi qo‘lga olindi
Ular orasida tuman prokuraturasining ish yurituvchisi ham bor
Suhbat
Pedagoglar tomonidan o‘quvchilar kaltaklanayotgani aks etgan videotasvirlar tez-tez ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Bolalarga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi 4 yilga qamaldi
U jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilandi.
Izohingizni tahrirlang